“Aka” soʻzining lugʻaviy maʼnosi nima?
Aka soʻzi oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:
1️⃣ Bir ota-onadan tugʻilgan katta oʻgʻil (oʻzidan kichiklariga, ukalariga nisbatan).
Katta aka. Oʻrtancha aka. Kichik aka.
2️⃣ Oʻzidan katta er kishiga murojaatda yoki unga hurmat yuzasidan ishlatiladi (bunda yakka holda yoki nutq qaratilgan shaxsni bildiruvchi soʻz bilan qoʻllanadi).
Aka, eski shaharga qaysi avtobus qatnaydi?
– Dehqon aka, ehtiyot boʻling, aravangiz nobop, – boshini chayqab gapirdi Yoʻlchi.
Oybek, Tanlangan asarlar.
Birinchi masala yuzasidan Boʻtaboy akaga soʻz berildi.
A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari.
Oʻzbek tilining etimologik lugʻatiga koʻra, bu ot qadimgi turkiy tildagi yoshi katta boʻlmoq maʼnosini anglatgan aq feʼliga -a qoʻshimchasini qoʻshib yasalgan. Oʻzbek tilida q undoshi k undoshiga, a unlilari choʻziq a: unlilariga almashgan: aq + a = aqa > aka.
📌 Demak, akaning lugʻaviy maʼnosi – yoshi katta [kishi].
Turkiy tillar etimologik lugʻatida qayd etilishicha, bu soʻz boshqa turkiy tillarda turli talaffuz koʻrinishlarida uchraydi va ota, aka, opa, er yoki xotinning opasi, katta yoshli qarindosh, yoshi katta erkak, bobo, onaning ukasi, otaning ukasi kabi maʼnolarda ishlatiladi.
Bobur “Boburnoma”da yozadi: “…Poyanda Sultonbegimni oka der edim, Habiba Sultonbegimni yanga der edim…”. Bundan tashqari, asarda Dildor ogʻacha, Popo ogʻacha, Umid ogʻacha, Latif Sulton ogʻacha, Mingli biy ogʻacha, Begi Sulton ogʻacha, Ogʻa Sulton kabi ayollar nomini tilga oladi. Demak, tarixda aka soʻzining oka, ogʻacha variantlari bizda ham ayollarga nisbatan ishlatilgan ekan.
Amir Temur davrida esa ayollar ismiga ogʻo qoʻshilgan: Turmush ogʻo, Oʻljoy Turkon ogʻo, Toʻlin ogʻo, Choʻlpon Mulk ogʻo begim, Dilshod ogʻo begim, Tuman ogʻo begim, Ruh Parvar ogʻo, Mengibek Ogʻoyi Jon Qurboni va hokazo.
Lekin hozir aka va uning ogʻa varianti oʻzbekchada faqat erkaklarga nisbatan ishlatiladi.
Orif Tolib