Arabcha siniq koʻplik va oʻzbekcha koʻplik
Obunachilardan biri ajdod soʻzi arab tilida koʻplikda ekani, ajdodlar oʻzbekchaga ayni mazmunda oʻgirilsa, ajdodlarlar boʻlib qolishini yozibdi. Toʻgʻri. Arab tilida siniq koʻplik degan usul bor. Soʻzdagi undoshlar saqlanadi va unlilar oʻzgartiriladi – koʻplik yasaladi. Undoshlarning oʻrni almashishi, baʼzan bir-ikki undosh orttirilishi ham mumkin. Ajdod ham shunday. Birligi – jadd, bobo degan maʼnoni bildiradi. Ajdod – bobolar.
Qatma-qat koʻplik haqida gap ketganda axborotlar soʻzini ham misol keltirishadi. Axbor oʻzi – xabarning koʻpligi. Uni yanayam koʻpaytirib, axborotga aylantiramiz. Keyin oʻzbekchada ham -lar qoʻshamiz. Shunday qilib, xabarlarlarlar hosil boʻladi 😄.
Lekin bitta lekini bor-da. Arab tilidagi koʻplik mazmuni oʻzbek tilida anglashilmaydi. Arabchada koʻplik boʻlgan boʻlishi mumkin, lekin u oʻzbekchada birlikdagi soʻz. Tilning tabiati shunday. Jaziramada issiq choy ichish gʻalati koʻrinadi, lekin tabiatimiz shunday. Bizga shunisi maʼqul.
Aslida koʻplikda-yu, lekin oʻzbekchada birlikni ifodalovchi soʻzlar oz boʻlsa-da, fors va rus tilidan ham oʻtgan. Masalan, forscha mardon erlar, erkaklar degani, birligi mard – erkak, er. Forscha bogʻning koʻplikdagi shakli bogʻotni ham birlikdagi maʼnosida ishlatamiz. Ruschadan
kirgan konserva, botinka kabi soʻzlar asliyatda koʻplikda. Lekin tilimizda birlikni anglatadi.
Arab tilidan oʻzlashgan soʻzlarning baʼzan faqat birlik yoki koʻplikdagi shaklini, baʼzida birligini ham, koʻpligini ham ishlatamiz, ayrim hollarda esa ikkovini juftlab qoʻllaymiz.
Masalan, hol soʻzining koʻpligi ahvol. Koʻproq ahvolni ishlatamiz. Juftlab ham qoʻyamiz: hol-ahvol.
Haqning koʻpligi huquq. Ikkisidan farqli maʼnolarni ifodalashda foydalanamiz.
Vazirning koʻpligi vuzaro. Koʻpligini alohida ishlatmaymiz. Lekin juft holati isteʼmolda: vaziru vuzarolar.
Tilda koʻpincha birlik va koʻplikdagi soʻz ayni yoki bir-biriga yaqin maʼnoni bildiradi. Quyida shunday soʻzlardan baʼzilari eʼtiboringizga havola etilyapti:
Birlikdagi shakli |
Siniq koʻplik shakli |
Amir |
Umaro |
Ahl |
Aholi |
Valad |
Avlod |
Kitob |
Kutub |
Olim |
Ulamo |
Ruh |
Arvoh |
Sir |
Asror |
Uzv |
Aʼzo |
Fozil |
Fuzalo |
Shunga oʻxshash yana qanday soʻzlarni bilasiz? Izohlarda qoldiring.
Orif Tolib