“Tiyrak” nima degani?

“Tiyrak” nima degani?

Shu soʻzning maʼnosini yanglish tushunish koʻp uchraydi. Baʼzilar uni yoshi ulugʻ, nuroniy mazmunida bilsa, boshqalar mulohazakor, teran fikrli anglamida fahmlaydi. Aslida-chi?

Tiyrak soʻzi oʻzbek tilida uch xil maʼnoda qoʻllanadi:

1️⃣ Bir yerda tinch turmaydigan, gʻayrati ichiga sigʻmaydigan; serharakat. Bu maʼnoda asosan bolalar va oʻsmirlarga nisbatan ishlatiladi:

 

Tiyrak bir bola armiyadan kecha qaytgan mezbonning yoniga oʻtirib, medalni havas bilan tomosha qila boshladi.

N. Safarov, “Toshga bitilgan xat”.

 

2️⃣ Bardam, tetik, baquvvat.

Saksonlardan oʻtgan, lekin tiyrak chol.

 

3️⃣ Ziyrak, hushyor.

Sochlari duv oqargan, ammo koʻz qarashlari tiyrak doktor opa har kuni Sherzoddan qandoq ovqatlanganini.. soʻraydi.

Oʻ. Hoshimov, “Nur borki, soya bor”.

 

Tiyrak tortmoq iborasi tetiklanmoq, jonlanmoq, kuch-quvvat olmoq maʼnosiga ega:

Baxmaldek yumshoq, chinni ovozidek jarangdor bu kulgidan allanechuk jonlanib, tiyrak tortadi.

N. Norqobilov, “Bekatdagi oq uycha”.

 

🔄  Mavzuga aloqador:

 

Telegram | YouTube

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.