Minnatdorchilikmi yo minnatdorlik?

Kitoblar, gazeta-jurnallar, saytlarda turlicha yoziladigan, mutaxassislar orasida bahs-munozaraga sabab boʻladigan soʻzlar juftligining yana biri: minnatdorchilik va minnatdorlik.
🟢 Xoʻsh, qay biri toʻgʻri?
-chilik qoʻshimchasi faqat ish-faoliyat, sohaga oid soʻz yasaydi deb oʻylash xato. Bu qoʻshimcha asosdan anglashilgan narsa-hodisa, belgiga xos holatni bildiruvchi ot ham yasaydi: maʼmurchilik, toʻkinchilik, arzonchilik, pishiqchilik, qurgʻoqchilik, qiyinchilik.
Tilshunos Azim Hojiyev -lik va -chilik qoʻshimchalaridagi maʼno farqlarini quyidagicha koʻrsatadi:
Masalan, mehribonlik – mehribon sifatidan yasalgan belgi oti, yaʼni mehribonga xos his-tuygʻu, mehribonchilik esa shunday his-tuygʻuning ifodasi boʻlgan holat, shunday his-tuygʻuli munosabat maʼnosini bildiradi.
Xuddi shu asosga tayansak, minnatdorlik – his-tuygʻu, minnatdorchilik esa shu his-tuygʻu bilan bildirilgan munosabat deb tushunish mumkin.
❗️ Qiyoslang:
Uning koʻnglida minnatdorlik hislari joʻsh urdi.
Toʻgʻrisi, bunday minnatdorchilikni kutmagan edim.
Demak, minnatdorlik shaklini ham, minnatdorchilik shaklini ham qoʻllayverish kerak. Koʻp hollarda ularni bir-birining oʻrnida ishlatsa boʻladi.
@oriftolib

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.