“Million”ning oʻzbekchasi nima?

“Million”ning oʻzbekchasi nima?

Qadimgi turkiy tilda sonlar sof turkiycha boʻlgan. Keyinchalik juda katta sonlarni, jumladan, million va milliardni bildiruvchi soʻzlar boshqa tillardan kirib kelgan. Lekin bundan ming yil oldin ham turkiy tilda millionni ifodalash mumkin boʻlgan.

Eski oʻzbek tilida tuman soʻzi oʻn mingni bildirgan. “Devonu lugʻatit turk”da tuman ming soʻzi ming-ming, ming tuman, ming MARTA ming, bir million deb izohlangan. Tuman ming yarmaq soʻzi esa bir million tanga deb sharhlangan. Demak, IX-X va undan oldingi asrlarda ham turkiylar million darajasida hisob-kitob qila olgan.

Bobur Hindistonning moddiy boyliklari koʻpligini, katta miqdorni anglatuvchi sonlari borligi ham shundan dalolat ekanini taʼkidlaydi: “Yana hind eli adadni ham xoʻb tayin qilibturlar: yuz mingni lak derlar, yuz lakni kurur derlar. Yuz kururni arb derlar. Yuz arbni karb, yuz karbni nil, yuz nilni padam, yuz padamni song. Bu adadlarning tayini Hinduston molining koʻplugining dalilidur”.

Lakdan naridagilarini hisoblash uchun kalkulyator axtarib qolasiz 😄. Yuz lak, yaʼni kurur bugungi ifodada oʻn million boʻlar ekan.

“Boburnoma”dagi maʼlumotga asoslanilsa, lak soʻzi bizga hind tilidan kirgan. Lakdan katta sonlar eski oʻzbek tiliga oʻtmagan. Balki, ehtiyoj boʻlmagandir.

Lak soʻzi Boburdan oldin yashagan adiblar ijodida ham uchraydi. Alisher Navoiy bir millionni oʻn lak soʻzi bilan ifoda etgan. Badiiy adabiyotda uchraydigan lak-lak soʻzi millionlab, milliardlab maʼnosini beradi. Agar uni yuz mingta yuz ming deb tushunilsa, oʻn milliardga toʻgʻri keladi.

Lak yuz ming boʻlgani sababli ikki yuz ming, besh yuz ming kabi sonlar ikki lak, besh lak sifatida berilgan. Yuz ming baʼzida oʻn tuman ham deyilgan. Oʻn tuman – bir lak. Alixoʻja – Xoʻjaali uslubida. Demak, qadimgi tilimizda katta sonlarni ifodalash birmuncha oson va imkonliroq boʻlgan.

 

📌 Demak,

Oʻn milliard – lak-lak

Bir million – tuman ming yoki oʻn lak

Yuz ming – bir lak yoki oʻn tuman

Oʻn ming – tuman

 

Turkiy tilda katta sonlarni ifodalagan yana boshqa soʻzlarni bilsangiz, izohlarda qoldiring.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube