Zilzila oʻchogʻi, epitsentr, gipotsentr

Zilzila oʻchogʻi, epitsentr, gipotsentr

Milliy ensiklopediyaga koʻra, yer poʻsti yoki yuqori mantiya qatlamidagi zilzila paydo boʻlgan maʼlum bir hajm zilzila oʻchogʻi, uning markazi deb hisoblangan nuqta esa gipotsentr, gipotsentrning yer yuzasidagi proyeksiyasi zilzila epitsentri deyiladi. Epitsentr va gipotsentr oraligʻidagi masofa zilzilaning yer yuzidan chuqurligini koʻrsatadi.

👉  Soddaroq tushuntiraman: yer tagida zilzila yuzaga kelgan joy – zilzila oʻchogʻi, shu oʻchoqning markazi – gipotsentr, shu gipotsentrning tepasida, yer yuzasidagi joy – epitsentr.

Epitsentr yer ostida yoki suv ostida boʻlishi mumkin. Epitsentrni aniqlash uchun seysmik stansiyalarning qaydlaridan foydlaniladi. Eng koʻp vayrongarchilik ana shu epitsentr va uning yaqinida yuz beradi. OAV epitsentr va gipotsentr tushunchalarini koʻpincha yanglishtiradi. Shu sababli “Zilzila epitsentri falon kilometr chuqurlikda” mazmunidagi jumlalar qoʻllanadi. Aslida bu gipotsentrdir.

Zilzila oʻchogʻi Oʻrta Osiyo hududida aksariyat hollarda yer sathidan 5–50 km  chuqurlikda joylashgan boʻladi. Yer sharining maʼlum hududlarida zilzila oʻchogʻi 200–300, hatto 700 km gacha chuqurlikda boʻlishi ham mumkin.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube