Dolon nima?
Shevalar – xazina. Baʼzan adabiy tilda oti yoʻq tushunchalarni ham shevadan topasiz. Xorazmda dolon degan atama bor. U darvozadan to hovligacha qurilgan, ikki tomoni devor, usti yopiq keng yoʻlakni anglatadi:
Doʻsting kelsa dolonda kut,
Dushman kelsa – ayvonda.
Maqol.
Dolonlar boshqa hududlarda ham uchraydi. Fargʻonada usti ochiq yoki yopiq boʻlishidan qatʼi nazar, uyning bu qismi darvozaxona deyiladi.
👉 Menimcha, dolon soʻzini katta binolar ichidagi uzun yoʻlaklar – koridorlar uchun bemalol ishlatish mumkin. Aynan bu maʼnosi yoʻq boʻlsa, shu maʼno yuklanadi. Tilning ichki imkoniyatlaridan unumli foydalanish kerak.
Siz yashaydigan yoki yashagan hududda dolon nima deb ataladi? Izohlarda qoldiring. 👇
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.