Umuman: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Umuman soʻzi bilan vergul ishlatish koʻp uchraydi. Ammo u vergul talab qiluvchi birliklardan emas.
Umuman ravish soʻz turkumiga mansub va ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:
1️⃣ Asos eʼtibori bilan, asosan.
Maqola umuman yaxshi taassurot qoldirdi.
2️⃣ Mutlaqo, butunlay.
Bu ishdan umuman xabarim yoʻq.
💎 Demak, umuman soʻzi bilan umuman vergul ishlatmaslik kerak.
Umuman olganda
Umuman kirish birikma tarkibida kelganda vergul ishlatiladi. Chunki kiritmalar vergul talab qiladi:
Umuman olganda, bu gapingizda jon bor.
Men bu birikmani ishlatmaslikka harakat qilaman. Koʻp oʻrinlarda u ehtiyojsiz qoʻllanadi va gapga mujmallik qoʻshiladi. Yuqoridagi jumladan birikmani olib tashlaylik:
Bu gapingizda jon bor.
Aniqlik ortdimi? Agar umumlashtirish, ikkilanish, oʻylanish, soʻzlovchiga biroz yon berish maʼnosini bermoqchi boʻlsangiz, bu birikmani ishlatishingiz mumkin. Baʼzan uning vazifasini ham yuklamasi bajara oladi:
Bu gapingizda ham jon bor.
Umuman olganda, bu birikmani koʻp hollarda ishlatmaslik mumkin. Shunisi afzal.
@oriftolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.