Navoiy bir kuni…

Navoiy bir kuni…

Bir kuni sof koʻngilli Amir fasohat va zarofat bobida zamon shoirlarining peshqadami xoja Osafiyga nasihat qilish uchun muborak tilini bayonga keltirib dedi:

– Senga hayronmanki, oʻtkir zehning va baland taʼbing boʻlaturib, sheʼr aytish bilan kam shugʻullanasan, bor vaqtingni befoyda ishlarga sarflaysan.

– Shu kunlarda koʻproq sheʼr aytishga mashgʻul boʻlayotirman. Masalan, oʻtgan kecha ikki pullik sham yonib bitguncha ikki yuz bayt aytdim.

Shunda oliy hazrat dedilar:

– Demak, yozgan sheʼrlaringning yuz bayti bir pul ekan-da.

 

***

Musiqiy ilmida zamonasining yagonasi boʻlmish mavlono Alishoh bir kuni davlatmand oliy hazrat Navoiyga arz qilib, “Sizning oliy iltifotingizdan va marhamatingizdan umid shulki, vaqf boshqaruvchilari olti oylik maoshimni birdaniga bersalar, har oyda ularga bosh ogʻrigʻi boʻlib yurmasam”, dedi. Oliy hazrat javob qildi:

– Mavlono, umrimizdan olti kun qolganmi-yoʻqmi, bilmaymiz. Nima uchun siz omonat hayotga bu qadar eʼtiqod qilib, olti oylik maoshni oldindan talab qilasiz?

Mavlaviy janoblari dedi:

– Siz buyruq beravering, ular pulni beraversinlar. Bordiyu oʻlib qolsam, oʻsha pul goʻru kafanimga yarab qolar.

Shunda on hazrat dedilar:

– Oʻligi ham bir balo, tirigi ham bir balo deganlari siz ekansiz-da?!

 

***

Bir kuni saxovat maydonining egasi Navoiy avvalgi zarif kimsalardan oʻzining qiziq koʻrinishi va ajoyib soʻzlari bilan mumtoz va mustasno boʻlgan mavlono Shihobuddin Mudavvinga marhamat yuzasidan egar-jabduqli bir ot inyom qildi. Bu iltifot munosabati bilan mavlaviy oʻzini oliy hazratning xos kishilari qatorida hisoblab, xizmat va mulozamatni haddan oshirib yubordi. Masalan, qachonki Navoiy otga minib biror yerga boradigan boʻlsa, u ham xizmatda boʻlar, uyga qaytib kelganda esa darvoza yonidan bir daqiqa ham nariga ketmas edi. Shu sababdan lutfu karam manbai Navoiy undan juda qisildi, biroq oliy xulqi uning dilini ogʻritishga va ochiqdan-ochiq oʻz mulozimatidan uzoqlashtirishga yoʻl qoʻymas edi. Oxiri xizmatkorlardan biri Amirning koʻrsatmasi bilan oʻgʻri tariqida uning oldiga bordi va otini tezlik bilan bozorga olib borib sotdi. Mavlaviy Shihobuddin Mudavvin uni haqiqiy oʻgʻri deb hisobladi, orqasidan qidirib, ikki tosh yoʻlni piyoda bosdi, lekin otdan hech qanday asar topmagach, yuz bergan voqeadan hayron boʻlib, chopib izzat dengizi boʻlmish Amir huzuriga keldi va oʻzining sargardonlik kayfiyatini arz qildi. Oliy hazrat dedilar:

– Biz otingning bahosini beramiz, faqat shu shart bilanki, bundan keyin ot saqlamaysan va otlangan chogʻimizda bizga ham bosh ogʻrigʻi boʻlmaysan.

U bunga rozi ekanligini maʼlum qildi. Shu vaqt amir xizmatkorga dedi:

– Maʼlum miqdor aqchani mavlonoga beringiz.

Hiylakorlik qilgan kishi unga 94 tanga sanab berdi. Mavlaviy taajjublanib:

– Inyom qilingan aqcha 100 tanga boʻlishi kerak, ne sababdan 6 tanga kam? – dedi. Hozir boʻlganlardan biri dedi:

– Otingizni bundan ortiqqa olmadilar.

 

Xondamir,

“Makorim ul-axloq”dan

 

 

“Xatoimni berkitsang boʻlmasmidi?”

 

Sohibdorodan naql qilishlaricha, u debdi: bir kuni Mir1 doʻstlari bilan suhbat qurib oʻtirardi. Fozilu shoir, nadimlari shu yerda yigʻilgan edi. Kaminaga dedilar:

– Hazrati maxdum ustod (Jomiy) anchadan beri bemorlar. Men u kishini iyodat qilolmadim. Borib, uzrxohlik qilsang.

Men chiqib ketishim bilan taom tortilibdi. Taomdan soʻng majlis ahli hazrati Mirning koʻpchilik oldida koʻngillari behuzur boʻlib, yolgʻizlik talab qilish odatlari xotirlariga kelib… bir-biriga boqishib, oʻrinlaridan turdilar-da, tashqariga chiqdilar. Mirzo shu kuni suhbat va ulfatchilikni qoʻmsab turgan ekanlar. Tashqariga chiqqan jamoaga qarab, Mir gʻazab va eʼtiroz bilan dedilar:

– Har holda Alisherning uyi oshpazlar doʻkoniyu Alisher esa oshpaz ekan-da. Hariflar keladilaru osh yeb ketaveradilar…

Men yetib keldim. Mir jahllari chiqib turganidanmi, meni mavlono va ustod yoniga iyodatga yuborganlari xotirlaridan koʻtarilib, dedilar:

– Ana, ey Sohib, senga nima boʻldi. Oshdan keyin yonimda birpas turmaysan! Yo sen ham manavi past, nafs ketidan yuruvchi odamlarga taqlid qilmoqchimisan?

Men tiz choʻkib, dedim:

– Maxdum, odam badani sihatu kasal boʻlib turar ekan, malaksimon zotingiz sihatu salomat boʻlsin. Dushmanlaringiz jismi hamisha kasalu illatlar makoni boʻlsin! Oftobdek munavvar xotiringizga maxfiy qolmasinki, siz bu faqirni oxund iyodatiga yuborgan edingiz, chamasi?

Shunday deb izoh berishim bilan Mir shuʼladek qizishib ketdilar. Bezovta boʻlib, oʻtirib tura boshladilar.

– Shunday odamlar bilan oshnachilik va musohiblik qiluvchiga laʼnatlar boʻlsin, – dedilar.

Shunday eʼtirozli bir holda oʻrinlaridan turib, haramlariga kirib ketdilar. Men oʻsha yerda turib qolganlarga qaradim: doʻstlarim, koʻryapsizlarmi, qanday balolarga qoldik…

Alqissa, jonimdan toʻygan bir holda uyga qaytdim. peshin namozi payti odatdagidek Mirning mulozamatiga keldim. Mir binafshazorda turgan ekanlar. Menga koʻzlari tushishi bilan binafshadek menga ters oʻgirilib oldilar. Yuzlariga toʻgʻri boʻlishga shuncha urinsam ham baribir oʻzlarini olib qochaverdilar. Uyimga qaytib ketdim. Ertasiga kelsam, yana oʻsha muomala qaytarildi. Oʻzimcha endi ketsam qaytib kelmaganim boʻlsin, deb jazm qildim. Shu fikrni xotirga keltirishim bilan “davlat arboblari xudo ilhomini olgan kishilardir”, deganlaridek, shu maʼni malhami kabi meni chaqirib, dedilar:

– Ey mavlono Sohib, gʻalat va xatoga yoʻl qoʻymaslik Parvardigorgagina ravodir. Men kamoli gʻazabim tufayli seni ustod oxund iyodatiga joʻnatganimni faromush qilgandurman. Senga eʼtiroz bildirdim. Tiz choʻkib, hammaga shuni aytishing va Alisherga nima boʻldiykin, qarib aqldan ozibdimi, deb hammaning koʻzi oldida meni sharmanda va xijil qilishing lozimmidi? Doʻstlik olami nima boʻldi? Oʻtinib qoʻysangu mening bu xatoimni berkitsang va meni odamlar hayratiga sababchi boʻlishdan saqlasang boʻlmasmidi?

Mavlono Sohibdoro insofga kelib, darvoqe haqiqat Mir tomonda edi, xato mendan oʻtgan edi, dedi.

Zayniddin Vosifiy,

“Badoye ul-vaqoye”dan

 

 

Orif Tolib

tayyorladi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.