Soʻng, soʻngra: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Soʻng va soʻngra soʻzlaridan keyin vergul qoʻllash koʻp uchraydi. Lekin bu xato. Ikkala soʻz ham vergul talab qilmaydi:
Soʻng dardi yengillashdimi, qadamlari ildamlashdi.
“Sharq yulduzi”.
Dushman oshingni yer,
Soʻngra boshingni yer.
Maqol.
Yuqoridagi misollarda soʻng soʻzi ravish boʻlib kelyapti va keyin degan maʼnoni anglatyapti.
Soʻngra soʻzi bundan, bulardan tashqari; ikkinchidan maʼnolarini ham anglatishi mumkin. Ammo bu maʼnoda qoʻllash hozir eskirgan. Shu holatda ham vergul ishlatishga hojat yoʻq deb hisoblayman:
Endi Salimjonga kirib ayting, bunday ishdan qoʻlini tiysin! Bu – bir, soʻngra hovliqmasin.
Oybek, Tanlangan asarlar.
Tahrir jarayonida soʻngra soʻzi oʻrniga soʻng variantini tanlayman. Loʻndaroq. Harna-da, harna 😏.