“An-Nassr”mi yoki “An-Nasr”?
Shu futbol klubining nomini “An-Nassr” shaklida yozish avj oldi. Katta-katta saytlar ham shu shaklni afzal koʻradi. Aslida bitta s bilan yozish toʻgʻri. Oldin imloda ruschaga taqlid qilish kuchli edi, endi inglizchaga ergashyapmiz.
Bu soʻz tilimizda oldindan ishlatiladi. Nasr, Nasrulloh, Nosir, Mansur kabi ismlar ana shu oʻzakdan. Nasr soʻzi arab tilidan oʻzlashgan, yordam, koʻmak va zafar, gʻalaba maʼnolariga ega. Hozirgi tilimizda ishlatilmaydi. U proza maʼnosidagi nasr soʻzidan boshqa soʻz.
Futbol klubi nomidagi nasr soʻzini ikki s bilan yozishga hech qanday asos va hojat yoʻq.
Soʻz oldidagi al artikli shamsiy harfga moslashib, an shakliga oʻtgan. “Al-Nasr” deyish ham oʻzbek tilida shakllangan tartibga zid.
📌 Demak:
“An-Nasr” futbol klubi ✅
“An-Nassr” futbol klubi ❌
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.