Tang qolmoq: “tang” nima degani?

Tang qolmoq: “tang” nima degani?

Tang soʻzi fors tilidan oʻtgan, asliyatda tor, siqiq, zich maʼnolariga ega. Oʻzbekchada ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

 

Oraligʻi, eni, hajmi yetarlicha katta boʻlmagan; tor, chogʻ.

 

Tang yoʻlak.

 

Vaqt tang, dalada ish tigʻiz.

Oybek, “Tanlangan asarlar”.

 

Qutulish, hal qilish yoki iloji, davosini topish juda qiyin boʻlgan, gʻoyat ogʻir, mushkul, nochor.

 

Tang ahvol. Tang vaziyat. Bemorning ahvoli tang.

 

Ishning eng tang joyi – qum bilan shagʻalning yetishmasligida.

A. Muxtor, “Tugʻilish”.

 

Baʼzan soʻzlar iboralar tarkibida lugʻaviy maʼnosidan uzoqlashadi. Tang qolmoq (yoki qotmoq) iborasida ham tang soʻzi yuqorida sanalgan maʼnolarni anglatmaydi. Ibora butun holatda hayratda qolmoq degan maʼnoga ega:

 

Zulayxoning osoyishta yuziga qarab tang qoldim.

P. Qodirov, “Qadrim”.

 

“Har qalay, uygʻotay”, dedi yana ona va oʻgʻlining boshiga egildi, egildi-yu, tang qotdi.

I. Rahim, “Chin muhabbat”.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube