Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Hadis va Hayot” turkumi 21-juzi
Toshkent, “Hilol-nashr” nashriyoti, 2016 yil. 432 bet. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita xulosasi asosida chop etilgan. Kitobni 2017-yil 28-dekabr kuni sotib olgan ekanman. 2020-yil 10-17-aprel kunlari oʻqib chiqdim.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qalamiga mansub “Hadis va Hayot” turkumining 21-juzi “Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo” deb nomlangan.
“Hadis va Hayot” turkumi turli mavzulardagi hadislar sharhidan iborat. Ushbu jildda musulmon olamining ikki buyuk shaxsi toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. Ular haqidagi hadislar sharhlanadi, tarixiy fakt va maʼlumotlar beriladi. Kitob ishonchli manbalar, rivoyatlarga asoslangan.
Odatda biror badiiy asarni oʻqisangiz, muallifning tasvir mahorati, ifodaga ustaligi, tuygʻularni yorqin ranglarda aks ettira olishi sizda his-hayajon uygʻotadi, qalbingizni junbushga keltiradi. “Hadis va hayot” turkumi esa ilmiy tilda yozilgan. Ammo ushbu juzda bayon qilingan nodir voqealar, rivoyatlar, maʼlumotlarni oʻqib, koʻnglingiz oʻz-oʻzidan haroratga toʻladi, koʻzlaringizga yosh quyiladi.
Abu Bakr Siddiq va Umari Odil roziyallohu anhumoning hayot yoʻli ibratlarga, oʻrnaklarga toʻla. Bevosita Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan saboq olgan, Islom taʼlimotlarini hayotiga toʻkis tatbiq etgan ulugʻlarimiz yasama qahramonlar, xayoliy ideallar emas, real shaxslardir.
Kitobni oʻqir ekansiz, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning Paygʻambarimizga muhabbatlari, fidoyiliklari, tadbirkorligi, qoʻli ochiqligi, yuksak aqliga guvoh boʻlib borasiz. Shubhali luqma yeganini bilgach, uni qayt qilib tashlagan ulugʻ sahobiyning parhezkorligini koʻrib, hayrat va havasga berilasiz.
Hazrati Umarning hayot yoʻli esa adolat, tenglik, mardlikning beqiyos namunasidir. Dushmanlarga, ahdini buzgan, oʻziga nisbatan nomardlik qilgan kishilarga ham adolat va bagʻrikenglik koʻrsatish, ularni kechirish va toʻgʻri yoʻlga solish uchun Umar roziyallohu anhu boʻlish kerak. Mutolaa jarayonida voqealar shundoq koʻz oʻngingizda sodir boʻladi goʻyo. Bir oilaning muhtojligini bilgach, yelkasida un orqalab oʻsha manzilga ketayotgan, haqdorga haqqini yetkazish uchun kechalari uxlolmay chiqayotgan, shiddat-salobatli, lekin qalbi oʻta taʼsirchanligidan koʻp koʻzyosh toʻkayotgan bu ulugʻ siymo bilan bir havodan nafas olganday boʻlasiz.
Yaxshi asar shunchaki zavq va hayajon berish bilan cheklanmaydi, u sizni taʼsirlantiradi, ibratlantiradi, tarbiyalaydi. Ushbu juzni oʻqib tugatgan kishida ham ulugʻlarning yuksak fazilatlariga ergashish, adolat, toʻgʻrisoʻzlik, kamtarlik va xokisorlikka intilish hissi jonlanadi, inshaalloh.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.