Oʻzbek tili boʻyicha tadqiqot mavzulari

Oʻzbek tili boʻyicha tadqiqot mavzulari

Obunachilardan biri bugungi kundagi eng dolzarb, ishlanishi kerak boʻlgan lingvistik masalalar, lingvistika yoʻnalishidagi magistrlar uchun dolzarb mavzular roʻyxatini berishni soʻragan edi. Toʻgʻrisi, oʻzim ilmiy ish qilmaganim uchun bu haqda yoʻl-yoʻriq koʻrsata olmayman. Bu masalani mutaxassislari yaxshiroq biladi.

Lekin oʻzbek tili boʻyicha oʻzim uchun qiziq mavzularni aytishim mumkin. Shu yoʻnalishda yaxshi ilmiy ishlar boʻlsa, jon deb oʻqib chiqqan, tanishgan boʻlardim:

  1. Oʻzbek tilining toʻla-toʻkis davlat tiliga aylanishi: muammolar va yechimlar.
  2. Imlo muammolari: umumiy savodxonlik darajasining pastligi, imlo boʻyicha qoidalarning notugalligi, xilma-xillik va chalkashliklar, ularning paydo boʻlish sabablari va yechimlar.
  3. Meʼyoriy hujjatlar, jumladan,
    qonunlar matnlarining lingvistik tahlili. Kamchilik va yechimlar.
  4. Atamashunoslik masalalari. Fanlar, sohalarga oid atamalar tahlili. Oʻzbekchalashtirish va chet soʻzlarni oʻzlashtirish, yangi paydo boʻlgan va tilimizga kirib kelayotgan tushuncha va atamalarga nom qoʻyish masalasi.
  5. Toponimika. Joylarga ot qoʻyish va joy nomlarini oʻzgartirish holatlari tahlili. Bir xil joy nomlarining bolalab ketgani, baʼzida asl oʻzbekcha nomlar oʻzgartirilayotgani, bu jarayonda soha mutaxassislarning ishtiroki qay darajada ekaniga eʼtibor qaratish kerak. Tabiiyki, koʻtarilgan muammolarga yechimlar ham taklif etilishi zarur.
  6. Badiiy matnlar tilidagi oʻzgarishlar. Masalan, XX asrning 50-yillaridan 90-yillargacha yaratilgan badiiy asarlar tilining oʻziga xosligi va mustaqillik davri adabiy asarlarining tili chogʻishtiriladi. Tilda, ifodada nimalar oʻzgardi? Qaysi davr yozuvchi-shoirlarining tili boyroq, oʻzbekcharoq, xalqchilroq? Baʼzi soʻz va iboralarning isteʼmoldan chiqishiga nimalar sabab boʻldi?
  7. Badiiy va publitsistik matnlarda shevaga xos soʻzlardan foydalanish. Yutuq va kamchiliklar. Shevaga xos soʻzlarni umumfoydalanishga olib kirgan, adabiy tilga singdira olgan ijodkorlar. Bunday soʻzlardan misollar. Oxirgi oʻttiz yil davomida shevashunoslik boʻyicha qilingan ilmiy ishlarning tahlili.

 

Hozircha shular.

Mabodo bu borada taklifingiz boʻlsa, izohlarda qoldirishingiz mumkin.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube