Aniq, tabiiy va gumanitar fanlar: farqi nimada?
Milliy ensiklopediyaga koʻra, fan tizimi tabiiy fanlar, gumanitar fanlar, texnika fanlari va ijtimoiy fanlarga boʻlinadi. Bu guruhlarning har qaysisidan juda koʻp mustaqil fan sohalari ajraladi.
Quyida tez-tez koʻzimiz tushadigan baʼzi tushunchalar sharhini keltiryapman. Bu fan sohalari nimani anglatishi, ularga qaysi fanlar xosligini bilib oling:
👉 Aniq fanlar – asosan aniq qonuniyatlarni oʻrganiladigan va gipotezalarni tekshirishning qatʼiy metodlari ishlatiladigan fan sohasi. Bunda tajribalar va qatʼiy mantiqiy mulohazalarga asoslaniladi. Aniq fanlarga matematika, fizika, ximiya, informatika kabi fanlar, biologiyaning baʼzi boʻlimlari kiritiladi.
👉 Tabiiy fanlar olamni va uning qonuniyatlarini oʻrganuvchi fan sohasidir. Asosiy tabiiy fanlar – matematika, fizika, ximiya, biologiya, astronomiya, geografiya, geologiya, ekologiya. Matematika va mantiq shakliy (formal) fanlar majmuasiga kirgani sababli ularni koʻpincha tabiiy fanlarga qoʻshmaydilar.
👉 Gumanitar fanlar – inson va uning jamiyatdagi faoliyatiga ixtisoslashgan fan sohasi. Falsafa, ilohiyotshunoslik, siyosatshunoslik, psixologiya, tarix, huquqshunoslik, jurnalistika, filologiya, tilshunoslik, madaniyatshunoslik, dinshunoslik, sotsiologiya kabi fanlar gumanitar fanlardir.
👉 Ijtimoiy fanlar jamiyatni va uning tuzilishi, oʻzgarishi, rivojlanishi, tarixi va tarkibiy qismlarini bir butun holida oʻrganuvchi fanlar majmuasidir. Antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya, tilshunoslik, boshqaruv fanlari, aloqa fanlari, siyosat fanlari, psixologiya, pedagogika kabilar ijtimoiy fanlar sirasiga kiradi.
👆 Ijtimoiy va gumanitar fanlarning umumiy jihatlari koʻp. Shuning uchun ularga xos fanlar bir-birining roʻyxatlarida sanalaveradi. Inglizcha manbalarga koʻra, ularning farqi fanning eʼtibor nuqtasi, metodologiyasi va qoʻllash mohiyatida namoyon boʻladi. Sodda tushuntiradigan boʻlsak, ijtimoiy fanlar eʼtiborni jamiyatga qaratsa, gumanitar fanlarda insonni oʻrganish yetakchilik qiladi.