Sheʼriy sanʼatlar necha turli?
Asrlar davomida shakl va mazmun jihatidan beqiyos taraqqiy etgan, jahon mumtoz adabiyoti xazinasini yangi badiiy kashfiyotlar bilan boyitgan Sharq sheʼriyati oʻzining boy nazariy zaxirasiga ham ega boʻlgan. Arab, fors va oʻzbek sheʼriyatining taraqqiyot tarixi jarayonida bir qator adabiy-tasviriy qonun-qoidalar ham shakllanib, tobora rivojlangan va boyib borgan. Chunonchi, badiiy adabiyot taraqqiyotining muayyan davrida asrlar davomida yuzaga kelgan tajribalarni umumlashtirib, badiiy asarning mohiyati va qonuniyatlarini tahlil qilishga bagʻishlangan ilmiy-nazariy asarlar paydo boʻla boshlagan. Shu tariqa badiiy adabiyotning, jumladan, sheʼriyatning muhim qonuniyatlarini tadqiq etib, umumlashtirib beruvchi adabiyot nazariyasi ham vujudga kelgan.
Adabiyotning nazariy masalalari poetikaga doir maxsus risolalardagina emas, balki turli tazkiralarda, nomalarda, dostonlarning debochalarida va boshqa adabiy-tarixiy manbalarda katta oʻrin olib kelgan. Masalan, Kaykovusning “Qobusnoma” (XI asr: 35-bob: Shoirlik haqida), Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Chor maqola” (XII asr) nomli asarlarida (2-bob: Sheʼr haqidagi ilmning xususiyatlari va sheʼrning fazilatlari haqida) boshqa masalalar qatorida adabiyot borasida ham alohida boblar boʻlib, u yerda badiiy ijodning umumiy masalalari, sheʼr va shoirlik shartlari ustida bahs boradi.
Adabiyot nazariyasiga doir maxsus yaratilgan asarlarning (gap bizgacha yetib kelganlari ustida boradi) dyoyarli barchasi, asosan, poetika masalalariga bagʻishlangan. Umuman, adabiyot nazariyasi uchta mustaqil sohaga boʻlingan. Bular quyidagilar: 1) ilmi aruz sheʼrdagi vaznlar va ularning qonun-qoidalari haqida bahs yuritadi; 2) ilmi qofiya qofiya qonuniyatlari hamda turlari toʻgʻrisida maʼlumot beradi; 3) ilmi badeʼ (“badeʼ” arabcha yangi, ajoyib, nodir demakdir) fikrni ravon va nafis ifodalash yoʻllari va vositalari, badiiy sanʼatlar (uslublar, vositalar)ning turlari hamda xususiyatlari kabi masalalarni oʻz ichiga oladi. Ilmi badeʼni tashkil etgan sheʼriy sanʼatlar, oʻz navbatida, ikki guruhga ajraladi: sanʼatlarning birinchi guruhi bevosita sheʼrning mazmuni, maʼnosi bilan bogʻlangan boʻlib, maʼnaviy sanʼatlar (sanoyeʼi maʼnaviy) deb ataladi. Nutqni, sheʼrni bezash, turli stilistik figuralar, soʻz oʻyinlari hosil qilish maqsadida ishlatiladigan sanʼatlar esa lafziy sanʼatlar (sanoyeʼi lafziy) deb yuritiladi. Qadimda sheʼr yozmoqchi boʻlgan har bir havaskordan poetikaning ana shu uchala qismini yaxshi oʻrganib chiqish talab qilingan.
Tarixiy poetikaga doir bizga maʼlum asarlar turli davrlarda yaratilgan boʻlib, ular poetikaning muayyan masalalariga bagʻishlangan. Chunonchi, ularning baʼzilari tarixiy poetikaning har uchala qismini, ayrimlari faqat aruz yoki qofiya yoxud badiiy sanʼatlar tahliliga bagʻishlangan. Biz quyida faqat ilmi badeʼga daxldor manbalarning eng muhimlari haqida qisqacha maʼlumot beramiz.
Ilmi badeʼga doir dastlabki asarlar arab olimlari tomonidan yaratilgan. Nasr binni Hasanning “Mahosin ulkalom”, Ibn al-Moʻʼtazning (863 908) “Kitob ul-badeʼ”[1], Quddama ibn Jaʼfarning (888 948) “Naqd ush-sheʼr”[2] nomli asarlari ana shular jumlasidandir.
Arab olimlarining sheʼr nazariyasi boʻyicha yaratgan asarlari Oʻrta Osiyo va Xuroson olimlarini ham shu sohada jiddiy ishlar qilishga ilhomlantirdi.
Ilmi badeʼga doir dastlabki forsiy asar XI asrda yuzaga keldi. Bu Muhammad binni Umar Roduyoniy qalamiga mansub boʻlib, “Tarjimon ul-balogʻa” deb ataladi.
Roduyoniy oʻz kitobini arab olimi Nasr binni Hasanning “Mahosin ul-kalom” nomli asariga suyangan holda yaratgan va unda 73 ta sanʼatni keltirgan. XI-XII asrlarda Ahmad binni Muhammad Manshuri Samarqandiy talavvun sanʼati haqida (buni Xurshediy “Kanz ul-gʻaroib” deb atagan), Abumuhammad binni Muhammad Rashididdin Samarqandiy (“Ziynatnoma”) va boshqa ijodkorlar shu ilmga doir risolalar yozganlar. Biroq XI-XII asrlarda yaratilgan ilmi badeʼga doir asarlar orasida eng mukammali Rashididdin Vatvot nomi bilan mashhur boʻlgan xorazmlik shoir va olim Rashididdin Abubakr Muhammad binni Muhammad binni Abduljalili Umari kotibning (vaf. 1182-1183) “Hadoiq us-sehr fi daqoiq ush-sheʼr” nomli asaridir.
“Hadoiq us-sehr” buyuk olim tomonidan bitilgan yuksak saviyadagi asar boʻlib, undan keyin ilmi badeʼ bilan mashgʻul boʻlgan barcha mualliflar ana shu asardan foydalanganlar. Rashididdin Vatvot asari hozirgi kunga qadar oʻzining ilmiy qimmatini yoʻqotgan emas.
Tarixiy poetikaga doir yaratilgan ikkinchi bir katta tadqiqot XIII asrning atoqli olimi Shamsiddin Muhammad binni Roziyning “Al-moʻʼjam fi mayoyir-ul-ashyor-ul-Ajam” nomli mashhur asaridir.
Bu asarni oʻsha paytgacha poetika masalalari boʻyicha qilingan barcha ishlarning yakuni, shu sohada yaratilgan asarlarning gultoji, deb aytish mumkin. Chunki muallif bu asarida mumtoz poetikaning har uchala boʻlimi – aruz, qofiya va ilmi badeʼ haqida mukammal maʼlumot beradi, sheʼr va shoirlik, badiiy asarda shakl va mazmunning munosabati, tanqidning adabiy jarayondagi roli va vazifalari haqida mulohazalar yuritadi. Shamsi Qays asarining ilmi badeʼga doir uchinchi qismida Rashididdin Vatvotning mazkur asaridan ham foydalangan. Lekin u bu masalada ham katta isteʼdod va imkoniyatlarini namoyish qilib, oʻz salafi asaridagi maʼlumotlarni yanada kengaytirgan, ularni yangi izohlar bilan boyitgan, daliliy materiallarni yanada kupaytirgan va natijada ilmi badeʼni yuqori bosqichga olib chiqqan.
Mashhur shoir Xusrav Dehlaviy ham nasr qoidalari haqida ikki jilddan iborat kitob yozib, unda yuzlab badiiy sanʼatlar haqida soʻz yuritgan. Vahidi Tabriziyning “Jamʼi muxtasar” (XVI asr) asarida esa aruz, qofiya bilan bir qatorda oʻnlab sheʼriy sanʼatlar ham keltirilgan[3].
Nizomiddin Ahmad ibni Muhammad Soleh Siddiqiy Husayniy qalamiga mansub “Majmaʼ us-sanoye” asari ham butunlay ilmi badeʼga bagʻishlangan boʻlib, saksonta sheʼriy sanʼatni oʻz ichiga olgan.
Qabulmuhammad ham “Haft Qulzum”ning yettinchi boʻlimida badiiy sanʼatlar ustida soʻz yuritib, asosan, “Majmaʼ us-sanoye”ga asoslanadi.
XX asrga qadar yaratilgan koʻpgina lugʻatlar hamda boshqa ruhdagi asarlar tarkibida u yoki bu darajada badiiy sanʼatlarning ayrimlari keltirilib, mulohaza yuritilgan oʻrinlar uchraydi[4].
Ilmi badeʼga doir aksariyat asarlar fors-tojik tilida yozilgan. Buning sababi shundaki, XI-XIV asrlarda oʻrta osiyolik shoir va olimlar oʻzlarining ilmiy asarlarini fors tilida yozar edilar.
XV asrga Navoiy davriga kelib, turkiy tildagi poeziyaning tajribalarini umumlashtirib, uning qonunqoidalarini nazariy jihatdan asoslab berishga zarurat paydo boʻldi. Bu muhim vazifani amalga oshirish esa Alisher Navoiy zimmasiga tushdi.
Maʼlumki, Alisher Navoiyning badiiy adabiyot haqidagi nazariy qarashlari “Mezon ul-avzon”, “Mahbub ulqulub”, “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Majolis un-nafois”, “Risolai muammo” kabi asarlarida, “Xamsa”ning kirish qismi va devonlari debochalarida bayon qilingan. Mazkur asarlar tarkibida buyuk soʻz sanʼatkorining baʼzi bir sheʼriy sanʼatlar, poetik uslublar haqidagi yoʻl-yoʻlakay qaydlari ham mavjudki, ularni koʻzdan kechirish Navoiyning Yaqin va Oʻrta Sharq adabiyoti tarixi hamda poetikasini nihoyatda chuqur va izchil bilganligi, mumtoz poetikaning barcha unsurlarini mukammal oʻrganib chiqib, oʻz amaliy faoliyatida mahorat bilan qoʻllaganligiga mutlaqo shubha qoldirmaydi. Bu haqda tasavvurga ega boʻlmoq uchun uning tarseʼ sanʼati haqidagi izohini keltirish kifoya qiladi: “Tarseʼ sanʼatikim, matlaʼdin oʻzga baytda boʻla olmas, ul qasidaning (gap Salmonning bir qasidasi ustida bormoqda – Yo.I.) agarchi mustaxraj matlai rostdur, ammo asli matlaʼda avvalgi misraning bir lafzida takalluf qilibdur va matlaʼ budurkim, bayt:
Safoi Safvati roʻyat birext obi bahor,
Havoi jannati koʻyat bibext mushki tator.
Bu matlaʼgʻa tatabbuʼ qilgʻon koʻp suxanvarlar va nazmgustarlar chun muqobalada debdurlar, lat yebdurlar. Bu faqirning matlai budurkim, bayt:
Chunon vazid ba boʻston nasimi fasli bahor,
K-az on rasid ba yoron shamimi vasli nigor.
Basorat ahli mulohaza qilsalar, bilurlarki, bu matlaʼ tarseʼga voqeʼ boʻlur, aybdin muarro va murassaʼgʻa kelur, eʼtirozdin mubarrodur. Bu navʼ sheʼrning (yaʼni tarseʼ ishlatilgan – Yo.I.) taʼkid va mubolagʻasi uchun yana bir ruboiy ham debmenki, to Xalil binni Ahmad ruboiy qoidasin vaʼz qilibdur, tarseʼ sanʼatida ruboiy aytilgon eshitilmaydur, balki yoʻqtur va ul budurkim, ruboiy:
Ey roʻi tu kavkabi jahonoroye,
V-ey boʻi tu ailhabi ravonosoye,
B-ey moʻi tu, yorabi, chunon farsoye,
Gesoʻi tu chun shabi figon afzoye”[5].
Keltirilgan parchaning diqqatga sazovor jihati shundaki, Navoiy tarseʼ sanʼati bilan yozilgan sheʼr haqida fikr yuritar ekan, masalani keng miqyosda oladi va oʻz mulohazalarini arab, fors va oʻzbek adabiyotining koʻp asrlik tajribalariga tayangan holda bayon etadi. Bunday chuqur mulohazalar ulugʻ adib asarlarida koʻplab topiladi.
Xullas, XX asrgacha boʻlgan oʻzbek adabiyoti tarixining atoqli namoyandalari merosi mumtoz poetikaning muhim muammolari, jumladan, badiiy sanʼatlarning oʻzbek sheʼriyatida qoʻllanish xususiyatlari
va usullariga doir yirik umumlashtiruvchi asarlar yaratish uchun boy material beradi.
XIX asrshshg oxirlaridan boshlab Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida ilmi badeʼga qiziqish ancha kuchayib, arab, fors-tojik va turkiy xalqlar sheʼriyati asosida poetik sanʼatlarning turlari, asosiy xususiyatlari va qoʻllanish tamoyillarini izoxdovchi bir qator ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar vujudga kela boshladi.
Rus sharqshunosligida ham mumtoz poetika va uning tarkibiy qismi ilmi badeʼ boʻyicha birmuncha ishlar qilingan. Chunonchi, YE.E. Bertels urush davrida Toshkentda “Oʻrta Osiyo xalqlari adabiyotlarini oʻrganishga kirish” (“Vvedeniye v izucheniye literatur narodov Sredney Azii”) nomli muhim qoʻllaima tuzgan. Biroq bu asar hozirga qadar nashr etilgan emas.
Ozarbayjon olimi Mirjalolning “Fuzuliyning sanʼatkorligi” (Boku, 1958) asarida sheʼriy sanʼatlar Fuzuliy sheʼriyati bilan bogʻliq holda tadqiq qilingan.
Tojik adabiyotshunosi Zehniyning “Sanʼathoi badeʼ dar sheʼri tochiki” (Dushanbe, 1963. Bu asar 1967-yilda “Sanʼati suxan” nomi bilan qayta nashr etildi. Kitob oxiriga aruz haqida muxtasar maʼlumot ham ilova qilingan) asari ham qoʻllanma xarakterida boʻlib, eng muhim sheʼriy sanʼatlar haqida maʼlumot beradi[6].
Oʻzbek adabiyotshunosligida ham bu sohada katta siljish boʻlganligi yaqqol koʻzga tashlanadi. Masalan, oʻzbek adabiyotining muayyan davri yoki muammolariga yoxud ayrim shoirlar ijodiga bagʻishlangan ilmiy ishlarda badiiy sanʼatlarning baʼzilari haqida (tadqiq qilinayotgan asar bilan bogʻliq holda) ham fikr yuritilgan[7].
Soʻnggi paytlarda ilmi badeʼ masalalarini maxsus oʻrganish borasida ham sezilarli ishlar qilindi. Bu sohada, xususan, atoqli shoir va olim Maqsud Shayxzodaning tashabbusi diqqatga sazovordir[8].
M. Shayxzoda oʻzbek mumtoz adabiyotining choʻqqisi Navoiy lirikasi asosida badiiy sanʼatlarni tekngarib, mumtoz poetikaning bu muhim sohasini yaxlit holda ishlab chiqish va bu haqda mukammal asar yaratishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan edi.
Aruz, qofiya va badiiy sanʼatlar (ilmi badeʼ)ni bilish faqat tadqiqotchilar uchun emas, balki shoirlar va barcha sheʼriyat muxlislariga ham zarurdir.
Maʼlumki, Sharq poetikasiga doir asarlarda nasr va nazmda qoʻllaniladigan badiiy sanʼatlardan 120 ga yaqini (tarmoqlari bilan yuz ellikdan oshadi) haqida maʼlumot berilgan[9].
Ana shu sanʼatlar mohiyat eʼtibori bilan uch guruhga boʻlinadi:
- Lafziy sanʼatlar.
- Maʼnaviy sanʼatlar.
- Munggarak (yaʼni har ikkisining xususiyati mavjud boʻlgan) sanʼatlar.
Mazkur guruhlarga mansub sanʼatlar badiiy tasvirda turli vazifani ado etib, xilma-xil uslubiy aspektni tashkil etadi. Agar jiddiy eʼtibor berilsa, tasvir jarayonida turli guruhga (maʼnaviy, lafziy, mushtarak) mansub bir qator sanʼatlar oʻrtasida vazifa, tabiat yoxud baʼzi bir stilistik qirralar jihatidan yaqinlik vujudga kelishi yaqqol seziladi.
Mohiyat jihatidan turlicha boʻlgan bir qator sanʼatlar kontekstdagi uslubiy xususiyatlariga koʻra bir-biriga yaqin kelishi mumkin. Shuningdek, u yoki bu sanʼatning paydo boʻlishi oʻz-oʻzicha boʻlmay, boshqa birorta sanʼatning ishtiroki bilan amalga oshadi. Lekin bunday oʻrinlarda matnning asosiy pafosi va muallifning maqsadi nuqtai nazaridan yetakchi sanʼat birinchi oʻrinda koʻrsatiladi.
Biz asosiy sanʼatlarni, sheʼriy matn doirasidagi vazifasi bilan bogʻliq xususiyatini nazarda tutgan holda, bir necha guruhga ajratishni lozim topdik (bu, albatta, maʼlum darajada shartli):
- Istioraviy-ramziy tasvir usullari (majoz, istiora, kinoya, baroati istihlol, ranglar ramzi kabi).
- Qiyosiy-assotsiativ usullar (tashbih, talmeh, tansiq us-sifot, tamsil koʻrinishlari, laffu nashr, murooti nazir kabi).
- Fikrni dalillash (motivirovka) yoʻllari (husni taʼlil, tamsil, irsoli masal, tasdir kabi).
- Emotsional-mubolagʻali tasvir usullari (mubolagʻa [tabligʻ, shroq, gʻuluv], tashbihning ayrim turlari [maʼkus, izmor], rujuʼ, murojaat, savolu javob, ritorik soʻroq).
- Sintaktik-stilistik usullar (tarseʼ, tardi aks, radd ul-ajz ilas-sadr, tashobeh ul-atrof, murabbaʼ, mudavvar, muzdavaj, mumosila, tashtir, tajziya, tasreʼ, tazmin, tasmeʼ, tardid, takror, radd ul-matlaʼ, tajdidi matlaʼ kabi).
- a) soʻzning ichki, tashqi formasi bilan aloqador sanʼatlar (tajnis, ihom, ittifoq, ishtiqoq, qalb, mutazalzil kabi); b) ayrim soʻz emas, umuman tugal matn (misra, bayt) bilan aloqador stilistik usullar (tavjeh, taʼkid ul-madh bimo yashbah uz-zam, idmoj, taʼliq, tajohili orif, hazl unmurodu bihil-jidd kabi).
- Kontrast (tazod, qarshilantirish) sanʼati.
- Murakkab sanʼatlar (muammo, taʼrix, hijoi huruf, harflar bilan bogʻliq usullar).
- Stilistik mutanosiblik (jam, tafriq, taqsim, jamu tafriq, jamu taqsim va boshqalar).
- Qofiya bilan aloqador sanʼatlar (eʼnot, iyto [radd ul-qofiya], hojib, tajnisli qofiya, zulqofiyatayn, musajjaʼ, tasmit kabi). Shuningdek, tarseʼ, tashtir, tajziya, tasreʼ kabi stilistik usullar qam bevosita qofiya bilan aloqador.
Bulardan tashqari yana oʻnlab sanʼat va usullar mavjudki, ular mohiyat, vazifa eʼtibori bilan biror guruhga yaqin turadi yoki ular doirasiga sigʻmaydi. Zotan, ikki yuzga (tarmoqlari bilan birga) yaqin poetik usullarni bir necha guruhga jamlash imkondan tashqari boʻlib, maʼlum darajada sunʼiylikka olib kelishi tabiiy hol.
Mumtoz poetikaga doir qoʻllanmalarda ikki guruhga (lafziy va maʼnaviy sanʼatga), faqat ayrim tadqiqotlarda uch guruhga (mushtarak sanʼatlarga ham ajratilgan) taqsimlangan badiiy sanʼatlarni yuqoridagi kabi tasnif qilish majburiyati ularni aniq manbaga tatbiq etish taqozosi bilan yuzaga keldi. Lekin oʻnlab guruhga mansub yuzlab sanʼatlarning shoir lirikasidagi oʻrni va tabiati haqida mukammal maʼlumot berish maxsus tadqiqotni taqozo etadi. Shu sababli mazkur sanʼatlarning baʼzilari tahlili timsolida muayyan shoir badiiyatiga xos ayrim tendensiyalar haqida imkoniyat doirasida tasavvur hosil qilishimiz mumkin.
Eslatib oʻtshn joizki, Navoiy devonidagi poetik usullarning bir qismi Navoiyga qadar boʻlgan oʻzbek lirikasida mavjud boʻlsa, ayrimlari boshlangʻich holda boʻlgan, baʼzilari mutlaqo boʻlmagan va oʻzbek sheʼriyati uchun yangilik hisoblanadi (bunday oʻrinlarda biz ularning forsiy adabiyotdagi holatini taftish etib koʻramiz). Biz xuddi shunga yaqinroq manzarani poetik obrazlar va iboralarda ham mushohada etishimiz mumkin (badiiy obraz va iboralarning tabiati sheʼriy sanʼatlardan farq qiladi).
Biz mulohazalarimiz manbai uchun mazkur uch guruhga mansub sanʼatlardan quyidagilarini tanlab olishga harakat qildik.
Maʼnaviy sanʼatlar nutqning maʼno-mohiyati bilan aloqador boʻlgan sheʼriy sanʼatlar. Maʼnaviy sanʼat, ayniqsa, sheʼriyatda yuksak badiiylikning muhim omillaridan hisoblanadi. Lekin qoʻllanish darajasi har bir ijodkorning individual uslubi va mahorati bilan belgilanadi. Atoulloh Husayniy maʼnaviy goʻzalliklar jumlasiga quyidagilarni kiritgan: tavjih, iyhom, taʼkid ul-madh bimo yashbah uz-zam, taʼkid uz-zam bimo yashbah ul-madh, istibtoʼ, idjom, taʼliq, hazl un-murodu bihiljidd, tajohul ul-orif, talmih, irsol ul-masal, kalomi jomiʼ, mazhabi kalomiy, husni taʼlil, tafriʼ, tahakkum, jam, tafriq, taqsim, jamʼu tafriq, jamʼ maʼa-taqsim, jamʼ maʼa-tafriq va-t-taqsim, jamʼ maʼa-t-taqsim maʼljam, laffu nashr, maqbul mubolagʻa, tabligʻ, igʻroq, gʻuluvv, iygʻol, takmil, tazyil, tatmim, eʼtiroz, tavshiʼ, izoh, rujuʼ, tadoruk, takrir, tarjiʼ, itnob, musovot, iyjoz, istitrod, tafsir, tajrid, tagʻlib, iltifot, uslubi hakim, lugʻz, izhor ul-muzmar, tashbih, istiora, tamsil, kinoya, taʼriz.
Mazkur sanʼatlarning deyarli barchasi Navoiy asarlarida ishlatilgan. Lekin ularning ayrimlari (istiora, tashbih, rujuʼ, iyhom) badiiy tasvir doirasida yetakchi mavqega ega.
Lafziy sanʼatlar nutqning ifoda usuli bilan aloqador badiiy sanʼatlar majmuasi. Lekin Atoulloh Husayniy taʼkidlaganidek, “Lafziy goʻzalliklarning asosi shuki, alfoz (soʻzlar) maʼnoga boʻysundiriladi. Umuman, barcha goʻzalliklarning asosi shuki, nutq shunday yoʻsinda bayon etiladiki, maʼnoni anglashga, uning latofati, tarkibi va yetukligini anglashga hech xalal yetmaydi”. Xullas, lafziy sanʼatlar faqat nutqning (xususan, badiiy nutqning va ayniqsa, sheʼriyatning) bezagi emas, balki muayyan fikr, maqsadning yetuk badiiy shaklda ifoda topishi uchun xizmat qiluvchi muhim vositadir.
Atoulloh Husayniy lafziy goʻzalliklar jumlasiga quyidagi sanʼatlarni kiritadi: tarseʼ, tajnis, radd ul-ajz min as-sadr, qalb, saj, mumosil, tashtir, tajziya, tasreʼ, tasmit, aks, tardid, taattuf, tashriʼ, zulqofiyatayn, tavshih, talovvun, tarofuq, maqru ba nazmu nasr, maqr ul-lugʻatayn, mulammat, muqattaʼ, muvassal, raqto, xayvo, jamʼ ul-huruf, hazf, eʼnot, tazmini muzdavaj, mutazalzil, murabbaʼ, muaqqad, mudavvar, mushajjar, tavsim, mushokala.
Shuningdek, yana bir guruh sanʼatlar borki, ular ham lafzga, ham maʼnoga aloqador. Atoulloh Husayniy bunday sheʼriy sanʼatlarni mushtarak sanʼatlar deb ataydi. Bular quyidagilardan iborat: mutobaqa, haqiqiy taqobul, tadbij, muqobala, murot un-nazir, tafvif, taʼdil, tansiq us-sifot, irsod, muzovaja, ittirod, iqtibos, aqd, hall, tazmin, husni ibtido, baroati istihlol, husni taxallus, husni matlaʼ, husni maqtaʼ.
Yoqubjon Isʼhoqovning “Soʻz sanʼati soʻzligi” (Toshkent, “Oʻzbekiston” NMIU, 2014) kitobidan.
[1]
I. Y. Krachkovskiy. Izbr. soch., t. VI. M.: 1960., 9-330-betlar.
[2] Oʻsha asar, 149-170-betlar.
[3] Djam-i Muxtasar. Kriticheskiy tekst, perevod i primechaniya A. Y. Bertesa. – M.: IVL, 1959.
[4] Mavlono Faxriddin Ali Safiyning “Latoif-ut-tavoif” (XVI asr; Komil Xorazmiy oʻzbek tiliga oʻtirgai) asari, Sakkokiyning “Matlaʼ ululum va majmaʼ ul-funun” (XIII asr; oʻn birinchi bob – “Ilmi bayon”), “Gʻiyos ul-lugʻot” (XIX) ana shular jumlasidandir.
[5] Alisher Navoiy. Asarlar. Oʻn besh tomlik, 14-tom. T.: “Oʻzadabiynashr”, 1967.124-125-betlar.
[6] Ana shunday asarlardan eng muhimlarini eslatib oʻtamiz; Fors tilida: Shams ul ulamo hoji Mireo Husayn Gurgoniy, “Abd ul-badoyeʼ dar fanni badeʼ”, Tehron, 1328/1910-yil; Sayid Taqi Taqaviy, “Ulumi adabiy: ilmi badeʼ kalamoti pshvo suxanoni zebo. Tehron, 1337/1958-yil; Muhammadrizo Doyi Javod, “Zeboihoi Suxan yo ilmi badeʼ dar zaboni forsiy”, Isfihon, 1335/1956-yil; Doktor Zuhroi Xonlari (Kiyo), “Rohnamoi adabiyoti forsiy”, Tehron, 1341/1962-yil; Dehxudo, Lugʻatnoma, 1-90-jildlar. Ensiklopediya xarakteridagi bu asarning birinchi jildi 1941-yilda chop etilgan boʻlib, hozirga qadar 90 tomi bosilib chiqqan va navbatdagi jildlar nashr etilmoqsa. Lugʻatda adabiy istilohlar va sheʼriy sanʼatlarga ham keng oʻrin berilgan. Biror sheʼriy sanʼat haqida gap borganda, shu mavzuga doir barcha maʼlumotlar (arab, fors va boshqa tillardan) keltiriladi (masalan, istiora haqida: 10-jilsning 2164–2171-betlariga qaralsin). Turk tilida: Sulaymonbek, “Maboni ul-insho”, 1-jild, Istambul, 1874; 2-jild, 1872-yil; Abdurahmon Surayyo, “Mezon ul-balogʻa”, Istambul, 1886-yil; Muallim Nojiy, “Istilohoti adabiya”, Istambul, 1889-yil; Agak Agakiy, “Turkchada majozlar soʻzligi”, Anqara, 1949-yil; Seyit Kemal Karaalyuoʻgʻlu, “Turkcha adabiyot soʻzligi”, Istambul, 1962-yil; Ogoh Sirri Levend, “Devon adabiyoti. Kalimalar va ramzlar, mazmunlar va mafhumlar”, Istambul, 1941–42 yillar.
[7] E. Rustamov. “Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV vek”. – M.: IVL, 1963; Alibek, “Sabʼai sayyor” tilining badiiy xususiyati”. ToshDU ilmiy ishlari, 240-chiqishi, 1964,22-76-betlar; Y. Isʼhoqov. “Navoiy lirikasining baʼzi bir poetik xususiyatlari” (“Apisher Navoiyning ilk lirikasi”. – T.: “Fan”, 1965.104-119-betlar); H. Homidiy, S. Ibrohimova. “Adabiyotshunoslik terminlari lugʻati”. – T., 1968.
[8] Maqsud Shayxzoda. Ustozning sanʼatxonasida, “Sharq yulduzi” jurnali, 1965-yil, 1-son; 1966-yil, 5,7, 12-sonlar; “Oʻzbek adabiyoti masalalari”. T.: 1959.238-254-betlar.
[9] Oʻtgan betda sanab oʻtilgan asarlar nazarda tutiladi.