Oʻzlashma soʻzlar: influenser
Shu soʻzga sizning ham koʻzingiz tushgandir-a? Asli inglizcha, influence – taʼsir soʻzidan yasalgan, soʻzma-soʻz taʼsir qiluvchi degan maʼnoga ega. Atama sifatida esa fikri koʻpchilik uchun muhim boʻlgan, koʻpchilikning qarashlariga taʼsir qila oladigan kishini anglatadi. Influenser odatda oʻz sohasining yetakchi mutaxassisi, mashhur shaxs boʻladi. Ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriyaga, ixlosmandlariga ega blogerlar ham shu toifaga mansub.
Xoʻsh, bu soʻzni qanday oʻzbekchalashtirgan maʼqul? Obunachilardan biri taʼsirchi, taʼsirdor, taʼsirkor variantlarini berdi. Men chechan degan soʻzni taklif etaman. Sof oʻzbekcha soʻz: chaqqon, uddaburon, usta, mohir kabi maʼnolarga ega. Jonli tilda koʻproq gapdon, soʻzga usta maʼnosida qoʻllanadi. Agar tilga singdira olsak, oʻta qiyin influenser soʻzini aytish uchun til qavartirib oʻtirmaymiz. Biroq boshqa bir jihat ham bor: oʻz soʻzimiz oʻzimizda kulgi, istehzo uygʻotadigan boʻlib qolgan.
👉 Siz bu soʻzga qanaqa muqobil taklif etasiz? Izohlarda qoldiring.