Xazarula

Xazarula

Nodar Dumbadze

 

Oʻn toʻrt yoshimda birinchi MARTA daraxt bilan suhbatlashganim esimda. U olma daraxti edi, xuddi buvim singari allaqachon oltmishdan oshgandi. Odamlar uni Xazarula deb atashardi.

Ilgari buvim har qishda Xazarula olmalaridan Tbilisiga olib kelardi. Ertalabki birinchi poyezdda shahar vokzaliga tushar, u yerdan toʻgʻri biznikiga yoʻl olardi. Buvimdan qishloqning xushboʻy, yoqimli hidi ufurib turar,
meni koʻksiga mahkam bosib quchoqlab, keyin yotarjoyimga mushtdan kattaroq koʻrimsiz olmani tashlardi:

– Ma, ol, nena1, hovlimizdagi Xazaruladan senga sovgʻa, xuddi Dapinoga oʻxshab burishib ketgan boʻlsa ham, bundan yaxshi olma yoʻq. YE, bolam, ha, dardingni olay-a, bolajonim-a.

Olma chindan ham juda mazali edi.

Urush boshlanganidan soʻng men qishloqqa – buvimnikiga koʻchib keldim va bu yerda Xazarula bilan shaxsan tanishdim. Daraxtning baʼzi joylarini qurt yegan, lekin hali baquvvat va koʻrkam boʻlib, sersoya shoxlarini keng yoyib turardi. Shoxlariga osilgan choʻmich, xumcha va koʻza daraxtga oʻzgacha chiroy bagʻishlardi. Lekin, bilishimcha, Xazarulamiz endi gullamay qoʻygandi.

Qirq ikkinchi yil bahorining boshlari edi. Bir kuni buvim meni erta tongda uygʻotdi. Uning qoʻlida qilichdek oʻtkir, yaltiroq bolta bor edi.

– Ha, buvi, meni chopmoqchimisiz? – dedim joʻrttaga yigʻlamsirab va koʻrpaning ichiga berkindim.

– Maynavozchilik qilma, tentak! – baqirdi buvim jahli chiqib. – Qulogʻingdan tortib sudramasimdan oʻringdan tur… Tur, ishingni boshla…

– Erta tongda qanaqa ish? – achchiqlandim men. – Yana nima baloni oʻylab topdingiz?

– Meni pisand qilmayapti, erkak kishining qoʻlini his qilib koʻrsin, – toʻngʻilladi buvim chimirilib.

– Buvi, kim haqida gapiryapsiz?

– Hah, mutruki2, hazil-mazaxdan boshqa narsani bilasanmi? Tur, dedim!

– Mana, turyapman. Faqat kim haqida gapirayotganingizni ayting, – dedim men va kiyina boshladim.

– Kim boʻlardi, Xazarula haqida gapiryapman-da. Yaramas, uyati ham, vijdoni ham yoʻq. Shunaqayam yuzsizlik boʻladimi? Ayni ocharchilik paytida-ya?!

– Daraxt haqida… gapiryapsizmi?.. – hayratdan tilim gapga kelmay qoldi.

– Ha, daraxt haqida, daraxt haqida.

– Olmani aytyapsizmi? – hanuz quloqlarimga ishongim kelmasdi.

– Axir, mevasiz daraxt ham daraxtmi?

– Xoʻp, men nima qilishim kerak? Uni kesishim kerakmi?

– Yoʻgʻ-e, nega birdaniga kesarkanmiz. Oldin qoʻrqitib koʻramiz, foydasi boʻlmasa, keyin kesib tashlaymiz.

Buvim menga Xazarulani qanday qoʻrqitishim zarurligini tushuntirib, boltani bosh tomonimga suyab qoʻydi va eshik tomon yurdi.

– U meni eshitadi deb oʻylaysizmi? – tirjaydim men.

– Agar zigʻircha aqli qolgan boʻlsa, eshitadi.

– Oʻzingiz qayerga ketyapsiz?

– Sizlar yolgʻiz gaplashishlaring kerak, – dedi buvim va tashqariga chiqib ketdi.

Oʻrnimdan turib, boltani yelkamga qoʻygancha marani3ning ustiga chiqdim va Xazarulaning roʻparasiga kelib toʻxtadim. Uning tagidagi nam tortgan yer chopishga tayyor boʻlgandi. “Qiziq, daraxt xaqiqatan ham odamni eshitarmikan”, deb oʻyladim va kulib qoʻydim. Keyin boltani oldim-da, kuch bilan daraxt tanasiga tiradim.

– Kesaymi, kesmaymi? – deb soʻradim bir necha MARTA baland ovozda.

Nihoyat uzoq oʻylanishdan soʻng boltani pastga tushirdim va shunday baralla gapirdimki, meni Xazarula tugul, toshlar va yerda koʻmilib yotgan koʻza ham eshitdi.

– Mayli, bilganingni qilaver, – deb ogohlantirdim soʻng, – yana bir yil kutaman, shundayam meva qilmasang, oʻzingdan koʻr. Tag-tuging bilan koʻchirib tashlayman.

Xullas, buvimning topshirigʻini qoyilmaqom qilib bajardim. Ammo Xazarula pinagini ham buzmas, xotirjam edi. U endigina chiqayotgan quyosh nurlarida isinmoqchi boʻlgandek, butun tanasi bilan yuqoriga intilayotganga oʻxshardi.

Bu safar endi buvimning ustidan emas, oʻzimning ustimdan kuldim. Boltani yerda yotgan toʻnkaga zarb bilan sanchdim-da, ortimga qaytdim.

– Qalay boʻldi? – soʻradi buvim.

– Uni oʻlgudek qoʻrqitdim. Koʻrmayapsizmi, bechora haliyam qaltirayapti, – deb javob berdim va buvimni daraxtga qarashga undadim.

Shunda men ovoz chiqarib kulib yubordim – Xazarulaning tanasi rostdan ham titrayotgan edi!..

Sharq tomondan shamol esardi.

 

Togʻlarga katta odimlar bilan bahor keldi. Gubazauz oʻrmonidan bir nazar tashladi-da, toʻgʻri hovlimizga kirdi. Xuddi qiyiq qizga oʻxshab etagini sal koʻtargancha yashil oʻtloqlarni bosib-bosib oʻtdi. Hamma-hammani – mol-hol, qushlar, oʻsimliklarni ham aqldan ozdirdi. Hayot qaynay boshladi.

Buvim meni yana saharda uygʻotib, Xazarulaga qarashimni soʻradi.

Oq-pushti libosdagi salobatli Xazarula biz tomonga istehzo bilan qarab turardi.

– Senga aytgandim-ku! – buvimning sevinchi ichiga sigʻmasdi.

– Nahotki, aqlga sigʻmaydi-ya! – deb ajablandim men.

Xazarula chaman boʻlib gullagan edi. Unga har yoqdan asalarilar kelib qoʻnardi. Vaqt oʻtishi bilan shoxlar son-sanoqsiz meva tugdi. Olmalar asta-sekin toʻlishib, pisha boshladi. Xazarula yil boʻyi bizni va qoʻshnilarimizni olma bilan taʼminlab turdi. Olma chaynayverib hatto mollarning ham tishi qamashib ketdi. Bir kuni savat toʻla olmani Teofan Dugladzening sigiriga olib borganim yodimda.

– Boʻldi, bas qil, sigirni tinch qoʻy! – haddan tashqari gʻamxoʻrligimdan Teofanning jahli chiqdi. – Bu ketishda hademay sut oʻrniga olma sharbat sogʻib olamiz.

– Qanday qilib butun qishloqni lol qoldirding, Xazarula? – soʻradim qish arafasi daraxtning uchidagi qush choʻqigan olmani olayotib.

– Mevali daraxt boʻlsang, buning ustiga, olma boʻlsang, shunday qilishing kerak! – dedi u qarigan boʻgʻimlarini gʻichirlatib.

Bu yil uzoq vaqtgacha yodimizda qoldi: Xazarula qaytib meva bermadi. Uni qanchalik qoʻrqitmay, qanchalik doʻq urmay, hatto yalinib ham koʻrdim – foydasi boʻlmadi. Xazarulaning xazarulaligi yoʻqoldi.

Ikki yildan keyin, xumdan musallas olayotganimizda buvim toʻsatdan osmonga, soʻngra Xazarulaga qaradi va bosh chayqab, menga xuddi begonaga gapirayotgandek dedi:

– Bugun qor yogʻadi, oʻtinimiz esa tugagan. – Uning ovozi titrar edi. – Sovuqdan tamom boʻlamiz, Xazarulani kesish kerak.

– Yana bir yil kutaylik, buvijon, keyin kesarmiz, – yalindim men. – Uni yana qoʻrqitib koʻraman…

– Uning kuni bitgan, nena, hech narsa bilan qoʻrqitolmaysan.

– Yoʻq, – dedim men, – uni kesa olmayman.

– Nega?! – buvimning jahli chiqdi. – Mening gapim senga bir pulmi?

– Yoʻq, buvi, unday emas… Baribir uni kesolmayman.

– Voy, nega? – ajablandi buvim.

– Axir, oʻzingiz aytmaganmisiz, daraxt hamma narsani eshitadi deb?!

– Odam qariganda nimalar deb aljiramaydi. Yaxshilab quloq sol. Baʼzan bir daraxtni deb odam odamni eshitmaydi… Frontda esa odamlar bir-birini oʻldirib yotishibdi. Men oʻshanda hazillashgan edim, uni esingdan chiqar.

– Yoʻq, – qattiq turib oldim men. – Bunday qilolmayman. Menimcha, daraxt eshitishdan tashqari koʻrishi ham mumkin. Qarang, u bizga ters oʻgirilyapti.

– Yo tavbangdan ketay! Nimalar deydi-ya bu bola?! Bunaqa gaplarni eshitgandan koʻra kar boʻlganim yaxshi edi, – yigʻladi buvim va jahl bilan peshanasiga shapatiladi. – E-e, bor-e, sendan foyda yoʻq. Sen xomkallani boplab laqillatgandim. Oʻzi bir adabingni berib qoʻyish kerak. Hoy qoʻshnilar! Hoy yaxshilar! Bu bola esidan ogʻib qopti! Zanjirga bogʻlash kerak buni! Adoyi tamom boʻpti! – U endi bor ovozi bilan hay-haylashga tushgandi.

– Ey Kalandadzening bevasi! Boladan nima istaysan? – qichqirdi uning dod-voyiga javoban chetan devorlar orasidan ketib borayotgan Ananiya Salukvadze va hovlimiz tomonga burildi.

– Eh, Ananiya, oʻzing oʻylab koʻr, avvalgi yili nabiramni meva bermaydigan Xazarulani qoʻrqitib qoʻyishga koʻndirgandim. Endi esa uni kesib tashlashini soʻrab yalinsam ham, unamayapti. Bilasanmi, nimaga? Daraxt hamma narsani koʻrib, eshitib turarmish… He, oʻrgildim! – dedi buvim achchiqlanib va mehmonga bir stakan vino uzatdi.

– Salom alaykum. Xudo quvvat bersin, – buvimni duo qildi Ananiya Salukvadze va musallasni shunday zavq bilan ichdiki, koʻrib ogʻzimning suvi keldi.

– Koʻradi… Eshitadi, degin? – takrorladi Ananiya tovlanib turgan sargʻish soqolini silab.

– Shuning oʻzigina emas, bu ahmoq daraxt gapirishi mumkinligiga haliyam ishonadi, – nolidi buvim. – Lekin uning aybi yoʻq, men oʻzim uning miyasini aynitganman. Endi, mana, shu ahvolga tushib oʻtiribman.

– Nabirang mabodo ertalabda vino-pinodan tatib koʻrgani yoʻqmi?

– Ha, bir-ikki stakan ichvoganga oʻxshaydi, – javob qildi buvim: unda toʻsatdan umid uchqunlari paydo boʻldi.

– Unday boʻlsa, musallasingdan menga yana bitta quy-chi, Darejan, – jilmaydi Ananiya. – Bolani sen yoki vino aqldan ozdirganini aniq aytib beraman.

Buvim stakanni toʻldirdi. Ananiya uni bir koʻtarishda boʻshatdi.

– Menimcha, Darejan, – deb gap boshladi u uzoq toʻxtamdan soʻng, – ikkalangiz ham uni aqldan ozdirgansiz: sen ham, vino ham. Lekin oxirgi qarorimni aytishim uchun yana bir stakan quy.

Buvim yana musallas quydi, ammo oʻsha paytda Ananiyaga shunday koʻz bilan qaradiki, agar uning oʻrnida boʻlganimda, idishga lab tekkizgani ham qoʻrqqan boʻlardim. Lekin Ananiya hech narsa boʻlmagandek uchinchi stakanni ham ichib bitirdi. Bu safar u oʻz hukmini darhol aytdi.

– Bolaning nima uchun aqldan ozgani menga hoziroq ravshan boʻldi, – dedi u musallasni koʻrsatib. – Daraxt hamma narsani koʻrib turishiga ishonasan-a, toʻgʻrimi?..

– Ha! – tasdiqladim men.

– Tosh-chi?

– Tosh ham.

– Daryo-chi?

– U ham…

Ananiya mening haqqimga duo qildi, soʻng buvim tomonga oʻgirildi:

– Ha, ana, hammasi tushunarli, Darejan. Aytaylik, sen daraxtsan… Aytaylik, ana shu Xazarulasan. Agar sen, nevarang aytganidek, koʻrsang, eshitsang… menga oʻxshagan, bolta koʻtargan kishini darrov payqamasliging mumkin emas. Odam senga yaqinlashadi va chopmoqchi boʻladi. Tushunyapsanmi? Chopmoqchi boʻladi. Hammasini koʻrib, bilib turasan-u, lekin qochib ketolmaysan. Bunday paytda aqldan ozish hech gapmas-ku, toʻgʻrimi? – dedi Ananiya va boʻsh stakanni uzatdi, ammo buvim bu safar negadir shoshmadi. – Quysang-chi, tezroq! – deb qichqirdi Ananiya. – Senga aytishim kerak boʻlgan narsalarning koʻpi hali oldinda.

Buvim stakanni toʻlatdi.

– Sen-chi, bolakay, shaharlik boʻlsang ham, – deb menga yuzlandi Ananiya, – bizning qishloqcha hikmatlarimizni oʻrganib olishing kerak.
Dehqon uchta narsani qoʻl ostida saqlab turmasligi zarur: nasl qoldirmaydigan hayvonni, meva bermaydigan daraxtni va farzand koʻrmaydigan… – shu yerga kelganda u buvimga tikilganicha ikkilanib qoldi.

– Menga baqrayib qarama, Ananiya, – kuldi buvim. – Gapingni oxirigacha ayt, uyalma. Oʻgʻlim boʻlmaganda qayerdan nevara koʻrardim?

– Gaping toʻgʻri… Xullas, uchinchisi – farzand koʻrmaydigan xotinni… Buving Darejanning yetti farzandi boʻlgan. Ha, shunaqa…

– Mendan nima istaysiz, Ananiya togʻa? – soʻradim undan.

– Nega daraxtni kesmayapsan? – savolga savol bilan javob berdi u.

– Unga rahmim kelyapti.

– Demak, bolakay, daraxtga achinyapsan. Sen tengqur bolalar frontda tanklar tagida yotibdi, sen boʻlsang…

– Ha, davlatimizga ogʻir. Bunaqa ogʻzidan ona suti ketmagan goʻdaklar bilan Hitlerni yengib boʻlarmidi?

– Yoʻq, bunaqa gaplarni gapirma, Darejan, – Ananiyaning birdan jahli chiqdi.

– Gapirmay boʻladimi? Oʻlar holatda boʻlmaysanmi, bu bola tovuq tugul, hatto joʻjayam soʻyib bermaydi. Ana, daraxtni kesmay oʻtiribdi, rahmi kelayotganmish. Kezi kelganda aytay, ikki yil oldingi Yangi yilda bir jonliqning boʻgʻziga pichoq tortgandi. Bechora jonivorni bu yili Intabuyetida topishibdi. Boʻynida pichoq loʻkillab turganmish. Shuyam ishmi endi? E-e… – deb zorlandi buvim.

– Buving rost gapiryaptimi, jiyan? – deb soʻradi Ananiya.

– Ha, rost, Ananiya togʻa. Faqat menga behuda nasihatgoʻylik qilmang, baribir Xazarulani kesmayman.

– Rahming kelyaptimi, bolakay?

– Nima, rahmim kelmasinmi?

– Bilganingni qil, rahmdil! Yana bir stakan quy, Darejan. Ertaga ertalab Xazarula yerga agʻnab yotgan boʻladi. Oʻzim ertagayoq kesib tashlayman: buguncha qoʻlim tegmaydi.

Ananiya buvim quygan musallasni ichdi.

– Darejan, senda mabodo gazak topilmaydimi? – yoʻl-yoʻlakay soʻradi u.

– Gazakka tayoq yeyishni xohlamaysanmi? – dedi buvim kesatib.

Ananiya indamay hovlidan chiqdi va qishloq yoʻli boʻylab sekin yuqoriga keta boshladi.

– Ey, Ananiya, u yoqda nima qilasan? – qichqirdi buvim. – Pastga ketayotgan eding, shekilli.

– Ha, pastda ishim boridi, Darejan, – deb tan oldi Ananiya. – Lekin raisimizning daraxtlari rosa gullabdi. Bogʻbonchilikka esa, bilasan, men kerak boʻlaman.

U qoʻl siltadi.

– Unday boʻlsa, qadrli Ananiya, Shakroianing qoʻrasiga suyanaqol, – dedi buvim uning qadam tashlashidan xavotirlanib. – Meniki oʻzi zoʻrgʻa turibdi.

U bir hatlab qishloq yoʻliga oʻtdi va Shakroia Mikaberidzening panjarasiga suyanib oldi. Yana yoʻlga tushdi-yu, birdan toʻxtab, menga qaradi:

– Ey jiyan, – deb chaqirdi meni. – Demak, sening Xazarulang koʻrar ekan-da?.. Sen oʻzi… Xazarulangni hoziroq, – qiqirlab kuldi u. – E, koʻzim hech baloni koʻrmayapti-yu.

Ananiya gandiraklagancha ohista qadam tashlab olisladi.

Men haq edim. Churq etmay turgan bargsiz daraxt hammasini koʻrgan va eshitgandi. Xazarula yarim tungacha oʻyladi. Yarim tunda yuragini qattiq siqimladi, ildizlarini tortdi. Ildizlar qurshovida qolgan xum larzaga keldi. Xazarula buni sezdi va ildizlarini yanada qattiqroq qisdi… loydan yasalgan xumning yonboshi ezildi, lekin sinmadi. Xazarula ildizlarini oldingidan ham mahkamroq qisdi, koʻzada birinchi yoriq paydo boʻldi. Undan qizil suyuqlik sizib chiqib, daraxtning uzun tomirlarini sugʻora boshladi. Xazarulaning butun tanasini dahshatli titroq bosdi. Lekin asta-sekin bu titroq tushunib boʻlmaydigan yoqimli qaltiroqqa aylandi. Halokati muqarrar va tashna daraxt koʻzaga mahkam yopishdi, qizil suyuqlik uning tomirlari boʻylab oqa boshladi. U yaqin yetmish yildan beri ildizlari orasida saqlab kelayotgan moʻʼjizaviy suyuqlikni shimiy boshladi: oʻtgan shuncha yildan beri hech narsadan xabarsiz daraxt uni hayotbaxsh yerosti shoxlari ichida ardoqlab kelgandi… Uni qanchalar himoya qilib, asrab kelgandi-ya!.. Qizil suyuqlik koʻzaning yorigʻidan tinimsiz sharillab oqardi. Xazarula koʻzani yanada qattiqroq siqdi, ajoyib suyuqlikni toʻyib-toʻyib ichdi. Uning gʻalati, yoqimli titroqdan qaltirayotgan tanasi issiqlik va quvonchga toʻldi. Xazarula dunyodagi jamiki narsani unutib, qayta-qayta ichdi… Oxiri sarxush holga keldi, dunyo koʻziga goʻzal koʻrina boshladi!

Moʻʼjiza yuz berdi!.. Kun yorishguncha koʻza boʻshadi, Xazarula oxirgi tomchini ichdi, shunda unga odamning va gʻalati suyuqlikning siri maʼlum boʻldi. Yoʻq, u endi nega odamlar bir-birini quchoqlashiga, qoʻlida kosa tutgancha yigʻlashiga, bir-birini quvlab, janjallashishiga, kulishishiga, qoʻshiq kuylashiga umuman ajablanmaydi. Odamlar bir-birining qoʻlini tutib uning atrofida raqs tushishi, koʻzani yaxshilab yuvishi va eʼzozlab yana ajoyib suyuqlik bilan toʻldirishi ham endi uni hayratlantirmaydi. Xazarula barchasini tushundi, shunda uning oʻzi ham oʻlgunicha kuylashni, yigʻlashni, yugurishni, raqs tushishni xohladi… Lekin bularni qanday qilib bajarishi mumkin? Bechora Xazarula, axir u odam emas, daraxtligicha qoldi-ku. Shunda u qoʻlidan kelgan hamma narsani qildi – ertalabgacha u yoq-bu yoqqa silkinib, guvillab turdi.

Tongda esa… Tongda yonboshiga tegayotgan ovozsiz zarbani his qildi. U sira ogʻriq sezmadi, shuning uchun zarbaga eʼtibor bermadi… Keyin narigi yonboshida ham xuddi shunaqa zarbani his qildi, lekin bunga ham parvo qilmadi… Uning tanasiga ketma-ket zarbalar kelib tushdi. Oradan bir soatdan oshiq vaqt oʻtdi. Nihoyat, allaqanday kuch uni oʻngga, chapga ogʻdirayotganini angladi. Bosim yanada kuchaydi, choʻziq va kuchli gʻirchillagan ovoz eshitildi… Xazarula dastlab sekinlik bilan egildi, keyin toʻsatdan boʻshashganicha oʻzini yerga tashladi. Endi u faqatgina qoʻllari, yelkalarining gʻichirlashini, boʻgʻimlari va suyaklarining singan tovushinigina eshitdi… Lekin u zarracha ogʻriq tuymadi, koʻzlarini yumib, chuqur va shirin uyquga ketdi.

– Tur, tur oʻrningdan, toychogʻim! – uygʻotdi buvim. – Ananiya tong qorongʻisida Xazarulani kesib yiqitdi. Boltani olib, hech qursa shoxlarini buta, – dedi-da, oshxonaga chiqib ketdi.

Buvimning sezgirlik qobiliyati pand bermadi. Kechasi rostanam qor yogʻibdi. Qishloq xuddi oppoq koʻylakdagi kelinchakka oʻxshab qolgandi. Faqat bizning hovli motam tutayotgandek edi goʻyo: maranida novdalari singan, yaqinda kesilgan ulkan Xazarula yotardi. Bu manzarani koʻrib koʻnglim maʼyus tortdi. Maraniga koʻtarildim va shoxlarni butashdan oldin daraxtning kesilgan joyiga kelib oʻtirdim. Oʻtirib, sinchiklab qaradim va dong qotib qoldim: kesik tomirlardan qondek qip-qizil suyuqlik tomchilab turardi.

– Buvi! – qichqirdim men.

– Nima deysan? – derazadan bosh chiqarib qaradi u.

– Bir daqiqaga bu yoqqa keling.

– Nima boʻldi?

– Keling, oʻzingiz koʻrasiz.

– Nima bu? – soʻradi buvim hayron boʻlib.

– Menimcha, daraxtning qoni boʻlsa kerak, – javob qildim titroq ovozda.

– Boʻlishi mumkinmas, hozir yanvar-ku, hamma daraxt uyquda boʻladi. Faqat fevraldan keyin daraxt tanasiga shira keladi, – dedi buvim.

U suyuqlikka barmogʻini tekkizdi-da, hidlab koʻrdi. Toʻsatdan rangi oqarib menga qaradi.

– Xumni och! – buyurdi menga.

Men darhol yerga koʻmilgan xumning ustidagi tosh va qopqoqni olib tashladim. Buvim ikkalamiz shoshib uning ichiga qaradik. Xum boʻm-boʻsh edi!..

– Ey Xudo, oʻzing rahm qil, bizni aqldan ozdirma! – iltijo qildi buvim. Uning ovozi titrar edi. Qoʻllarini yuqoriga choʻzgancha, yerga tizzaladi.

Sovuqdan dir-dir qaltirayotgan Xazarula koʻzlarini ochdi. Unga dunyo ostin-ustin boʻlib ketganga oʻxshab tuyuldi. U ajablandi. Dastlab hammasiga gʻalati qizil suyuqlik aybdor deb oʻyladi. Lekin shu payt boltaga tirsagi bilan suyanganicha, boshini egib oʻtirgan gʻamgin oʻspirinni, sal nariroqda, ogʻzi ochiq xumning roʻparasida, oppoq qorda tiz choʻkib, qoʻllarini osmonga koʻtarib oʻtirgan kampirni koʻrdi-yu, oʻzining jonsiz Xazarula ekanini tushundi va koʻzlarini yumdi.

Xazarula mangu uyquga ketdi.

 

Rus tilidan

Mirjalol MADVALIYEV

tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 9-sonidan olindi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube