Yili va yilda
Yillarni ifodalashda yili va yilda soʻzlari qoʻllanadi. Masalan, 2019-yili yoki 2019-yilda. Men koʻpincha 2019-yili deb ishlataman. Chunki sanadan keyin yana -da qoʻshimchali soʻz kelishi mumkin va takror paydo boʻladi:
2018-yilda korxonamizda yangi boʻlim ish boshladi.
Erkin Vohidov 1936-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan.
Mana shunday oʻrinlarda yili deb qoʻllagan maʼqul.
Yil va kun birgalikda yaxlit sanani bildirsa, -da ishlatiladi:
Erkin Vohidov 1936-yil 28-dekabrda Oltiariq tumanida dunyoga kelgan.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yuqoridagi gapda ikkita -da qoʻshimchasi ketma-ket kelib qoldi. Bunday hollarda 1936-yil 28-dekabr kuni degan yaxshiroq.
❗️ Yil va kun birga kelganda yil ishlatiladi, yili emas. Masalan, 1936 yili 28-dekabrda deyish xato.
Kun biror yilga tegishli ekani bildirilganda qaratqich qoʻshimchasi (-ning) ishlatilishi ham, ishlatilmasligi ham mumkin. Agar kun sanasi aniq koʻrsatilsa, -ning ishlatiladi, noaniq boʻlsa, tushirib qoldirsa boʻladi:
1936-yilning 28-dekabrida.
1936-yil(ning) dekabrida.
Bu qoidalarga doim amal qilish shart emas. Baʼzi oʻrinlarda yilda deb ishlatish oʻrinliroq boʻladi. Qay birini ishlatishni jumla va umumiy mazmun (kontekst)dan kelib chiqib belgilaysiz.
Orif Tolib