Obdan va obdon

Obdan va obdon

Obdan soʻzi uch xil maʼnoda ishlatiladi:

 

1️⃣ Rosa; xoʻp.

 

Ovqatni xoʻp chaynagan yaxshi, gapni obdan oʻylagan yaxshi.

Maqol.

 

2️⃣ Juda, juda ham.

 

Shaharda bir mahallada boʻlganimiz uchun obdan yaxshi bilaman.

Oybek, “Tanlangan asarlar”.

 

3️⃣ Batamom, butunlay; mukammal suratda.

 

Stol turli noz-neʼmatlar bilan obdan yasatilgan.

M. Jabborov, Sevinch yoshlari.

 

Bu soʻz koʻpincha obdon shaklida xato ishlatiladi. Obdon soʻzi izohli lugʻatga kiritilmagan. Imlo lugʻatida esa bor – irrigatsiyaga oid atama ekani koʻrsatilgan. U forcha ob soʻzi va -don qoʻshimchasidan yasalgan. Suvidish maʼnosini anglatadi. Lekin jonli tilda suv saqlanadigan idishlarga nisbatan obdon soʻzi qoʻllanmaydi. Bu soʻz maʼlum soha doirasidagina ishlatiladigan atamadir.

 

📌 Demak:

 

Obdan oʻyladi, obdan tayyorlandi, obdan bezatdi ✅

Obdon oʻyladi, obdon tayyorlandi, obdon bezatdi ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.