Rassomchilikmi yo rassomlik?

Rassomchilikmi yo rassomlik?

Muharrirlar-u yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar, xullas, soʻz bilan ishlaydigan odamlar orasida tarqalgan bir qarash bor: rassomchilik emas, rassomlik boʻlishi kerak. Rassomlik variantini yoqlaydiganlar bu soʻz mazmunida -chi qoʻshimchasining maʼnosi oʻzi shundoq ham bor, rassomchi demaymiz-ku, demak -chi ortiqcha degan qarashni ilgari suradi.

Ammo, lekin, biroq…

Oʻzbek tilida -chi va -lik qoʻshimchalari ham, yaxlit -chilik qoʻshimchasi ham bor.

Tilshunos Azim Hojiyev “Oʻzbek tilida soʻz yasalishi tizimi” kitobida -lik va -chilik qoʻshimchalarini yaxshi farqlab bergan.

🟢 -lik kasb egasiga xos ish, mashgʻulot maʼnosini bildiruvchi ot yasaydi: tabiblik, aktyorlik, sartaroshlik, oʻqituvchilik, mudirlik. Xuddi shu maʼnoda -chilik qoʻshimchasini qoʻllash ham uchraydi: novvoychilik, mardikorchilik. Bunday oʻrinlarda -lik qoʻshimchasini qoʻllagan afzal.

Baʼzan -chi va -lik birikib keladi, lekin ular alohida qoʻshimcha boʻlib qolaveradi: oʻqituv + chi + lik. Bu yerda -chilik qoʻshimchasi yoʻq, -chi va -lik qoʻshimchalari bor.

🟢 -chilik ish, faoliyat, xatti-harakatni bildiruvchi ot yasaydi: ulfatchilik, mehmondorchilik, qudachilik, qarindoshchilik, sherikchilik.

Sohani bildiruvchi ot yasaydi: dehqonchilik, bogʻdorchilik, baliqchilik, ipakchilik, parrandachilik, sabzavotchilik.

❗️ Qiyoslang:

Paxtakorlik, gʻallakorlik, dehqonlik, kosiblik, oʻqituvchilik – kasb oti.

Paxtachilik, gʻallachilik, dehqonchilik, kosibchilik, pedagogika – soha oti.

 

Demak, rassomlik deganda kasb oti, rassomchilik deganda soha tushuniladi. Institut nomida ham rassomchilik soʻzini qoʻllagan maʼqul, chunki bunda kasb oti emas, soha tushunilishi toʻgʻriroq boʻladi: Milliy rassomchilik va dizayn instituti.

Bu xuddi oʻqituvchilik universitetidan koʻra pedagogika universiteti deyish afzal ekaniga oʻxshaydi.

 

@oriftolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.