Shoir Mirzo Karimga ham kredit asosida uy berilishi mumkin

Shoir Mirzo Karimga ham kredit asosida uy berilishi mumkin

Menimcha, qoʻshiq yozuvchi shoirlar ichida taʼbi nazmi balandi, didi oʻtkirlaridan biri Mirzo Karimdir. Uning juda koʻp sheʼrlari xit qoʻshiqlarga aylangan. Kuyga solinmaganlarida ham chinakam shoirning nigohi, soʻzni his qila olish qobiliyati sezilib turadi. Yaqinda bir qancha elektron nashrlarda qanchadan-qancha xonandalarga sheʼrlar yozib berib, mashhur boʻlishiga sababchi boʻlgan Mirzo Karim hanuz ijara uylarda yashayotgani haqida material eʼlon qilindi. Jurnalist Feruz Muhammad savollariga berilgan javoblar shoirning qanoatli kishi ekanidan darak berib turibdi. “Ahvolim ham u qadar ayanchli emas. Negaki, men yashayapman, nafas olayapman, oilam, farzandlarim bor…” deydi u.

Bundan yigirma besh yillar oldin Mirzo Karimning “Qoʻqonjonga qiz uzating” nomli ilk kitobi nashr etilgan. Bu toʻplamni oʻquvchilik yillarimda maroq bilan mutolaa qilgandim. Oʻshanda shoirning:

 

Men oʻsha Bachqirning choʻli tomonda

Kitobi chiqmagan shoirman.

 

degan misralari menga qattiq taʼsir qilgandi. Qoʻli kalta bir isteʼdodning ogʻriqlarini his etgandim.

Jurnalist suhbat davomida Mirzo Karimning “Jipi bor ham shoirdan sheʼrni qarzga soʻraydi” degan misrasini eslab oʻtadi. Shou-biznes olamiga yaqin odamlar bu gaplarning qanchalar haqiqat ekanini yaxshi biladi.

Mirzo aka bilan uch-toʻrt MARTA suhbatlashganman. Samimiy, toʻgʻrisoʻz, biroz sodda kishi. Ayyorligi, mugʻombirligi yoʻq. Menda shunday taassurot qolgan. Bu xarakteri sheʼrlarida ham koʻrinib-bilinib turadi. 2015-yili “Orangizda onam boʻlsaydi” nomli yangi kitobini oʻqib chiqdim. Goʻzal tashbehlari, ajoyib topilmalari, tortimli misralari qalbingizni tezda zabt etadi.

Kuni kecha Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining rasmiy telegram kanalida berilgan xabarga koʻra, 2017-yilning avgust oyidan 2019-yil oktyabry oyiga qadar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 197 nafar aʼzosi Toshkent shahrida Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari uchun qurilgan uy-joydan kvartira sotib olishga ariza yozgan. Bu borada ish olib borayotgan komissiya nomzodlarning hujjatlari bilan tanishib, ularning uy-joy sharoitlarini oʻrganib chiqyapti. Oʻrganishlardan soʻng ushbu xonadonlar Uyushma aʼzolariga ipoteka krediti asosida beriladi. Bu qatordan shoir Mirzo Karim ham joy oladi, deb umid qilaman.

Imkoningiz boʻlsa, yuqoridagi videoda koʻrsatilgan kartalar orqali Mirzo Karimga moddiy yordam koʻrsating. Yaxshiligingiz mukofotini Alloh oʻn karra, yuz karra koʻpaytirib bersin.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.