Oʻrnini bilmagan raqam

Oʻrnini bilmagan raqam

100 dona iPhone 15 50 000 soʻmdan oshiq xaridlar uchun Mastercard kartasi bilan toʻlang va yutuqli oʻyinda qatnashing.

Boshida buning nimasi xato ekan deb oʻyladim. 15 50 000 soʻmdan oshiq xaridlar haqida gap ketyapti ekan. Jumlani ozroq tahrirlasa yoki gap boshidagi 100 dona iPhone degan joyini qisqartirsa, muammo yoʻq-ku degan xayolga bordim. Lekin ruscha variantga qarab oʻzbekchada qovun tushirilganini angladim.

Gap 15 50 000 soʻmdan oshiq xaridlar haqida emas ekan. Koʻz bu raqamni oʻzicha toʻgʻrilab, 15 500 000 deb oʻqib ketaveradi. Aslida gap 50 000 soʻmdan oshiq miqdordagi oldi-sotdi haqida. iPhone telefonining rusumini bildiruvchi 15 va xarid miqdorini anglatuvchi 50 000 raqamlari ketma-ket kelib qolgan. Natijada oʻquvchini chalkashtirib, adashtirib yuboradigan jumla hosil boʻlgan. Menimcha, bu – dizayndagi xato. 100 dona iPhone 15 soʻzi sarlavhaga olib chiqilgan, lekin pastda ham qolib ketgan.

🟢 Aslida qanday boʻlishi kerak edi:

50 000 soʻmdan oshiq xaridlar uchun Mastercard kartasi bilan toʻlang va yutuqli oʻyinda qatnashing.

Jumlada 100 dona iPhone 15 iborasini qaytarishning hojati yoʻq. Chunki sarlavhada turibdi. Ruscha variantda ham bu ibora yoʻq. Lekin bu iboraga yana urgʻu berish juda-juda istalsa, jumlani mana bunday tahrirlash kerak:

50 000 soʻmdan oshiq xaridlar uchun Mastercard kartasi bilan toʻlang va yutuqli oʻyinda qatnashib, 100 dona iPhone 15 yutib oling.

Darvoqe, men 50 000 soʻmdan oshiq xaridlar demagan boʻlardim. 50 000 soʻmdan boshlanadigan xaridlar yoki 50 000 soʻmlik va undan oshiq xaridlar mosroq. Chunki ruschasidan shunaqa maʼno chiqyapti. Har holda, ruschasidagi mazmun toʻgʻri boʻlsa kerak.

📌  Demak:

50 000 soʻmlik va undan oshiq xaridlar uchun Mastercard kartasi bilan toʻlang va yutuqli oʻyinda qatnashing.

 

👉 Makrochilardan tanish boʻlsa, yuborib qoʻying. Ancha pul sarflanadigan reklama samarasiz boʻlib qolmasin.

 

  • Rasm obunachilardan.

 

Telegram | YouTube

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube