№ belgisi haqida

№ belgisi haqida

Ushbu belgi bizga rus tipografikasidan kirib kelgan. Tartib raqamini ifodalaydi.

Biror hujjatni oʻsha hujjatning oʻzida raqamlashda yoki matndan tashqarida, masalan, gazeta sonini koʻrsatishda qoʻllash oʻzbekcha uchun mantiqan toʻgʻri: № 3. Belgidan keyin boʻsh joy tashlash kerak.

 

❗️ Matn ichida bu belgini qoʻllashni ortiqcha deb hisoblayman:

№ 16-maktab

 

Sababi:

1️⃣ Chiziqcha bilan -inchi maʼnosi anglashilyapti, u tartibni bildiradi. Demak, tartibni, raqamlashni bildiruvchi belgini yana bir bor qoʻllashga zarurat yoʻq.

2️⃣ Bu belgi rus tilida nomer soʻzi oʻrnida ishlatiladi va jumlani qisqartirishga xizmat qiladi, oʻzbek tilida unday emas.

3️⃣ Raqamli yoki sonli soʻzi oʻzbekchada sondan keyin keladi, rus yoki ingliz tilida sondan oldin: nomer
2,
number 2, 2-sonli. Shkola №2, school number 2, 2-sonli maktab – 2-maktab.

 

Ushbu belgi oldin ingliz tilida ham ishlatilgan. Lekin hozir No. qisqartmasi qoʻllanadi. Qisqartmadan keyingi nuqta qoʻyilmasligi ham mumkin. AQSHda tartib raqamini ifodalash uchun panjara belgisi – # ishlatish urf boʻlgan. Nemislar Nr. shaklidan foydalanadi. Fransuz, ispan, italyan va portugal imlolarida boshqacha belgi va qisqartmalar ishlatiladi.

№ belgisi asosan texnik xarakterdagi matnlarda uchraydi.

 

📌 Demak:

 

14-maktab, 34-uy, viloyat hokimining 52-Q/22-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasining 355-sonli qarori

 

№14-maktab, №34-uy, viloyat hokimining №52-Q/22-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasining №355-sonli qarori ❌

 

Koʻpincha sonli soʻzini ishlatmasa ham boʻladi. Loʻnda ifodalaganga nima yetsin:

Viloyat hokimining 52-Q/22-qarori, Vazirlar Mahkamasining 355-qarori ✅

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.