Kobeydjing va Gyote

Kobeydjing va Gyote

Bu ikki soʻzning nima aloqasi bor, demoqchimisiz? Astoydil harakat qilgan odam bogʻliqlik topa oladi 🙃.

Soʻrovnomada koʻpchilik kobeyjing variantini toʻgʻri deb belgilabdi. Lekin unday emas. Nega?

Kobeydjing ruscha talaffuz varianti emas. Rus tili alifbosida joʻja, joʻra, jahon soʻzlaridagi j tovushini ifodalovchi harf yoʻq. Shuning uchun ular bu tovushni dj harf birikmasi bilan ifodalaydi: Djurabek, Djordan, medjnun, kolledj.

Baʼzida rus tilidan qilingan tarjimalarda dj harf birikmasi oʻzbek tiliga oʻzgarishsiz oʻtkazilganini koʻramiz. Bu – qoʻpol xato. Chunki ruschada dj bilan berilayotgan tovush oʻzbekchada j harfi bilan ifodalanadi: Pendjab – Panjob, Djordj – Jorj, Djeyms – Jeyms, xodja – xoja, menedjer – menejer kabi.

Lekin pidjak, byudjet, lodjiya kabi soʻzlarda bu qoidaga amal qilinmagan. Ular xuddi shu koʻrinishda lugʻatlarimizga kirgan. Imlodagi gʻalati mashhur desa boʻladi. Bu soʻzlardagi dj birikmasi rus tilida ham portlovchi dj tovushi shaklida emas, d va sirgʻaluvchi j (jurnal, jirafa soʻzlaridagi j) tarzida talaffuz qilinadi. Lekin ularning etimologiyasiga qarasangiz, asliyatda dj tovushi ishlatilganini koʻrasiz. Bunday holat rus tilida uchrab turadi. Masalan, inglizchada dj bilan oʻqiluvchi journal, journalist soʻzlari ruschaga sirgʻaluvchi j bilan jurnal, jurnalist tarzida oʻtgan.

Kobeydjing soʻzi asliyatda ham d va j bilan yoziladi: co-badging. Bunda d – d tovushini, g esa – j tovushini bildiradi. Demak, bu soʻzni oʻzbekchada kobeydjing deb bergan toʻgʻri.

Bu soʻz plastik kartada birdan ortiq toʻlov brendining imkoniyatlari jo boʻlganini anglatadi. Kobeydjing karta egasi yagona karta orqali hamkor toʻlov tizimidan ham foydalana oladi.

Biz bu soʻzni baribir kobeydjing emas, kobeyjing deb talaffuz qilamiz-ku, degan mulohaza ham boʻlishi mumkin. Toʻgʻri, shunday. Vaqti kelib bu soʻz lugʻatlarga kobeyjing shaklida kiritilsa, shu tarzda yozgan maʼqul. Lekin hozircha bu shaklni toʻgʻri deya olmaymiz.

Xoʻsh, kobeydjingning Gyote bilan bogʻliqligiga kelsak. Oxirgi sakson yilda xorijiy soʻzlarni rus tili orqali olganimiz uchun Heyneni Geyne, Harrini Garri, Hollandiyani Gollandiya, Hamburgni Gamburg, hidroni gidro, hibridni gibrid deb oʻzlashtirdik.

Oʻtgan asrning 90-yillari boshida soʻzlarni asliyatga mos holda yozishga kirishildi. Lekin baʼzi oʻrinlarda xatolar ham kuzatildi. Jumladan, Gyoteni Hyote deb yozish
hozirgacha uchrab turadi. Gyote nemischada Goethe deb yoziladi. Demak, oʻzbekchada ham Gyote shaklida berish kerak.

G bilan boshlanuvchi har qanday ism asliyatda H bilan yozilgan boʻlavermaydi. Oʻzlashma soʻzlar imlosini joriy etishda asliyatga bir qarab qoʻyish kerak.

 

Yanglish yozish odat boʻlib qolgan yoki odatga aylanayotgan yana shunday soʻzlarni bilasizmi? Izohlarda qoldiring.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.