Markaziy kengash: bosh harf bilanmi yoki kichik?
Katta-katta nashrlar, tashkilotlar, partiyalar markaziy kengash, ijroiya qoʻmitasi kabi birikmalarni yozishda xatoga yoʻl qoʻyadi. Xuddi oliy darajadagi tashkilot nomida boʻlgani kabi bu soʻzlarning har birini bosh harf bilan yozish keng tarqalgan. Bu xato hatto lugʻatlarga ham kirib borgan.
☑️ Oʻzi qanaqa yozilishi kerak?
Imlo qoidalariga koʻra, vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar nomi tarkibidagi birinchi soʻz bosh harf bilan boshlanadi. Eʼtibor bering: birinchi soʻz. Qolgan soʻzlar kichik harfda boʻladi. Markaziy kengash, ijroiya qoʻmitasi soʻzlari tashkilot nomidagi birinchi soʻz emas. Kengash biror korxona, muassasa, jamiyatning farmoyish yoki maslahat beruvchi organidir. Xuddi boʻlimlar kichik harfda yozilgani kabi tashkilot ichidagi kengash va qoʻmitalar ham kichik harfda yozilishi kerak.
Menimcha, bu soʻzlarni bosh harfda yozish rus tili taʼsirida paydo boʻlgan. Biroq rus tilida ham kichik harfda yozish toʻgʻri aslida.
📌 Demak:
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi ✅
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi ❌
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi ❌
OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi ✅
OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya Qoʻmitasi ❌
OʻzLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qoʻmitasi ❌
🔄 Mavzuga aloqador:
Boʻlim va boshqarmalar nomi bosh harf bilan yoziladimi yoki kichik?
Idora va tashkilotlar nomini yozishdagi xatolar
Atab qoʻyilgan nomlar qoʻshtirnoqqa olinadi
Tarixiy yodgorliklar nomi qanday yoziladi?
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.