Ingliz tilidan tarjima qilingan matnlar tahriri: tarjimaga grammatikaning taʼsiri

Ingliz tilidan tarjima qilingan matnlar tahriri: tarjimaga grammatikaning taʼsiri

Orifjon Madvaliyev,
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistranti

 

Annotatsiya: tahrir matnning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi, uning sifatini oshiruvchi ijodiy jarayon. Tarjima asarlari tahririda asliyat va tarjima tili oʻrtasidagi ekvivalentlikni taʼminlash eng muhim masaladir. Maqolada ingliz tilidan oʻgirilgan matnlar tahriridagi oʻziga xosliklar haqida soʻz boradi.

Kalit soʻzlar: tarjima, tahrir, ekvivalentlik, soʻz qoʻllash, tarjimashunoslik.

 

Soʻnggi yillarda yurtimizda tarjima sohasi keng rivojlandi, turli mavzulardagi kitoblar, maqolalar, elektron resurslar oʻzbekchalashtirildi. Ammo ularning sifat darajasi xilma-xil. Tarjimalarning toʻgʻriligini, til tabiatiga mosligini tekshirish, kamchiliklarini toʻgʻrilab, sifatini oshirish tahrir yordamida boʻladi.

Tarjima deganda bir tilda yozilgan matn yoki aytilgan nutqning boshqa tilda qayta yaratilishi tushuniladi. Shu maʼnoda tarjima xalqlar, millatlararo aloqa vositasi hisoblanadi[1]. Shunday ekan, tarjimaning sifati, tarjima tahriri muhim masaladir.

Tarjima tahriri oʻzbek tilida maxsus oʻrganilmagan, bu boʻyicha maxsus ilmiy tadqiqotlar yoʻq. Ammo tarjima nazariyasi va tarjimashunoslik boʻyicha anchagina salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Shu yoʻnalishdagi turli oʻquv qoʻllanmalar, ilmiy tadqiqotlar, maqolalarda tarjima asarlar, jumladan, ingliz tilidan tarjima qilingan matnlar tahririga ham eʼtibor qaratilgan.

Ushbu maqolada yozma tarjima tahririga, unda grammatikaning oʻrniga toʻxtalamiz. Yozma tarjimaning uch turi mavjud:

  • toʻliq tarjima;
  • yigʻma (referativ) tarjima;
  • annotatsion tarjima[2].

Ogʻzaki tarjimadan farqli ravishda yozma matn tarjimasida asliyat va tarjima matniga qayta-qayta murojaat qilish imkoni bor. Bu uni toʻgʻrilash va sifat jihatidan yaxshilash imkonini beradi. Bu vazifani tarjimonning oʻzi ham bir qadar bajaradi. Biroq matn yanada sayqal topishi, xatolari kamayishi uchun “begona koʻz” – muharrir nigohi ham albatta zarur.

Rus tarjimoni va tarjimashunosi Maksim Oryol fikricha, “odatda muharrirlar tarjimada originalning mazmun-mantigʻi berilishi, atamalar bir xil shaklda va toʻgʻri qoʻllanishi, tarjimaning asliyatdagi matn uslubiga mosligi, matnning tarjima qilinayotgan til tabiatiga uygʻunligi, matn asliyatdagiday formatda berilishi kabilarga eʼtibor qaratadi”[3]. Muharrir ish jarayonida hamisha ham bunday tuzatishlar kiritmaydi. Bu tarjimaning sifatiga va matn yoʻnalishiga bogʻliq. Masalan, matnda atamalar ishlatilmagan boʻlsa, oʻz-oʻzidan ularni solishtirish, tahrirlash ehtiyoji ham boʻlmaydi.

Taniqli rus tarjimashunosi L. S. Barxudarov fikricha, “asliyat tilidagi matnni tarjima tilidagi matn bilan almashtirganda muayyan invariant saqlanishi kerak. Ana shu invariantni saqlash meʼyori tarjimaning asliyatga ekvivalentligi meʼyorini belgilab beradi”[4]. Boshqa bir tarjimashunos L. K. Latishevning fikri ham shunga hamohang: “Invariant – oʻgirishdan soʻng ifodada oʻzgarmay qolgan narsadir. U barcha variantlardagi umumiylikdir”[5]. Yaʼni asliyatda bor narsa tarjima tilida ham aks etsa, ekvivalentlikka erishiladi.

Biroq tarjimada asliyat tilidagi hamma narsa aks etmaydi. Bu ayniqsa grammatikada yaqqol koʻrinadi. Grammatika – tilning shakliy qurilishi. Soʻz yasalishi, morfologiya, sintaksis kabi boʻlimlarga ega. U fonetika, leksika bilan birga tilning butun strukturasini tashkil etadi.

Boshqa-boshqa oilaga mansub, bir-biridan anchagina uzoq boʻlgan ingliz va oʻzbek tillarida ekvivalenti yoʻq hodisalar anchagina. Artikllar, modal feʼllar, feʼllarning zamon shakllari, feʼlning shaxssiz koʻrinishlari, majhul nisbatning faolligi, elliptik (toʻliqsiz) konstruksiyalar, istak mayllarining maʼno qirralari va hokazolar ana shunday hodisalar qatoriga kiradi[6].

Ingliz tilidagi aniq artikl the va noaniq artikl a oʻzbek tilida ekvivalentga ega emas. Shu sababli tarjimada koʻpincha tushirib qoldiriladi:

It is an interesting book. – Bu qiziqarli kitob.

The red apple on the table. – Qizil olma stol ustida.

Lekin artiklni hamma holatda ham tarjimasiz tashlab ketib boʻlmaydi. U albatta tarjima qilinishi kerak boʻlgan, qoʻshimcha yoki zaruriy maʼlumotni tashiyotgan oʻrinlar uchrab turadi.

Noaniq artikl oʻzbekchaga qandaydir, allaqanday, allaqaysi, bir, biri, kimdir, istalgan, har qanday, har kabi soʻzlar bilan tarjima qilinishi mumkin. Bu matnning umummazmuni, kontekstdan aniqlanadi.

Masalan:

There is a letter for you. – Sizga qandaydir xat bor yoki Sizga qandaydir xat keldi.

Bu yerda soʻzlovchi aynan qanaqa xat ekanidan xabardor emasligi anglashiladi. Bundan murojaat qaratilgan obyekt ham xabardor emas. Endi shunga oʻxshash, lekin aniq artikl qatnashgan misolni koʻrib chiqamiz:

Here is the letter you have been expecting. – Mana siz kutgan oʻsha xat.

Bu oʻrinda aniq artikl jumlada tilga olingan xat soʻzlovchiga ham, tinglovchiga ham maʼlum ekanini anglatyapti.

A artikli umumiylik maʼnosini bersa, the alohidalik, oʻziga xoslik maʼnosini ifodalaydi. Masalan:

May friend is an doctor. Mening doʻstim shifokor.

Bu yerda umumiylik maʼnosi bor. Mening doʻstim minglab-millionlab shifokorlardan biri.

My friend is the doctor who was on Mars. – Mening doʻstim Marsda boʻlgan (yagona) shifokor.

Bu yerda aniqlashtirish, alohidalash mazmuni mujassam. Mening doʻstim hamma qatori shifokor emas, uning boshqalarda yoʻq, unikal xususiyati bor – u Marsda boʻlgan. Aniq artikl ana shu maʼnoni ifoda etishga xizmat qilyapti.

Oʻzaro bir oilaga mansub tillarda maksimal ekvivalentlik holatlari kuzatiladi. Mashhur rus tarjimashunos olimi V. N. Komissarov bunga ingliz tilidagi “I saw him at the theatre” jumlasi ruschaga “Я видел его в театре” deb tarjima qilinishini misol keltiradi[7]. Bunda gap strukturasi ikki tilda birga bir darajada mos. Lekin oʻzbekchada bunday emas: “Men uni teatrda koʻrdim”. Oʻzbekchada kesim odatda gap oxirida keladi. Mabodo inglizcha tartibda beradigan boʻlsak, bu til tabiatiga ters boʻladi va oʻquvchida (retseptorda) tarjimadan qoniqmaslik hissini paydo qiladi: “Men koʻrdim uni teatrda”. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, inglizchadagi at predlogi ruschaga в predlogi shaklida tarjima qilinyapti va u soʻzdan oldin kelgan. Oʻzbek tilida bu maʼnoni predlog emas, ortqoʻshimcha -da beryapti. Oʻzbekchada uni soʻzdan oldin qoʻllash mutlaqo imkonsiz va maʼnoga ega emas. Bizningcha, tarjimon ham, muharrir ham shu jihatga jiddiy eʼtibor qaratishi zarur: asliyat tilidagi barcha xususiyatni tarjima tilida aks ettirishga har doim ham ehtiyoj boʻlavermaydi. Eng muhimi kommunikativ maqsad amalga oshishi, mazmun-mohiyatni berish, ekvivalentlikka erishish boʻlishi zarur.

 

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Salomov Gʻ. Tarjima nazariyasiga kirish. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1978.
  2. Илюшкина М. Ю. Теория перевода: основные понятия и проблемы: Учебное пособие. – Екатеринбург: Издательство Уральского университета, 2015.
  3. Орёл М. А. Передача терминологии как основа качества экономического перевода / М. А. Орёл // Проблемы перевода, лингвистики и литературы: сб.науч.трудов. Сер.: Язык. Культура. Коммуникация. – 2012. – Вып. 15, т. 1.
  4. Бархударов Л. С. Язык и перевод (Вопросы общей и частной теории перевода). – Москва: Международные отношения, 1975.
  5. Латышев Л. К. Курс перевода: Эквивалентность перевода и способы ее достижения. М., 1981.
  6. Подгайская И. М. Лексические и грамматические проблемы перевода: учебное пособие / Авт.-сост.: И. М. Подгайская – Донецк: ДонНУ, 2019.
  7. Комиссаров В. Н. Теория перевода (лингвистические аспекты): Учебник для институтов и факультетов иностранных языков. – Москва: Высшая школа, 1990.

 

“Til va adabiyot taʼlimi” elektron jurnalining 2022-yil 3-sonida chop etilgan.

 


[1] Salomov Gʻ. Tarjima nazariyasiga kirish. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1978. – 96–97-б.

[2] Илюшкина М. Ю. Теория перевода: основные понятия и проблемы: Учебное пособие. – Екатеринбург: Издательство Уральского университета, 2015. – С. 13–14.

[3] Орёл М. А. Передача терминологии как основа качества экономического перевода / М. А. Орёл // Проблемы перевода, лингвистики и литературы: сб.науч.трудов. Сер.: Язык. Культура. Коммуникация. – 2012. – Вып. 15, т. 1. – С

[4] Бархударов Л. С. Язык и перевод (Вопросы общей и частной теории перевода). – Москва: Международные отношения, 1975. С. 9.

[5] Латышев Л. К. Курс перевода: Эквивалентность перевода и способы ее достижения. М., 1981. С. 66.

[6] Подгайская И. М. Лексические и грамматические проблемы перевода: учебное пособие / Авт.-сост.: И. М. Подгайская – Донецк: ДонНУ, 2019. – С.92.

[7] Комиссаров В. Н. Теория перевода (лингвистические аспекты): Учебник для институтов и факультетов иностранных языков. – Москва: Высшая школа, 1990. – С.78.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.