Tadqiqotchilar uchun: sifatli ilmiy matn tayyorlash boʻyicha 7 ta tavsiya

Tadqiqotchining sifatsiz matni ishning saviyasini keskin tushirib yuboradi. Ilmingiz yaxshi boʻlsa-yu, lekin oʻzbekchangiz oqsasa, fikringizni aniq va ravon ifodalay olmasangiz, yaxshi dissertatsiya yoki ilmiy maqola yoza olmaysiz. Boshi-keti noaniq jumlalar, kalka ifodalar, har qadamda uchraydigan imloviy va punktuatsion xatolar har qanday oʻquvchining hafsalasini pir qiladi. Yechim bormi? Bor. Yaxshi yozishni va matnni tahrirlashni oʻrgansangiz, hammasi izga tushadi. Quyidagi amaliy tavsiyalar aynan shu haqda.
- “Miya tarjimoni”ni oʻchiring va oʻzbekcha fikrlang
Xorijiy manbalardan muntazam foydalanadigan kishilarda koʻpincha bir yomon odat shakllanadi: ular fikrni miyada chet tilining jumla tuzilishi bilan shakllantirib, keyin oʻzbekchaga soʻzma-soʻz oʻgiradi. Natijada “The study shows that…” kabi iboralar “Tadqiqot koʻrsatadiki…” kabi gʻaliz jumlalarga aylanadi.
✅ Nima qilish kerak?
Chet tilidagi matnni oʻqib boʻlgach, undagi fikrni doʻstingizga tushuntirayotgandek aytib koʻring. Masalan, yuqoridagi iborani “Tadqiqot natijalariga koʻra…”, “Bu tadqiqotdan maʼlum boʻlishicha…” “Tadqiqot… ni isbotladi” kabi shaklda ifodalash oʻzbekcha gap qolipiga mos va tabiiy. Chet tilidan tarjima qilayotgan yoki matn mazmunini berayotganda oldin ogʻzaki shakllantirib, keyin yozishga oʻting. Bu “miya tarjimoni” izmiga tushib qolishdan asraydi.
- Mashina tarjimasiga ishonib qolmang
Google Translate kabi mashina tarjimonlari vaqtni tejashga yordam berishi mumkin, lekin ularga ishonib qolish matn sifatini butunlay yoʻqqa chiqaradi. Oʻzbekcha mashina tarjimasida hali muammolar koʻp, shu sababli bunday matnlarda mantiqsiz va gʻaliz jumlalar tez-tez koʻzga tashlanadi.
✅ Nima qilish kerak?
Mashina tarjimonlaridan soʻzning maʼnosini bilish yoki umumiy mazmunni tushunish uchun foydalaning. Tarjimasini toʻgʻridan toʻgʻri matningizga koʻchirmang. Google Translate kabi tarjimon platformalar Yevropa tillari orasida yaxshi oʻgiradi. Maʼnosini yaxshi tushunmagan jumlalaringizni oʻzingiz biladigan boshqa bir tilga agʻdarib, mazmunni toʻkis ilgʻab olishingiz mumkin. Boshqa bir muhim jihat: birovning ishini shunchaki tarjima qilib, oʻz nomingizdan taqdim etish koʻchirmachilikdir. Qaysidir manbadan foydalanganda unga albatta havola bering.
- Matnni ovoz chiqarib oʻqing
Oddiy va samarali bu usul har qanday matnni, jumladan, ilmiy matnni qayta ishlashda ham qoʻl keladi. Yozganimizda koʻzimiz xatolarni yoki jumlalardagi gʻalizlikni oʻtkazib yuborishi mumkin. Lekin ovoz chiqarib oʻqiganimizda qulogʻimiz sunʼiy ohangni, oʻrniga tushmagan soʻz va iboralarni, mantiqiy uzilishlarni tezda ilgʻaydi.
✅ Nima qilish kerak?
Matnni yozib boʻlgach, ovoz chiqarib oʻqing. Oʻqiyotganda qayerdadir qoqilsangiz yoki jumla qulogʻingizga gʻalati eshitilsa, oʻsha joyni qayta ishlang.
- Sinonimlardan oʻrinli foydalaning
Ilmiy matn koʻpincha bir xil atamalarni takrorlashni talab qiladi. Lekin bir xil feʼl va sifatlar takrorlanaversa, matnning oʻqishliligi yoʻqoladi.
✅ Nima qilish kerak?
Sinonimlar lugʻati va izohli lugʻat bilan ishlang, takrorlanayotgan soʻzlarga muqobil toping. Masalan, koʻrsatadi oʻrniga dalolat beradi, namoyon etadi, ifodalaydi, aks ettiradi, namoyon qiladi kabi sinonimlarini qoʻllash mumkin. Muhim soʻzi oʻrniga ahamiyatli, dolzarb, jiddiy, salmoqli kabilarni ishlatsa boʻladi. Ammo ehtiyot boʻling: ilmiy atamalar oʻrnida sinonimlardan foydalanmang.
- “Dam berish” usuli
Matnni yozib boʻlganingizdan soʻng darhol tahrirga oʻtirmang. Matn yangiligida xatolarni koʻrmay qolishingiz ehtimoli katta.
✅ Nima qilish kerak?
Yozib boʻlingan bobni kamida bir kun, iloji boʻlsa, ikki-uch kunga tashlab qoʻying. Boshqa ish bilan shugʻullaning. Keyin yangi, toza koʻzqarash bilan oʻqisangiz, oldin sezilmagan xato va kamchiliklarni topasiz.
- Matnning koʻrinishini oʻzgartirib oʻqing
Koʻpincha oʻzimiz yozgan matnga koʻzimiz oʻrganib qoladi, hatto yaqqol xatolarni ham sezmay qolamiz. Miya matnni oʻqimaydi, mazmun juda tanish boʻlgani uchun boʻshliqlarni oʻzi toʻldirib ketaveradi.
✅ Nima qilish kerak?
Oʻz matningizga begona koʻz bilan qarash uchun uni odatdagidan boshqacha formatga keltiring. Matnning shriftini oʻzgartiring, qogʻozga chop etib oʻqing. Bu oddiy hiyla koʻzingiz oʻrganib qolgan xatolarni va gʻaliz jumlalarni topishga yordam beradi.
- Savodingizni oshiring, xatolarni kamaytiring
Imloviy va ishoraviy xatolar oʻquvchi koʻziga eng oson tashlanadigan, saviya haqida salbiy taassurot uygʻotadigan jihatdir. Mabodo bunday xatolar mazmunni anglashga toʻsqinlik qiladigan darajada koʻp boʻlsa, yozgan matningizni oʻzingizdan boshqaga koʻrsatmaganingiz maʼqul.
✅ Nima qilish kerak?
Imlo. Savodni oshirish harakatida boʻling. Matningizni tilmoch.ai, savodxon.uz kabi onlayn vositalar yordamida tekshiring. Baʼzi soʻzlarning maʼnosi yoki imlosini vikilugʻatdan, imlo.uz saytidan bilib olishingiz mumkin.
Tinish belgilari. Punktuatsiyani oʻrganing. Yodingizdan chiqqan yoki yaxshi bilmaydigan qoidalaringizga koʻproq urgʻu bering. Hozircha oʻzbekchada tinish belgilarini tekshirib, toʻgʻrilab beradigan onlayn vosita yoʻq.
Texnik xatolar. Matn shrifti, abzaslar, interval, sahifa raqamlari bir xil standartda boʻlsin. Adabiyotlar roʻyxatini belgilangan talab boʻyicha toʻgʻri rasmiylashtiring. Nashrlar tahrir siyosatini oʻzi belgilaydi. Masalan, GOST, APA, Harvard yoki boshqa bir uslubda rasmiylashtirish talab etilishi mumkin. Uslublarni oʻrganish oʻta qiyin jarayon emas, eʼtibor va qunt kerak xolos.
Yaxshi ilmiy matn chuqur bilim mahsuligina emas, unda muallifning tilga, oʻquvchiga hurmati ham aks etadi. Hatto nashrga moʻljallanmagan, ilmiy rahbar yoki mustaqil ekspertga beriladigan matnni ham jiddiy ishlash kerak. Oʻzini hurmat qilgan tadqiqotchi hech qachon xom-xatala matn tayyorlamaydi. Yuqoridagi oddiy, ammo sinalgan usullar fikrlaringizni aniqroq va ishonarliroq ifodalashga, matningizni ravonlashtirishga yordam beradi. Ammo bir muhim jihatni unutmaslik kerak: boʻsh qop tik turmaydi. Manbalar bilan yetarlicha ishlamay, maʼlumotlarni tahlil qilmay, muayyan xulosa va toʻxtamga ega boʻlmay turib yaxshi ilmiy matn yozib boʻlmaydi.
@oriftolib

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.