“Asfalasofilinga ketdi”: asfalasofilin nima?

“Asfalasofilinga ketdi”: asfalasofilin nima?

Tilimizdagi baʼzi iboralarning umumiy mazmunini bilamiz, lekin tarkibidagi soʻzlarning lugʻaviy maʼnosini har doim ham aniq-tiniq tushunmaymiz.

Asfalasofilin boʻlmoq yoki asfalasofilinga ketmoq iboralari shunday iboralardan.

Asfalasofilin arabchadan kirgan, asliyatda tubanlarning tubani, eng yaramas, eng tuban maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida alohida holda doʻzaxning eng tagi, jahannam maʼnosida qoʻllanadi. Iboralar ichida esa maʼno oʻzgarishlarga uchraydi.

 

Asfalasofilin boʻlmoq yoki asfalasofilinga ketmoq:

  1. Chuqurlikka, jarlikka tushib ketmoq.
  2. Koʻchma maʼnoda: halok boʻlmoq, halokatga uchramoq.

 

Nikolay podsho yiqilibdi, asfalasofilinga ketibdi.

M. Muhammadjonov, Turmush urinishlari.

 

Hakim akamlar vaʼdaning ustidan chiqmasalar, hammamizning asfalasofilin boʻlishimiz hech gap emas-a?

B. Rahmonov, Xoʻjayin koʻchdi.

 

Asfalasofilin soʻzlashuv tilida aspalasofin shaklida ham ishlatiladi.

 

Orif Tolib

 

📖 “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” asosida tayyorlandi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube