Men nima deyman-u, qoʻbizim nima deydi?!
Men sevadigan maqollardan biri. Baʼzi maqollar vaziyatni oʻta aniq, badiiy boʻyoqlarda ifodalaydi. Bu maqol ana shundaylardan.
Milliy ensiklopediyaga koʻra, qoʻbiz – torli cholgʻu. Oʻrta asr manbalarida, jumladan, Mahmud Qoshgʻariy, Navoiy, Bobur, Darvishali Changiy va boshqalarning asarlarida qoʻbiz turkiy xalqlarning eng sevimli torli-tirnama musiqa cholgʻusi sifatida taʼriflangan. Hozirgi doʻmbiraga yaqin shakldagi qoʻbiz qirgʻizlarda qoʻmuz, xakaslarda xomis nomi bilan saqlangan. Oʻzbek, qozoq, qoraqalpoqlarda qoʻbiz torli-kamonli cholgʻu sifatida mashhur.
“Hikmatnoma” kitobida yozilishicha, ushbu maqol toʻgʻri maʼnoda qoʻbizning kuyi qoʻshiqning kuyiga yaxshi joʻr boʻla olmaganini ifoda etadi. Majozan esa bir odam bir odamga dard-hasratini aytsa, undan maslahat yo madad soʻrasa, u odam unga yordam bergisi kelmay, oʻzini goʻllikka solib, goʻyo uning aslida nima demoqchi boʻlayotganini fahmlamagan boʻlib, gapni boshqa yoqqa burishi, fikrini chalgʻitishini ifoda etadi.
Hayotda bilib yo bilmay talmovsiraydigan, siz bogʻdan kelsangiz, togʻdan keladigan odamlar uchraydi. Ularning xatti-harakati ana shu maqolda mujassam. Birov fikringni anglamagan va shu holida oʻzicha javob bergan yoki sharhlagan paytda ham ayni shu maqolni ishlatish juda oʻrinli boʻladi.