Ulgurji va chakana

Ulgurji va chakana

Bu ikki soʻzni asosan oldi-sotdi bilan bogʻliq jumlalarda eshitamiz. Lekin boshqa maʼnolarda ham qoʻllanadi.

Ulgurji aslan turkiy soʻz. Oʻzbek tilida uch xil maʼnoda ishlatiladi:

 

1️⃣ Butun boricha; koʻp miqdorda; koʻtara.

 

Ulgurji savdo. Ulgurji olmoq. Ulgurji sotmoq.

 

2️⃣ Katta miqdorda, katta summaga ega; salmoqdor.

 

Ulgurji hosil. Magazinga ulgurji mol keldi.

 

3️⃣ Boshdan oyoq, butunlay.

 

Uy ulgurji taʼmirdan chiqdi.

 

Chakana
soʻzi esa forchadan olingan. Oʻzbek tilida uch xil maʼnoda ishlatiladi:

 

1️⃣ Donalab, maydalab yoki kichik toʻp bilan sotiladigan va sotib olinadigan.

 

Chakana savdo. Chakana narx.

 

2️⃣ Unchalik ahamiyatga ega boʻlmagan; arzimas, mayda-chuyda.

 

Xosiyat xolaning erlari ham chakana paxtakor boʻlmagan ekanlar.

R. Fayziy, Choʻlga bahor keldi.

 

3️⃣ Shevada mayda chorva mollari, qoʻy-echki va aholiga tegishli shunday mollarni boquvchi.

 

Shu kundan eʼtiboran askar chakana choʻpon boʻldi.. Adirda uzun kun chakana mol boqdi.

T. Murod, Ot kishnagan oqshom.

 

❗️ Chakana soʻzini shaxsga yoki uning sifatiga nisbatan ishlatganda ehtiyot boʻlish zarur. Maqtov maʼnosi anglashilishi yoki belgi-sifat kuchaytirib ifodalanishi uchun chakana soʻzi bogʻlangan feʼl boʻlishsiz shaklda ishlatilishi kerak. Masalan, chakana odam emas – eʼtiborga arzirli, kuch yoki obroʻ-eʼtiborga ega odam. Chakana odam esa arzimas ishlar bilan shugʻullanadigan, mayda feʼlli odam boʻlib qoladi. Yoki chakana urmadi – juda qattiq urdi, zarb bilan tushirdi, chakana urdi – yengil, arzimas zarb berdi. Aslida bu kabi iboralarni boʻlishli shaklda ishlatish uslubiy xatodir.

 

Orif Tolib

 

📖 “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” asosida tayyorlandi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.