Adabiy tahrir konsepsiyasi: matnni qayta ishlash mohiyati

Adabiy tahrir konsepsiyasi: matnni qayta ishlash mohiyati

Orifjon Madvaliyev
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU tayanch doktoranti

 

Annotatsiya

Matnni tahrirlash uning sifatini oshirish demakdir. Sifatli matnning taʼsirchanligi, natijadorligi yuqori boʻladi. Aks holda matndan koʻzlangan natijaga erishilmaydi yoki chala erishiladi. Shunday ekan, matn tahriri masalasiga jiddiy yondashish zarur. Ushbu maqolada matnni tahrirlashning mohiyati va zarurati haqida soʻz boradi.

Kalit soʻzlar: tahrir, adabiy tahrir, tahrir mohiyati, tahrir konsepsiyasi, matnni qayta ishlash, xatolarni tuzatish.

 

Annotation

Editing text means improving its quality. The effectiveness of high-quality text will be high. Otherwise, the intended result of the text will not be achieved or will be partially achieved. Therefore, the issue of text editing must be taken seriously. This article discusses the essence and necessity of text editing.

Keywords: editing, literary editing, the essence of editing, the concept of editing, text processing, error correction.

 

Soʻnggi yillarda ona tilini oʻqitish metodikasida “XXI asr koʻnikmalari” yoki “4K” kabi iboralar tez-tez koʻzga tashlanyapti. Bunda oʻquvchida shakllantirilishi kerak boʻlgan muhim koʻnikmalar nazarda tutiladi. Jumladan, 4K koʻnikmalari kollaboratsiya, kommunikativlik, kreativ fikrlash, kritik (tanqidiy) fikrlashni oʻz ichiga oladi [Kun.uz: 2023]. Ushbu toʻrt koʻnikma kelajakda oʻquvchiga hayotiy vaziyatlarda asqatadi, ish faoliyatida qoʻl keladi.

Ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari oʻquvchilarning yozma va ogʻzaki nutqi bilan ishlaydi, ularning matn bilan ishlash qobiliyatini shakllantiradi. 4K koʻnikmalarini matn bilan ishlash jarayonida ham shakllantirish zarur. Matnni qayta ishlovchi uchun yuqorida sanalgan koʻnikmalar juda muhim. Chunki u jamoada ishlay bilishi, yaʼni muallif yoki mualliflar bilan hamkorlik qilishi, natijada jamoaviy natijaga erishishi – sifatli matn tayyorlashi kerak. Har qanday matndan kommuninikativ maqsad koʻzlanadi – u oʻquvchiga taʼsir qilishi, unda his yoki fikr uygʻotishi, maʼlumot va bilim hosil qilishi kerak. Matnni tahrirlashda kreativ va tanqidiy fikrlash ham juda-juda muhim. Chunki matnning sifatini yaxshilash uchun unda yetishmayotgan jihatlarni toʻldirish talab etiladi, buning uchun esa ijodkorlik kerak. Har qanday maʼlumotni toʻgʻri deb qabul qilmaslik uchun unga kritik (tanqidiy) yondashish zarur. Shu nuqtayi nazardan, boʻlajak ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilarida – ona tili va adabiyot taʼlimi yoʻnalishi talabalarida adabiy tahrir koʻnikmalarini shakllantirish muhimdir. Ushbu maqolada matnni qayta ishlashning zaruriyati, bu jarayonda nimalarga ahamiyat berish kerakligiga eʼtibor qaratildi.

Ixtisoslashgan taʼlim muassasalarining 5- va 7-sinflari uchun ishlab chiqilgan “Ona tili” darsliklarida matn tahriri mavzusiga alohida oʻrin ajratildi. Bu adabiy tahrir ona tilini oʻqitish metodikasi nuqtayi nazaridan ham dolzarblashganini koʻrsatadi. Chunki matnni tahrirlash malakasi shakllantirilsa, oʻquvchilarda oʻqib tushunish, tanqidiy fikrlash va ijodkorlik koʻnikmalari ham rivojlanadi. Matnni tahrirlash mashqlari uni tushunish, implitsit (ochiq aytilmagan) va eksplitsit (ochiq aytilgan) maʼlumotlarni aniqlash koʻnikmasini rivojlantirishda ham samaralidir.

Oʻzbekistonda tahrir sohasi oʻtgan asrning ikkinchi yarmidan rivojlandi. Garchi bu paytda tahrir alohida fan sifatida oʻrganilmagan boʻlsa-da, tahririyatlar va alohida adiblarning tahrir maktablari yuzaga keldi. Masalan, “Guliston” jurnali oʻzbek matbuoti va adabiyoti uchun tahrir tushunchasini mustahkam, zaruriy elementga aylantirib berdi. Jurnal 1966-yili qayta ochildi va mamlakat maʼnaviy hayotida katta oʻzgarishlar, yangilanishlar yasadi. “Guliston” oʻsha paytlari tahrir masalasida ham ilk jiddiy qadamlarni qoʻydi. Jurnal tahririyati lugʻatdagi ruschalashtirish va yevropalashtirishga qarshi oʻzbekchalashtirish, sharqlashtirish uchun kurashni boshlab berdi: revolyutsiya – inqilob, redaksiya – tahririyat, avtor – muallif, poeziya – nazm yoki sheʼriyat, proza – nasr, filosofiya – falsafa tarzida muomalaga kiritildi [Sulton, 2020: 6–7]. “Guliston” tahririyati ilk yirik tahrir maktabiga asos soldi. Bu maktabning Asqad Muxtor boshchiligidagi Vahob Roʻzimatov, Mahmud Saʼdiy, Murod Xidir, Sulaymon Rahmon, Erkin Aʼzam, Xayriddin Sulton, Tohir Malik, Muhammadali Qoʻshmoqov, Saʼdulla Ahmad, Mahkam Mahmudov [Sher, 2015] kabi vakillari sabab tahrirning kuchi, vazifasi keng afkor omma ongiga singib bordi. Koʻpchilik “tahrir muallifning fikrini qaychilash emas, tahrir – muallif aytmoqchi boʻlgan, lekin oʻxshatib ifodalay olmagan fikrlariga yoʻl ochish” [Doʻstmuhammad, 2009] ekanini angladi. Shu maktab taʼsirida Erkin Aʼzam, Nurulloh Muhammad Raufxon kabi adiblar oʻz tahrir uslublarini yaratdilar.

Oʻzbek tilida tahrir boʻyicha ilmiy tadqiqotlar, kitob va qoʻllanmalar koʻp emas. Tahrir boʻyicha Zoir Tohirov bir necha kitob va qoʻllanmalar yozgan. Taniqli muharrir Mahmud Saʼdiy “Tahrir sanʼati” oʻquv dasturini yaratgan.

Kitob, gazeta-jurnal, elektron nashrlar bilan bogʻliq faoliyatda adabiy tahrir jarayoni kuzatilishi tabiiy. Lekin bu jarayon aslida hayotning kengroq jabhalarida koʻzga tashlanadi. Hatto kundalik yozishmalar ham tahrir qilinishi mumkin. Ushbu atamaning mazmun-mohiyatini tushunib olish uchun oldin uning lugʻaviy maʼnosini, izohini oʻrganish zarur.

Izohli lugʻatga koʻra, arab tilida ozod qilish; tuzatish, muharrirlik qilish; yozish, asar yozish kabi maʼnolarni anglatuvchi tahrir soʻzi oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

  1. Yozma ishni, asarni tuzatishlar kiritib yaxshilash, tuzatish.
  2. Yozish, ijod qilish [OʻTIL – 4, 2020: 42].

Soʻzning ikkinchi maʼnosi hozir eskirgan va u asosan birinchi maʼnosida ishlatiladi.

“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” esa tahrir soʻzining mohiyatini kengroq ochib bergan. Unga koʻra, matbuotda bosish, radio, televideniyedan oʻqish, koʻrsatish va boshqa maqsadlar uchun moʻljallangan matnning ishlanish jarayoni tahrirdir. Bu jarayonni odatda muharrir, adabiy xodim kabi tahririyat xodimi bajaradi. Shartli ravishda adabiy, ilmiy, siyosiy tahrir farqlanadi. Asarning mazmuni ustidagi tahrir ilmiy va siyosiy tahrir hisoblansa, qoʻlyozmaning shakli (kompozitsiyasi va uslubi) ustidagi tahrir adabiy tahrir hisoblanadi. Amaliyotda tahrir – yagona ijodiy jarayon boʻlib, muallifning oʻziga xos uslubini saqlagan holda mazmun va shaklda mukammallikka erishish maqsad qilinadi [OʻzME – 8, 2004: 317]. Ensiklopediya maʼlumotida mazmunni tahrirlash adabiy tahrir emasligi aytilgan boʻlsa-da, adabiy tahrir bevosita mazmunga taʼsir qiladi. Chunki kompozitsiya, uslub va soʻz qoʻllash matn mazmunini oʻzgartirishi, yaxshilashi yoki unga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, adabiy tahrir faqatgina shaklni ishlash emas, mazmunni yaxshilash hamdir.

Zoir Tohirov “Adabiy tahrir” qoʻllanmasida tahrir “ifodani, qoidani, qarorni, majburiyatlarni aniqlashtirish, umuman turli hujjatlarni tayyorlash” [Tohirov, 2021: 7] ekanini taʼkidlaydi. Yuqoridagi ikki taʼrif koʻproq adabiy asarlarga tegishli boʻlsa, bu izoh koʻproq rasmiy hujjatlarga aloqador. Biroq matnlar faqat bu ikki yoʻnalishda boʻlmaydi. Boshqa turdagi matnlar, masalan, ilmiy matnlar ham adabiy tahrirga muhtoj. Ommaviy axborot vositalaridagi matnlar tamoman boshqa xarakterda va ular ham adabiy tahrirdan oʻtkazilishi zarur. Albatta, hozirgi tezlashgan, axborot oqimi zich va katta boʻlgan davrda OAV materiallari tahriri tezkorlik, ommaga tushunarlilik, koʻpchilikning eʼtiborini torta olish kabi jihatlar bilan chambarchas bogʻliq boʻladi.

Taniqli rus muharriri va tahrir nazariyachisi K. Bilinskiy adabiy tahrirning vazifasi anʼanaviy tasʼhihdan, yaʼni korrektura tuzatishidan farq qilishini aytadi. Adabiy muharrirning vazifasi muallifga adabiy til vositalaridan eng aniq va fikrni ishonchli yetkaza oladiganini, matn xususiyatiga mos boʻlganini tanlashda koʻmaklashish, matnni nafaqat grammatik va leksik jihatdan toʻgʻrilash, balki tushunarli va yengil qabul qilinadigan darajaga yetkazishdir. Adabiy muharrir muallifning dalillashlari, mulohazani berish ketma-ketligi, matn kompozitsiyasini tekshirishi va toʻgʻrilashi, uslubga eʼtibor qaratishi, tasviriy materialni baholashi, barcha ortiqcha va tasodifiy detallarni tozalashi kerak. Bu matnni yangidan yozish degani emas, albatta. Matnni mukammallashtirish didga koʻra baholashga emas, uni sinchkovlik bilan tahlil qilish va yaxlit, bir butun narsa sifatida baholashga asoslanishi zarur [Накорякова, 2011: 21–22]. Tahrirning umumiy prinsiplari boʻlsa-da, aynan qanday tahrir qilish boʻyicha barcha holatlarga birday mos keladigan tartib-qoidalar mavjud emas. Chunki har bir muallifning individual jihatlari boʻladi, davr oʻtishi bilan matnlarning xususiyatlarida oʻzgarishlar yuz beradi, adresat, yaʼni oʻquvchi-foydalanuvchining ehtiyojlari oʻzgarib boradi. Garchi matnni didga koʻra baholashga asoslanmaslik afzal jihat sanalsa-da, matn tahriri maʼlum maʼnoda didga asoslanadi. Muharrir sohada tajriba orttirishi, bilim va malakaga ega boʻlishi natijasida unda did ham shakllanadi va matnni baholash, qayta ishlashga jiddiy taʼsir oʻtkazadi.

Matnning turi va xususiyatiga koʻra tahrir oldiga qoʻyiladigan vazifalar farqlanishi mumkin. Masalan, OAV materiallarida asosiy maqsad ommaga axborot yetkazish boʻladi, shu sababli matnning xarakteri, uslubi, shakli badiiy asarlardan farq qiladi. Bunda jumlalar ravon, tushunarli va aniq boʻlishidan tashqari fakt, raqam va maʼlumotlarning oʻquvchi uchun ahamiyatli ekani ham muhimdir.

Zamon rivojlanib, fakt va raqamlarni tekshirish imkoniyatlari oshdi, bugun ilgʻor texnologiyalar, jumladan, internet orqali tahrir bilan bogʻliq ishlarni bir necha barobar tez bajarish mumkin. Biroq bu matn tayyorlashda muharrirning oʻrni pasaygani yoki ishi kamayganini bildirmaydi. Aksincha, muharrir endi bir necha manbalar bilan ishlay olishi, koʻproq bilim va malakaga ega boʻlishi zarur.

Tahrirni mohiyatni tushunish jarayoni sifatida talqin qilgan olimlar “matnni mukammallashtirish, “tartibga keltirish” uchun mazmun-mohiyatni tushunishga qadam-baqadam harakat” degan taʼrifni ishlatadi va tahrir bosqichlarini 4 ga boʻladi: matniy, tarixiy, aniqlashtiruvchi va tushuntiruvchi bosqichlar [Мосунова, 2016: 75]. Matniy bosqichda muallifning nima demoqchi ekani, ikkinchi bosqichda matn qachon, qayerda va nima sababdan yaratilgani, uchinchi bosqichda matn “mayda-chuyda”sigacha tahlil qilinadi, toʻrtinchi bosqichda esa matn hozirgi kun va madaniyatga yaqinlashtiriladi. Bizningcha, tahrir bosqichlarini bu xil talqin qilish tarixiy yoki madaniy oʻziga xoslikka ega matnlar uchun mosdir. Muharrir har qanday matnni ayni shu toʻrt bosqichda oʻrganmaydi, oʻzgartirmaydi.

Adabiy tahrir korrekturadan farqlanadi. Korrekturada imloviy va ishoraviy xatolarni toʻgʻrilash koʻzda tutiladi. Adabiy tahrir esa quyidagi jarayonlarni oʻz ichiga oladi:

  • Mantiqiy va soʻz qoʻllash bilan bogʻliq xatolarni tuzatish.
  • Matnni uslubiy jihatdan toʻgʻrilash.
  • Matndagi mantiqiy nuqsonlarni bartaraf etish, uning kompozitsiyasini mukammallashtirish (maʼnoli qismlarga boʻlish, ifoda ketmaketligini taʼminlash).
  • Maʼnoga taʼsir qilmagan holda matnni qisqartirish va qayta ishlash (qaytariqlarni, ortiqcha tafsilotlarni yoʻqotish).
  • Faktik material (manbalar, iqtiboslar, atamalar, sanalar, nom va ismlar, raqamlar)ni tekshirish.
  • Matnga va takrorlangan soʻzlarga oʻzgartirishlar kiritish.
  • Imloviy xatolarni qisqartirish va tuzatish [Литературная правка // Википедия, 2024].

Matnning mazmuni, kompozitsiyasi, undagi fakt va raqamlar tartibga keltirilgach, tilning leksik va grammatik-stilistik vositalari ustida ishlanadi.

Adabiy tahrir adabiy meʼyorga asoslanadi. Adabiy meʼyor – nutq amaliyotida qabul qilingan talaffuz, soʻz qoʻllash hamda tilning anʼanaviy tarzda shakllangan grammatik, uslubiy va boshqa vositalaridan foydalanish qoidalaridir [Зуева, 2015: 24]. U tilning tovush tizimini, grammatik qurilishi hamda uning lugʻat tarkibidagi eng tiniq hayotiy va zaruriy elementlarni tanlab olish asosida tashkil topadi. U tilning eng yuksak, ishlangan, silliqlashgan shakli [Jiyanova, 2016: 96]. Boshqa bir talqinga koʻra, “Til normasi katta ijtimoiy ahamiyatga ega: u tilda doimo sodir boʻlib turadigan oʻzgarishlarga bardosh berib, uni buzilishdan saqlaydi, avlodlar oʻrtasidagi aloqani, turli davrdagi madaniy traditsiyalar izchilligini taʼminlaydi. Shuning uchun adabiy til normalari stabil (barqaror) va mustahkam boʻlishi kerak” [Shomaqsudov, 1983: 36]. Tilning adabiy meʼyorlari buzilishiga oid xatolar uslubiy boʻlmagan va bevosita uslubiy xatolardir [Кожина, 2008: 159]. Uslubiy boʻlmagan xatolar leksik, soʻz yasash bilan bogʻliq, morfologik va sintaktik xatolarga boʻlinadi [Зуева, 2015: 24]. Taniqli tilshunos, oʻzbek tilining amaliy uslubiyati boʻyicha qator kitob va qoʻllanmalar muallifi Ergash Qilichev soʻz va iboralarni qoʻllashdagi tipik xatolarni leksik-stilistik, morfologik-stilistik va sintaktik-stilistik turlarga boʻladi [Qilichev, 1985: 78]. Boshqa mualliflarga koʻra, “Stilistik belgi-sifatlar til birliklarining barchasida mavjuddir. Fonetik, morfologik, sintaktik va leksik birliklar stilistikaning ham predmeti hisoblanadi” [Shomaqsudov, 1983: 7]. Albatta, jumladagi leksik, morfologik va sintaktik xatolar uning uslubiyatiga ham taʼsir qiladi, turli uslubiy gʻalizliklar va nuqsonlarni yuzaga keltiradi.

Sanalgan xato turlarini misollarda koʻrib chiqsak.

Leksik xatolar leksik meʼyorlar buzilishi, yaʼni soʻz qoʻllash bilan bogʻliq xatolardir. Amaliyotda turli shakldagi leksik xatolar uchraydi:

  1. Soʻzni uning mazmuniga mos boʻlmagan oʻrinda qoʻllash.

Yoshlar oʻrtasida oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasiga eʼtibor qaratilyapti.

Yuqoridagi jumlada ajrim soʻzi yanglish ishlatilgan. Bu soʻz oʻzbek tilida ikki oʻrtadagi ish yuzasidan xulosaviy natija; kelishuv, kelishtiruv, sud qarori kabi maʼnolarda qoʻllanadi: muammo boʻyicha ajrimga erishildi, sud ajrimni eʼlon qildi.

Berilgan gapda ajralish yoki ajrashish soʻzini ishlatish kerak:

Yoshlar oʻrtasida oilaviy ajralishlarning oldini olish masalasiga eʼtibor qaratilyapti.

  1. Leksik va semantik moslik meʼyorining buzilishi. Soʻzni toʻgʻri qoʻllash uchun uning maʼnosini bilish yetarli emas, uning semantik va leksik uygʻunligi chegaralarini ham hisobga olish zarur [Зуева, 2015:25]. Soʻzlar mazmun jihatidan oʻzaro bogʻlana olmasligi mumkin. Masalan:

Yer va boshqa sayyoralar oftob atrofida aylanadi.

Oftob soʻzi quyosh soʻziga sinonim, koʻp oʻrinlarda uning maʼnosini ifodalay oladi. Lekin osmon jismi maʼnosida faqatgina quyosh soʻzini ishlatish mumkin:

Yer va boshqa sayyoralar Quyosh atrofida aylanadi.

  1. Ibora va turgʻun birikmalarni yanglish maʼnoda yoki oʻrinsiz qoʻllash.

Siz kabi rahbar bilan yuksak natijalarga erishish mumkin. Xodimlarni doim qoʻllab-quvvatlab, ruhlantirib turasiz. Baliq boshidan, deyishadi… Sizga hurmatim cheksiz. Omad sizni tark etmasin.

Yuqoridagi gapda “Baliq boshidan, deyishadi” jumlasi koʻzlangan maqsadga zid. Chunki maqolning toʻligʻi “Baliq boshidan sasiydi” koʻrinishiga ega va salbiy mazmun tashiydi. Maqtov mazmunidagi matnda bu iboraning turishi mutlaqo ortiqcha. Ayni holatdagi mazmun: “Siz boshchiligingizda hamma yoqning rasvosi chiqdi. Lekin sizni hurmat qilaman”.

  1. Paronimlarni adashtirib qoʻllash:

Mentalitetimizga yod tushunchalarga ergashmasligimiz kerak.

Bu oʻrinda yot soʻzi oʻrnida yod soʻzi yanglish qoʻllangan. Mentalitetimizga yot iborasi mentalitetimizga begona degan maʼnoni bersa, mentalitetimizga yod iborasi mentalitetimiz yod olgan degan mazmunni hosil qiladi. Chunki yod soʻzi xotira, es; xotirada, esda saqlash; eslash maʼnolarini anglatadi.

Morfologik xatolar – turli gap boʻlaklarining grammatik shakllarini yasash bilan bogʻliq xatolar. Masalan:

  1. Eng koʻp uchraydigan xatolardan biri qaratqich kelishigi oʻrnida tushum kelishigini ishlatish:

Bu muammoni bevosita rektorni oʻziga aytadigan boʻlishdi.

-ni feʼl va uning shakllari bilan bogʻlanadi, -ning esa ism soʻzlar (ot, olmosh, harakat nomi) bilan. Demak, yuqoridagi jumlada tushum kelishigi emas, qaratqich kelishigi qoʻllanishi kerak:

Bu muammoni bevosita rektorning oʻziga aytadigan boʻlishdi.

  1. Eng koʻp uchraydigan xatolardan yana biri miqdor sondan keyingi otga koʻplik qoʻshimchasini qoʻshishdir:

10 ta kitoblar, 4 ta uylar, 15 nafar oʻquvchilar, 30 dona lugʻatlar

Bu misollarning barchasida -lar qoʻshimchasi ortiqcha. Chunki sonning oʻzida koʻplik maʼnosi borligi sababli otga koʻplik maʼnosi qoʻshilmaydi.

  1. Oʻzi birlikda ishlatiladigan, lekin koʻplikni bildiradigan soʻzlardan keyin koʻplikdagi feʼlni qoʻllash:

Aholi kerakli axborotga ega boʻldilar.

Koʻpchilik bu soʻzning maʼnosini yaxshi biladilar.

Bu kabi holatlarda feʼlni birgalik nisbatda (ega boʻlishdi, yaxshi bilishadi) qoʻllash ham xato. Feʼl faqat birlikda boʻlishi kerak.

  1. Har olmoshidan keyingi ot yoki feʼlni koʻplikda qoʻllash:

Har bir kishilar buni bilishlari kerak.

Yoki:

Tadbirda har bir oʻquvchilar qatnashdi.

Tadbirda har bir oʻquvchi qatnashdilar.

Tadbirda har bir oʻquvchilar qatnashdilar.

Har olmoshi zamirida koʻplik maʼnosi boʻlsa-da, aniq shaxs yoki narsa-buyumni alohidalab, belgilab koʻrsatadi. Bunda undan keyingi ot ham, feʼl ham birlikda boʻlishi kerak. Yuqoridagi gaplarda shu qoidaga amal qilinmagan va xatoga yoʻl qoʻyilgan.

  1. Majhul nisbat qoʻshimchasini bir soʻzda ikki marta ishlatish.

Bu soʻz juda koʻp xato qoʻllaniladi.

Aytilingan ishni vaqtida bajaringlar.

Qoʻllanmoq soʻzida hatto ziyolilar ham koʻp yanglishadi. Uning xato shakli kitoblar-u qoʻllanmalarga, rasmiy hujjatlargacha kirgan. Aslida qoʻllamoq feʼliga majhul nisbat qoʻshimchasi -n qoʻshilishi yetarli. Aytmoq feʼliga esa bitta -il qoʻshilsa kifoya:

Bu soʻz juda koʻp xato qoʻllanadi.

Aytilgan ishni vaqtida bajaringlar.

 

Sintaktik xatolar – gap tuzish bilan, soʻz birikmalari va gaplarda soʻzlarning sintaktik bogʻlanishi bilan bogʻliq xatolar. Masalan:

  1. Bir turdagi bogʻlovchining ketma-ket qoʻllanishi:

Taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi boʻyicha tayanch doktoranturaga qabul eʼlon qilindi.

Bu ixtisoslik nomi shu shaklda qabul qilinib, ommalashib ketgan. Va bogʻlovchisi ketma-ket ishlatilyapti. Ixtisoslik nomini toʻgʻrilash uchun variantlar:

Taʼlim-tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi.

Taʼlim va tarbiya nazariyasi, metodikasi ixtisosligi.

  1. Na bogʻlovchisini qoʻllashdagi xatolar:

Na salom, na alik yoʻq, indamay kirib kelaverdi.

Muammoga na hokimlik, na masʼullar eʼtibor qaratmagan.

Na bogʻlovchisi inkor, boʻlishsizlik maʼnosiga ega va u qatnashgan jumladagi kesim boʻlishli shaklda qoʻllanadi. Chunki na soʻzidagi inkor maʼnosi kesim mazmuniga ham taʼsir qiladi va yana boʻlishsiz maʼnoli soʻz yoki qoʻshimcha talab etilmaydi:

Na salom, na alik bor, indamay kirib kelaverdi.

Muammoga na hokimlik, na masʼullar eʼtibor qaratgan.

  1. Qoʻshma gaplarda shaxs-sonning nomutanosib qoʻllanishi:

Doʻstim bilan kutubxonaga bordim va bittadan roman oʻqidik.

Birinchi kesim birinchi shaxs birlikda, ikkinchi kesim esa birinchi shaxs koʻplikda tuslangan. Garchi tuslanishda xato yoʻq boʻlsa-da, oʻquvchi mazmunni anglay olsa-da, ikkala kesimni bir xil shaxs-sonda – birinchi shaxs koʻplikda bergan afzal. Bu jumlaning tushunarliligi va ravon anglashilishini taʼminlaydi:

Doʻstim bilan kutubxonaga bordik va bittadan roman oʻqidik.

Uslubiy xatolar – matn uslubiga xos jihatlar, kommunikativ moslik prinsiplarining buzilishidir. Bunday xatolarga tavtologiya, pleonazm, soʻz takrori, nutq shtamplari, adabiy tilga xos boʻlmagan soʻzlarni oʻrinsiz qoʻllash kabilar kiradi.

  1. Tavtologiya – bir fikrni boshqa soʻz yoki soʻzlar bilan takroran, ortiqcha ifodalash, bir soʻzni ortiq takrorlash. Bunday xato yuzaga kelishiga oʻzakdosh soʻzlar sababchi boʻladi:

Ishxonamizda yuzdan ortiq ishchi ishlaydi.

Bu kabi holatlarda soʻzlarni sinonimlari bilan almashtirish mumkin:

Korxonamizda yuzdan ortiq ishchi mehnat qiladi.

  1. Pleonazm – maʼno takrori yoki maʼno ortiqchaligidir.

Baxillik – yomon illat.

Bu turdagi xatolar juda koʻp uchraydi. Hatto ommaviy axborot vositalari, kitob va qoʻllanmalarda ham bot-bot koʻzga tashlanadi. Bunday birikma va jumlalarning muharrir nigohidan oʻtib ketishiga uning xato ekanini bilmaslik sabab boʻladi. Yuqoridagi jumla mazmuniga eʼtibor qarataylik. Illatning yaxshisi boʻladimi? Yoʻq, albatta. Uning har qanday koʻrinishi yomon. Kasallik, ayb, jinoyat kabi maʼnolarni ifodalovchi bu soʻz koʻchma maʼnoda meʼyoriylikni buzuvchi salbiy narsa, qusur, kamchilik mazmunini tashiydi. Demak, oʻzi salbiylik maʼno qirrasiga ega soʻzga yana xuddi shu maʼnodagi soʻzni tirkash oʻrinsiz.

Biror illat ajratib koʻrsatilgandagina yomon soʻzidan foydalanish mumkin:

Baxillik – eng yomon illat.

Birinchi misoldagi jumlani esa quyidagicha tahrirlash zarur:

Baxillik – illat.

Ezgu fazilat, narvondan yuqoriga koʻtarildi, gapini qayta takrorladi, noqonuniy brakonyerlar qoʻlga olindi, ortga chekindi, bugungi kunda, ertalabki nonushta kabi soʻz va iboralarda maʼnodagi ortiqchalik – pleonazm bor.

  1. Soʻz takrori bir soʻzni ketma-ket oʻrinsiz qayta ishlatishdir:

Oʻqituvchi oldin mavzuni tushuntirdi, keyin savollarga javob berib, tushuntirish berib oʻtdi.

Shuning uchun xatolarga yoʻl qoʻymaslik uchun matnni diqqat bilan tahrirlash zarur.

Jumlalarda ajratib koʻrsatilgan soʻzlarda keraksiz qaytariqlar bor. Ularni quyidagicha berish oʻrinli:

Oʻqituvchi oldin mavzuni tushuntirdi, keyin savollarga javob berdi.

Shuning bois xatolarga yoʻl qoʻymaslik uchun matnni diqqat bilan tahrirlash zarur.

Agar shu bois sabab bogʻlovchisini olib tashlash matn mazmuniga zarar yetkazmasa, uni ham qisqartirish mumkin.

  1. Navbatdagi uslubiy xato turi nutq shtamplari va kanselyarizmlardir. Kanselyarizm – rasmiy uslubga xos soʻzlar, soʻz birikmalari va gap qurilishining boshqa uslublarda ishlatilishidir. Masalan:

Tinglovchilar maʼruzani maʼlumot uchun qabul qildilar.

Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz.

Maʼruza rasmiy majlisdagi hisobot emas, u maʼlumot uchun qabul qilinmaydi. Noqulayliklar esa keltirilmaydi, yuqoridagi jumlada keltirilgan soʻzidan umuman voz kechish kerak.

Rasmiy uslubga xos nutq shtamplarini badiiy, publitsistik yoki axboriy matnlarda qoʻllash ularning hissiy-emotsional taʼsirini yoʻqqa chiqaradi, boʻyoqdorligini kamaytiradi.

Nutq shtamplari – eskirgan, boʻyoqdorligini yoʻqotgan soʻz, ibora va jumlalardir. Masalan, matnda bugunlik kunda, maqsadga muvofiq, shuni taʼkidlash oʻrinliki, shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, sir emaski, tizimli ishlar, ob-havo noqulay kelganligi sababli kabi qolip iboralarni ishlatish uning taʼsirchanligini pasaytiradi, originalligiga zarar yetkazadi.

Kalka tarjimalar, tilni yaxshi bilmaslik va uquvsizlik oqibatida yuzaga kelgan qolip ifodalar ham bor: toʻlovni amalga oshirdi, zarbani amalga oshirdi, qattiq qoʻnishni amalga oshirdi, boʻlib hisoblanadi, katta rol oʻynaydi, muhim rol bajaradi, dorini qabul qildi, vaksina qabul qildi, dush qabul qildi, doʻstingiz bilan ulashing.

Nutq shtampining yanglish qoʻllanishiga bir misol:

Oila jamiyatning asosiy boʻgʻini boʻlib hisoblanadi.

Yuqoridagi gapda boʻlib hisoblanadi iborasi ortiqcha, hisoblanadi soʻzini qoldirish ham tahrir nuqtayi nazaridan maʼqullanmaydi. Jumlaning loʻnda va toʻgʻri shakli:

Oila – jamiyatning asosiy boʻgʻini.

Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir.

Adabiy tahrir usullari yuqoridagi misollar bilangina cheklanmaydi. Keltrilgan misollar orqali xatolarni tizimlashtirishga, ularni amaliy jihatdan tushuntirishga urindik. Adabiy tahrir konsepsiyasi, uning mohiyati matnni sifat jihatidan yaxshilash, oʻquvchiga ravon va oson tushuniladigan matn taqdim etish ekanini urgʻuladik.

Agar matn sifatli tahrirdan oʻtkazilsa, undan koʻzlangan maqsadga ham erishiladi: retsipiyentga taʼsir oʻtkaziladi, unda his, fikr uygʻotiladi, maʼlum bir mulohaza shakllantiriladi, unga kerakli maʼlumot koʻzlangan darajada yetkaziladi. Demak, matn qanday uslubda yozilgan boʻlishidan qatʼi nazar, takomilga yetkazilishi zarur. Bu yoʻldagi eng muhim vosita esa adabiy tahrirdir.

Tahrir mavzusi maktab darsliklariga kiritilayotgani, adabiy tahrir matn bilan ishlashda dolzarb sanalayotgani holda talabalarga tahrir boʻyicha taʼlim berilayotgani yoʻq, ularda tahrir malakasini shakllantirish metodikasi hali yaratilmagan. Bu esa ona tili va adabiyot taʼlimi yoʻnalishi talabalarida adabiy tahrir koʻnikmasini rivojlantirish metodikasi maxsus tadqiqqa muhtoj ekanini koʻrsatadi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Doʻstmuhammad X. Koʻngildagi munavvarlik / Hurriyat (2009). – URL: https://ziyouz.uz/ilm-va-fan/adabiyot/xurshid-dostmuhammad-kongildagi-munavvarlik/ (murojaat vaqti: 02.04.2024).
  2. Jiyanova N., Moʻminova O., Maksumova S. Nutq madaniyati: oliy oʻquv yurtlari uchun oʻquv qoʻllanma. – Toshkent: Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, 2016. – 158 b.
  3. Oʻzbek tilining izohli lugʻati / E. Begmatov va boshqalar tahriri ostida: 5 jildli. 4-jild – Toshkent: OʻzME, 2020. – 608
  4. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi / 12 jildli. 8-jild – Toshkent: OʻzME, 2004. – 712 b.
  5. Qilichev E. Oʻzbek tilining praktik stilistikasi: pedagogika institutlarining filologiya fakultetlari studentlari uchun oʻquv qoʻllanma. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1985. – 104 b.
  6. Sher A. Jannatmakon shoir [Elektron manba]. – URL: https://abdullasher.wordpress.com/жаннатмакон-шоир/ (murojaat vaqti: 22.04.2024)
  7. Shomaqsudov A., Rasulov I., Qoʻngʻurov R., Rustamov H. Oʻzbek tili stilistikasi: universitetlar va pedagogika institutlarining filologiya fakultetlari uchun qoʻllanma. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1983. – 248 b.
  8. Sulton X. Soʻzi oʻlmaganning oʻzi ham oʻlmas // Hurriyat. – 2020 – №49.
  9. Tohirov Z. Adabiy tahrir: oliy oʻquv yurtlari uchun darslik / Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi. – Toshkent: Tafakkur boʻstoni, 2012. – 320 b.
  10. XXI asr o‘quvchisi uchun zarur ko‘nikmalarini o‘rgatuvchi model – 4K haqida [Elektron manba]. – URL: https://kun.uz/uz/82301169 (murojaat vaqti:04.2024)
  11. Зуева Т.А., Иванова Е.Н. Стратегии литературного редактирования: учебное пособие. – Москва-Берлин: Директ-Медиа, 2015. – 176 с.
  12. Кожина М.Н., Дускаева Л.Р., Салимовский В.А. Стилистика русского языка : [электронный ресурс] учебник, 4-е изд., стереотип. — М. : Флинта : Наука, 2008. — 464 с.
  13. Литературная правка (Электроный источник) // Википедия. Свободная энциклопедия. – URL: https://ru.wikipedia.org/wiki/Литературная_правка (дата обращения: 30.04.2024).
  14. Мосунова Л.А. Литературное редактирование как процесс смыслопонимания // Вестник ВятГУ. 2016. №9. – С. 75–80.
  15. Накорякова К.М. Концепция дисциплины «Литературное редактирование» // Вестник Московского университета. Серия 10. Журналистика. 2011. №2 – С. 19–27.

 

2024-yil 16-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida oʻtgan “Lingvodidaktikaning dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani toʻplamida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube