Oyshami yoki Oisha?

Oyshami yoki Oisha?

Bu ism turli shakllarda yozilyapti: Oysha, Oisha, Aisha. Xoʻsh, qay biri toʻgʻri?

Ism imlosi boʻyicha aniq qoida yoʻq. Ammo odatlanilgan imlo bor. Odatlanilgan imlo nima? Bunda soʻzni maʼlum bir shaklda yozish urfga kirgan boʻladi. Yuqorida sanalgan variantlar ichida eng koʻp ommalashgani, odatlanilgani – Oysha. Izohli lugʻatdagi misollarda ham aynan shu variant ishlatilgan. Oisha yoki Aisha uchramaydi.

Oysha arab tilida tirik, barhayot, saodatda yashovchi, baxtli yashovchi kabi maʼnolarni anglatadi.

Oysha ismi Oysha onamiz roziyallohu anho nomi sababli xalqimiz orasida keng tarqalgan. Yirik diniy-maʼrifiy nashr – “Hidoyat” jurnali ham bu ismni aynan Oysha shaklida yozadi.

Menimcha, Oysha varianti oʻzbekchada oy soʻzi qatnashgan ayollar ismlari va talaffuz taʼsirida ommalashgan.

Xoʻsh, Oisha varianti xatomi? Xato emas. Lekin kamroq tarqalgan. Aisha varianti esa xato. Uni aynan shu shaklda ism qoʻyilgan boʻlsa yoki u boshqa millat vakilasining nomi boʻlsagina, ishlatish mumkin.

Arab tilidan oʻzlashgan soʻzlarning imlosida turfaxillik koʻp uchraydi. Masalan, Oysha ismidagi kabi oi tovushlari qatnashgan oila, doim, doir, oid soʻzlarini olaylik. Bunday soʻzlarda oi varianti tanlangan. Moyil, qoyil, qoyim, loyiq kabi soʻzlarda esa bir y orttirilgan. Vaholanki, sanalgan soʻzlar tarkibidagi oi tovushlari arab imlosida bir xil – alif va yo harflari bilan ifodalanadi. Demak, bu borada lugʻatlarga, qatʼiylashgan odatga amal qilinadi. Eng toʻgʻri yoʻl – shu.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube