“Xodunok”ning oʻzbekchasi nima?
Yurishni oʻrganayotgan goʻdaklar, sogʻligʻini tiklayotgan bemorlar, nogiron va qariyalar foydalanadigan arava turi bor. Ruschada xodunok deyiladi.
Bolalarga moʻljallangan bunday “toy-toy” aravachalar bizda endi ommalashdi. Oldin predmetning oʻzi boʻlmagani uchun, tabiiyki, uning oti ham boʻlmagan. Masalan, 1984-yili nashr etilgan 2 jildli ruscha-oʻzbekcha lugʻatga bu soʻz kiritilmagan.
Bemorlar, nogironlar va qariyalar oldin ham bu vositadan foydalangan. Shifoxonalarda kasallar stulsimon bu jihozga tayanib yurganiga koʻzim tushgan,
lekin u oʻzbekchada qanday atalishini eshitmaganman.
Xodunok Xorazm shevasida adaqarva, otaqarva deyilar ekan. Bilgichlarning aytishicha, adoq, yaʼni oyoq va arava soʻzlaridan yasalgan. Boshqa variantga koʻra: etoq arava, yaʼni etov arava soʻzining talaffuz varianti. Juda yaxshi ot qoʻyishgan ekan, menga maʼqul keldi. Qoraqalpogʻistonda esa adagarba deyilarkan, bu ham adaqarvaning qoraqalpoqcha talaffuzi.
Xoʻsh, oʻzbekchada qanday atash kerak? Menimcha, etov arava – zoʻr variant. Bitta tushunchani ifodalayotgani uchun qoʻshma soʻz sifatida qoʻshib yozish ham mumkin: etovarava. Yoki adogʻarava deyish kerak.
Men boshqa bir variant ham oʻyladim, qisqa-loʻnda: tayanchiq. Ammo bu soʻz tilimizda tirgovuch, suyanchiq, tayanch kabi maʼnolarda ham qoʻllanadi.
🟢 Siz qanday fikrdasiz?