“Sansalor” va uning maʼnolari

“Sansalor” va uning maʼnolari

Sansalor soʻzi oʻzbekchada mustaqil ishlatilmaydi. Feʼllar bilan birga qoʻllanadi.

 

Sansalor boʻlmoq iborasi biror ish, yumush bajarilmay arosatda qolishni anglatadi:

 

Yasli-bogʻcha uchun yetarli miqdorda mebel keltirilishi kerak edi. Ammo bu ish sansalor boʻlib qolgan.

Gazetadan.

 

Sansalor qilmoq esa biror ishni, yumushni bajarishdan oʻzini chetga olmoq, bir-biriga solib ishni choʻzmoq, men qilmayman, sen qil, deb orqaga sudrash maʼnosiga ega.

 

Sansalorlik soʻzi biror ish, yumushni bajarishdan oʻzini tortish; bir-biriga solib, muammoni oʻz vaqtida hal qilmaslik; paysalga solib choʻzishdir:

 

Rasuljon bularning hammasini koʻrdi, oʻrgandi, ayniqsa, obodonchilik sohasidagi oʻrnashib olgan sansalorlikdek yaramas illatni fahmladi.

J. Abdullaxonov, “Xonadon”.

 

Sansalorchi esa biror ishni, yumushni bajarishdan oʻzini tortuvchi, boshqalarga tashlab qoʻyuvchi; ishyoqmas, loqayd kishidir:

 

Sansalorchi peshonasini qashlab, oʻylanibroq turarkan…

Gazetadan.

 

Sansalorchilik sansalorlikka yoʻl qoʻyish; ishni paysalga solib, boshqalarga tashlab kechiktirishdir:

 

Sansalorchilik bor yerda rivojlanish boʻlmaydi.

 

📌  Demak:

Sansalorlik, sansalor qilmoq, sansalor boʻlmoq, sansalorchilik ✅

Sansolorlik, sansolor qilmoq, sansolor boʻlmoq, sansolorchilik, sansolarlik, sansolar qilmoq, sansolar boʻlmoq, sansolarchilik ❌

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube