Amaliyot: loʻnda ifodalang

Amaliyot: loʻnda ifodalang

Mazmunni loʻnda ifodalash mumkin boʻlgan paytda jumlani lagʻmonga oʻxshatib choʻzmaslik kerak. Matndan parcha:

 

…Avtomobil vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilgan. Hozirda xavfli harakatlarni amalga oshirib, qoidabuzarlik sodir etgan ikki fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda.

 

Qiya-qalin harflardagi qismni yanada choʻzish mumkin: aniqlik kiritishni amalga oshirish ishlari olib borilishi yuz bermoqda 🤦🏻‍♂️.

Bundan-da uzaytiraman desangiz:

Yuz bermoqda = yuz berish jarayoni ketmoqda 🔨 🤯

 

Tajribali muharrirlar shaxsiga aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda qismini shaxsiga aniqlik kiritilmoqda / shaxsi aniqlanmoqda deb tahrirlaydi.

Alohida maʼno tashimaydigan soʻz va iboralardan bemalol voz kechish, ifodani jonli tilga yaqinlashtirish kerak. Men yuqoridagi parchani bunday bergan boʻlardim:

 

…Avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan. Xavfli harakatlar qilib, qoidabuzarlik sodir etgan ikki fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilyapti.

 

Yoki:

 

…Avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan. Avtoulovni xavfli tarzda boshqargan ikki fuqaroning kimligi aniqlanyapti.

 

👉 Siz qanday loʻnda variant taklif qilgan boʻlardingiz? Izohlarda qoldiring.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube