Alisher Navoiy zamondoshlari nigohida

Alisher Navoiy zamondoshlari nigohida

Alisher Navoiy ijodi va shaxsiga hamma zamonlarda qiziqish katta boʻlgan. Hatto u kishi haqida koʻplab afsonasifat hikoyalar ham toʻqilgan. Ulugʻ mutafakkirning shaxsi, tutumi, feʼl-atvori haqida yaqqolroq tasavvur hosil qilish uchun avvalo hazratning asarlarini, u zotga zamondosh boʻlgan adiblarning xotiralarini sinchiklab oʻqish zarur. Quyida buyuk bobokalonimiz bilan bir davrda yashagan mualliflarning asarlaridan parchalar berilyapti. Ular Alisher Navoiyning beqiyos fazilatlari va shaxsiyati haqida soʻzlaydi.

 

 

Yoshlik paytidayoq sohibi fan boʻldi

 

Bu mashhur va oliy darajali amir[1]ning buyuk otasi zamonasining mashhur kishilaridan va Chigʻatoy ulusining ulugʻlaridan va sulton Abulqosim Bobur bahodir hukmronligi davrida sultonning yaqin kishisi boʻlib, mamlakatni idora qilish va davlatga kafillik uning inon-ixtiyorida edi. Benihoyat fozilligidan hamma vaqt oʻgʻliga fazilat oʻrgatdi, tamom himmatini saodatmand farzandini ilm-hunar bezaklari bilan ziynatlash hamda hidoyat nurlari bilan ravshan qilishga sarf qildi… Ul buzrukvorning tirishib qilgan harakati behuda ketmadi va otasidan keyin nodiri davronlik, izzatu tamkinlik kursisida qaror topdi. Ul ulugʻ amir yuqorida zikr etilgan magʻfiratli podshoh zamonida, uning hashamati va ulkan himmati bilan, hamma vaqt fazilat orttirishga intildi, fazl egalarining suhbatini topdi, karamli taʼbi va oʻtkir zehni sheʼr aytish, oʻtmish tarixni oʻrganishga qaratildi. Yoshlik paytidayoq ikki til egasi: turkiyda sohibi fan, forsiyda fazl egasi boʻldi.

 

Davlatshoh Samarqandiy,

“Tazkirat ush-shuaro”dan

 

 

Siniq nafs va ulugʻ tavozu egasi

 

Xayru ehson, latofat va koʻngil zarofati bobida amir Alisherning tengi yoʻqligidan jahongir podshoh1ning xotiri hammavaqt unga moyil boʻlib, ulugʻlik, vazirlik va amirlik MARTAbasini unga inyom etdi. Soʻzning qisqasi shulki, avval ul hazrat ulugʻ muhrni amir Alisherning qoʻliga tutqazdi va ul amir bir necha vaqt muhrdorlik lavozimida qoyim turib, xizmatkorlik poyasini yuqori osmondan ham oʻtkazdi. Bir necha vaqtdan keyin, bu mansabni tark etish bobida iltimos qilib, bu lavozimga amir Ahmad Suhayliyni tayin qilishni iltimos qildi. Xoqoni Mansur uning bu iltimosini qabul qildi, lekin hijriy 876-yili shaʼbon oyida (1472-yil yanvar oyida) bandanavoz podshoh ul vojib ul-atob amirni amorat mansabi bilan sarfroz qilmoqchi boʻldi. Amir Nizomuddin Alisher avval bu mansabni qabul qilmay dediki, men endi ulugʻ ostona ichkilari qatoridaman, ulugʻ mansab egasiman, osmon qadar taxt amirlarining barchasidan yuqoriroq oʻrinda oʻltiribman. Bordi-yu, amorat mansabiga mutasaddi boʻlsam, barlos va orlot amirlaridan baʼzilari turaga binoan mendan yuqori oʻltiradilar. Bas, bu amirlarga kafil boʻlmoq mansabimdan pastroqdir.

Xoqoni Mansur uning bu uzrini qabul qilib, bagʻoyat inoyatidan “barlos umarosidan amir Muzaffar barlosdan boshqa biron kimsa amir Alisherdan avval muhr bosmasin”, degan humoyun hukm chiqardi. Shundan keyin amir Alisher mamlakat ochuvchi hoqon raʼyini rioya qilib, amorat mansabini qabul qildi, tilladoʻz chopon, navroʻziy kuloh kiyish bilan faxr topdi. Ammo xoqoni Mansurning pokiza koʻngli shu ediki, amir Alisher vojib ul-izyon farmoniga koʻra boshqa amirlardan yuqori muhr bossa, lekin ul janobning qoʻliga maʼlum soatda muhr bossin uchun nishon berganlarida, nafsi siniq boʻlganidan va bagʻoyat ulugʻ tavozuliligidan, nishonning shunday joyiga muhr bosdikim, undan tubanroqqa muhr bosishga joy qolmadi… Bu voqea surati xosu avomning imtihoniga sabab boʻlib, islompanoh podshohning eʼtiqodini oshirdi. Keyin sof koʻngillik amirning muhri bosilgan yer muhrga ega boʻlgan har bir mansabdor orasida talash boʻldi va ularning har biri oʻsha yerga muhr bosish ishtiyoqida boʻldi…

Mirxond,

“Ravzat us-safo”dan

 

 

Himmat va saxovatda benazir zot

 

905 (1499–1500) yili shahzoda Muhammad Muhsin mirzo mamlakatning baʼzi ehtiyojlari uchun Sabzavor qalʼasiga maʼlum miqdorda gʻalla jamgʻarmoqchi boʻldi. U viloyatda esa gʻalla topilmas edi. Amir va noiblardan bir guruhi:

– Hazrati sulton muqarrabi (sultonning yaqini, yaʼni Alisher Navoiy)ning bu shaharda gʻallasi koʻp. Oliy farmon bilan undan ehtiyojga loyigʻini olaylik va gʻalla topganimizda ul janobning vakillariga evazini qaytarib beraylik, – deb arz qildi.

Chiroyli xulqli shahzoda ularga javob qildi:

– Amir janoblarining gʻallasidan maʼlum miqdorda olish u yoqda tursin, hatto unga hech kim toʻgʻridan-toʻgʻri koʻz tashlay olmaydi ham.

Bu xabar oliy tabiatli Amir (Alisher Navoiy)ga yetib borgach, maxdumzoda haqqiga yaxshi duolar oʻqib, Sabzavordagi hamma gʻallalarini shahzodaga tortiq qildi. Bu haqda noiblardan biriga maktub yozdi, unda shular aytiladi: “Vallohkim, garchi har bir dona bugʻdoy oʻrnida bir donadan marvarid boʻlganda ham, u zotdan ayamay, hammasini nazr qilib, mehr-muhabbat urugʻini maxdumzodaning dillariga sochar edim”.

 

Xondamir,

“Makorim ul-axloq”dan

 

 

Yoshlar homiysi

 

Bu faqir mavlono Sohibdoroga ona tomondan qarindosh boʻlardi. Bir kuni otam bilan bu kishining uyiga bordik. Kamol ahliyu fazilat arboblaridan ancha kishi bor ekan. Bu faqirning otasiga xitob qilib dedilar: “Koʻp muddatdan beri eshitamanki, oʻgʻlingiz maqbul tolibi ilm, xushxon hofiz va pahlavon shoir ekan. Har qanday nomi aytilmay oʻqilgan mushkul muammoni yecharkan, degan shov-shuv yuradir”, deb bir muammo oʻqidilar, men topdim…

Biz uyimizga qaytib ketdik. Biroz fursat oʻtgach, mavlono Sohibdoroning xabarchisi kelib, xojam sizni soʻramoqdalar, dedi. Biz yetib borgach, mavlono dedi:

– Amir Alisher huzurlariga borgan edik. Mirning odati shuki, har kuni meni chaqirib, bugun shaharda boʻlib oʻtgan ajoyibu gʻaroyib hodisalardan neni koʻrdingiz va nima gaplar eshitdingiz, deb soʻraydilar. Men javob berdim: “Bir kishini uchratdim. Oʻzi 16 yoki 17 yoshda. Nomi aytilmay oʻqilgan har qanday mushkul muammoni topadi. Tolibi ilmlikda, hofizu shoirlikda katta iqtidor bor”. Mir taajjub bilan sen uni imtihon qildingmi, dedilar. Men bir mushkul muammoni nomini aytmay oʻqigan edim, yechdi, dedim. Hazrati Mir menga: “U kishini nega olib kelmading?” deb eʼtiroz bildirdilar. Men oʻz gaplarimdan pushaymon boʻldim. Chunki Mirning suhbati hayratli va dahshatangizdir. Masalan, biror majlisda biror fozilning nomini soʻrasalar-u, aytib berolmasangiz, koyiydilar. Mabodo bir muammo oʻqilsa-yu, topolmasangiz, sharmanda va xijolat boʻlishingizga sabab boʻladi. Endi hozirligingizni koʻrib, ertaroq bu yerga kelib turingki, hazrati Mir siz bilan koʻrishmoq ishtiyoqidalar.

Alqissa, erta bilan mavlono Sohibdoro uyiga yetib keldim. Mendan boshqa u kishining huzurida yana uch tolibi ilm bor ekan. Mavlono Sohibdoro menga: “Vaqtida kelding. Bu uch yoshni ham Mirning huzurlarida taʼrif qilgʻan edim”, dedilar. Ularning biri muammoiy edi. Mahorati shu qadar ediki, uni bu sanʼatda mavlono Husayn Nishopuriy bilan tenglashtirar edilar… Ikkinchisi qasidagoʻylikda shuhrat topgan edi… Uchinchisi masnaviyni juda yaxshi aytar edi… Oliy majlisga kirib bordik. Majlis ahli va hazrati Mir oʻz nadimlari bilan hozir ekan. Janobi Mir biz tomon qaradilar. Faqirga ishora qilib, “Nomini aytmay oʻqilgan muammoni yecha oladigan doʻstimiz shu kishimi?” dedilar. Mavlono Sohibdoro: “Bali, oʻsha maxdum”, deb javob berdilar. Mavlono Muhammad Badaxshiy suhbatga aralashdilar: “Maxdumlar, xudovandigoro, muammo yechishda Sizdan oʻtadigani yoʻq-ku?..” Mir dedilar: “Men uning muammo yechishiga iqtidorini koʻzidan bildim. Zero, uning fikrlari koʻzlaridan zohir boʻlib turibdi.

Keyin shu muammoni oʻqidilar:

 

“Bogʻro bin az xazon befarru, sarv az jo shuda,

Bulbulash barham zada minqoru, nogoʻyo shuda”.

 

(Bogʻni koʻr, xazonrezlikdan koʻrki qolmabdi, sarv oʻrnida yoʻq, bulbulning tumshugʻi yoʻq boʻlib, kuylashdan qolibdi.)

Ittifoqo, men bu mummoni yod bilardim. Oʻylanib qoldim: nomini aytib, oʻzimni goʻllikka solib, majlisni oʻtkazaversammi yoki toʻgʻrisini aytayinmi? Oqibatda rostini aytishga ahd qildim. Dedim: “Maxdum, men bu muammoni yod bilaman”. Hazrati Mir biroz boshlarini egib turdilar-da, yonidagilarga: “Azizlar, bilasizlarmi, buning soʻzi ne maʼnoni bildiradi. Oʻz qudratini izhor qilib, bunisini bilaman, boshqasini ayting, demoqchi”. Mir boshqa muammo oʻqimadilar. Anchagacha lutfomuz soʻzlar aytib, soʻngra mavlono Sohibdoroga: “Biz buning daʼvosini qabul qilurmiz”, dedilar.

 

Zayniddin Vosifiy,

“Badoye ul-vaqoye”dan

 

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 


[1] Alisher Navoiy nazarda tutilyapti.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube