Yulduz turkumlari nomi qanday yoziladi?
Savol:
Katta Ayiq, Kichik Ayiq yulduzlar turkumining nomida ayiq soʻzi kichik harf bilan yoziladimi yoki katta?
Javob:
Yulduz
turkumlari nomini yozishda izohli lugʻat chalkashliklarga yoʻl qoʻygan. Masalan, Katta Ayiq soʻzida ayiqni bosh harf bilan bergan. Lekin uning ikki sinonimida keyingi soʻz kichik harf bilan boshlangan: Yetti ogʻayni, Yetti qaroqchi.
Milliy ensiklopediya esa Katta Ayiqda ham, uning maʼnodoshlarida ham barcha soʻzlarni bosh harf bilan yozgan.
Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalariga koʻra, yulduz va sayyoralar, boshqa xil osmon jismlarining atoqli oti bosh harf bilan yozilishi kerak. Shu bandda misol tariqasida berilgan Oydagi relyef nomi – Tinchlik dengizi birikmasida ikkinchi soʻz kichik harf bilan yozilgan. Biroq qoidada osmon jismlarining atoqli oti bosh harf bilan yozilishi belgilangan. Balki, relyefning oti Tinchlikdir, dengiz soʻzi atoqli ot tarkibiga kirmas. Bu relyef haqida milliy ensiklopediyadan ham, internetdan ham maʼlumot topa olmadim. Boshqa barcha misollarda nomlar bir soʻzdan iborat.
Atoqli ot baʼzan ikki yoki undan ortiq soʻzdan iborat boʻlishi mumkin. Masalan, sifatlovchili joy nomlarida sifatlovchi ham bosh harf bilan yoziladi: Shimoliy Kavkaz, Markaziy Qizilqum kabi. Okeanlar nomini yozishda ham shunga oʻxshash holat: Shimoliy Muz okeani. Bu yerda okean soʻzi atoqli ot tarkibiga kirmaydi. Okeanning nomi – Shimoliy Muz. Boyagi Tinchlik dengizi birikmasi shunga oʻxshaydi. Shularga tayanadigan boʻlsak, yulduz turkumlari nomida ham har bir soʻzni bosh harf bilan yozish mantiqan toʻgʻri boʻladi.
Albatta, bu – qiyosiy xulosa. Yangilanadigan imlo qoidalarida shu va shu kabi holatlarga oydinlik kiritish kerak. Imlo qoidalari tildagi vaziyatlarni iloji boricha kengroq, toʻlaroq qamrab olishi zarur.
📌 Demak, hozircha:
Katta Ayiq, Yetti Ogʻayni, Yetti Ogʻayni yulduzlari, Katta Ayiq yulduz turkumi ✅
Orif Tolib