Qay biri toʻgʻri: murabbiyi yoki murabbiysi?

Shu savol tez-tez soʻraladi. Kecha telegramdagi guruhimizda ham shu mavzu koʻtarilib qoldi.

Imlo qoidalariga koʻra, dohiy kabi y undoshi bilan tugagan soʻzga III shaxsda -si qoʻshiladi: dohiysi. Lekin bu qoida chala. Chunki y bilan tugagan har qanday soʻzga III shaxs egalik qoʻshimchasi -si shaklida qoʻshilmaydi. Masalan: chiroy – chiroyi, kuy – kuyi, boʻy – boʻyi. Bu qoida faqat -iy tovushlar birikmasi bilan tugagan soʻzlar uchun amal qiladi. Yaʼni y tovushidan oldin i tovushi ham boʻlishi kerak:

Vodiy – vodiysi, homiy – homiysi, murabbiy – murabbiysi.

 

-iy bilan tugagan, lekin bir boʻgʻindan iborat soʻzlarda bu qoida ishlamaydi:

Biy – ovulning biyi, qiy – qoʻyning qiyi.

 

Koʻpchilik kirilchadagi xilmaxillikka asoslanib Fargʻona vodiyi shaklida ham, Fargʻona vodiysi shaklida ham yozadi. Ammo lotin imlosida tayansa boʻladigan qoida bor: vodiysi deb yozish kerak. Mantiqan ham shunisi afzal.

Imlo qoidalari qachondir mukammallashtirilsa, bu qoidani ham tuzatib-toʻldirib qoʻyish kerak.

 

📌 Demak:

Vodiysi, homiysi, murabbiysi, geniysi ✅

Vodiyi, homiyi, murabbiyi, geniyi ❌

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.