Tahrirni qanday oʻrganish mumkin – eng muhim 8 tavsiya

Tahrirni qanday oʻrganish mumkin – eng muhim 8 tavsiya

Koʻpchilikni qiziqtiradigan, tez-tez soʻraladigan savolga qisqacha javob berishga harakat qilaman. Eng muhim jihatlarni sanab oʻtaman.

1️⃣ Tilga oid qoidalarni puxta oʻrganing

Grammatika, imlo va punktuatsiya – tahrirning poydevori. Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari va punktuatsiya qoidalarini sinchiklab oʻrganing. “Ona tili” darsliklari, “Hozirgi oʻzbek adabiy tili” kabi qoʻllanmalarni oʻqib chiqing. Imlo lugʻatlari va izohli lugʻatlardan muntazam foydalaning. Soha mutaxassislarining saytlari, bloglarini kuzatib boring.

2️⃣ Uslub va janr xususiyatlarini oʻrganing

Rasmiy, ilmiy, badiiy, publitsistik yoki axboriy uslubdagi matnlar bir-biridan farq qiladi. Uslubiyatga oid kitoblar va maqolalarni oʻqing, ulardagi misollarni tahlil qiling.

3️⃣ Tanqidiy fikrlang

Kitob, maqola, blogpost, yangiliklar – turli janrlardagi matnlarni oʻqiganda gap tuzilishi, soʻzlarning qoʻllanishi, fikr qanday yetkazilayotgani, matn ohangi kabilarga eʼtibor qarating. Matnning sifatiga baho bering, yutuq va kamchiliklarini aniqlang.

4️⃣ Yozing va tahrir qiling

Yaxshi yoza olgan kishigina yaxshi tahrir qila oladi. U xuddi futboldagi oʻynovchi murabbiyga oʻxshaydi. Har kuni qisqa matnlar, masalan, xatlar, postlar, maqolalar yoki hikoyachalar yozing. Ularni bir necha kundan keyin qayta koʻrib chiqing, xatolarini topish va tuzatishga harakat qiling.

5️⃣ Tahlil qiling va solishtiring

Agar topa olsangiz, professional muharrirlar tuzatgan matnlarni eʼtibor bilan oʻrganing: nima oʻzgargan, nima uchun oʻzgargan, qanday variantlar taklif qilingan? Bunday kuzatuv muharrir kabi fikrlashni rivojlantiradi.

6️⃣ Texnologiya imkoniyatlaridan unumli foydalaning

Shaxsiy tajribamga tayanib aytishim mumkin: hatto professional muharrir-musahhihlar orasida ham dastur va platformalarni samarali ishlata olmaydiganlar uchrab turadi. Masalan, Microsoft Wordʼdagi tahrir (Review, ruscha interfeysda Retsenzirovaniye) yoki LibreOffice Writerʼdagi tahrir (Review, ruscha interfeysda Proverka) funksiyasini, Google Docsʼning tavsiya (Suggesting, ruscha interfeysda Sovetovat) rejimini ishlatishni bilmaydigan mutaxassislar ham topiladi. Bu funksiyalar amaliyotda bot-bot kerak boʻlib turadi, ular matndagi oʻzgarishlarni aniq koʻrsatish, izoh qoldirish, birgalikda tahrir qilish kabi imkoniyatlarni yaratadi.

Tahrirchi kabi onlayn vositalardan yoki uning MS Word kengaytmasidan foydalaning. Har qanday odamdan, hatto professional muharrir-musahhihdan ham xato oʻtadi. Kompyuter dasturlari koʻzdan yashiringan ana shunday ayyor imloviy xatolarni topishga koʻmaklashadi.

Elektron lugʻatlarni, sayt-lugʻatni ishlating. Ular qogʻoz variantga nisbatan ancha qulay. Izlagan soʻzingizni soniyalar ichida topa olasiz.

7️⃣ Ustoz koʻrganga yetmaydi

Tajribali muharrir bilan bevosita shugʻullanish imkoni boʻlsa, nur ustiga nur. Mabodo imkoni boʻlmasa, fikr-tavsiya olishga harakat qiling. Turli loyihalarda koʻngilli sifatida qatnashing. Volontyorlikda pul topmasligingiz mumkin, lekin unda baʼzan pul bilan ham topib boʻlmaydigan hayotiy tajribani qoʻlga kiritasiz.

8️⃣ Irodali boʻling

Tahrir malakasi bir kunda shakllanmaydi. Muntazam oʻrganish va mashq qilish kerak. Har bir xatoni yangi saboq, har bir tahrirni yangi bosqich deb hisoblang. Toʻxtab qolmang.

 

@oriftolib | Boshqa sahifalarimiz

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.