Aks holda: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Aks holda birikmasi gap boshida oʻzidan keyin, gap ichida har ikki tomondan vergul talab qiladi. Gap oxirida kelmaydi hisob. Mabodo kelgan taqdirda ham, qoidaga koʻra, undan oldin vergul qoʻyish zarur.
Birikma shunday boʻlmagan (qilinmagan) taqdirda; boʻlmasa degan maʼnoda ishlatiladi:
Insoniyat qonunlarsiz yasholmaydi. Aks holda, uning huquqi poymol boʻladi.
Gazetadan.
Sizni tanimadi chogʻi, boyvachcham, aks holda, salomlashar edi, u juda dilkash yigit.
K. Yashin, Hamza.
Uning maʼnodoshlari – boʻlmasa, yoʻqsa soʻzlari bilan ham vergul xuddi shu tartibda ishlatiladi:
Har kuni xonadonimizda yangi gap chiqib turadi. Boʻlmasa, qaynonamning uyqusi kelmaydi.
Gazetadan.
Uylansam, Mahbubaga uylanaman, boʻlmasa, frontga ariza berib ketaman, deb ikki oyogʻini bir etikka tiqib turib oldi.
S. Ahmad, Ufq.
Bu qoidani yaxshilab oʻrganib olish kerak. Yoʻqsa, xatoga yoʻl qoʻyish mumkin.
Tezroq yuring, yoʻqsa, kechikib qolamiz.
Izohli lugʻat boʻlmasa soʻzini zidlov bogʻlovchisi deb beribdi. Aks holda va yoʻqsa ham zidlov bogʻlovchisi hisoblanadimi-yoʻqmi – buni tilshunoslarga qoldiramiz.
Orif Tolib