Asqotadimi, asqatadi?

Asqotadimi, asqatadi?

Bu soʻzni soʻzlashuv tilida kam ishlatamiz. Lekin yozadigan yoki aytadigan boʻlsak, koʻpincha asqotmoq shaklini tanlaymiz. Imlo va izohli lugʻatlarga koʻra, bunday soʻz yoʻq. Demak, asqotdi, asqotadi, asqotyapti kabilar xato sanaladi.

❗️ Soʻzning lugʻatlarda berilgan shakli: asqatmoq.

Men asqotmoq shaklini ham variantdosh sifatida lugʻatlarga kiritish tarafdoriman. Chunki asosan shunday talaffuz qilamiz. Kulgu soʻzi ham shunga oʻxshash. Sheʼriyatda asosan kulgu ishlatiladi. Bu shakl kulgi soʻzining variantdoshi sifatida lugʻatlardan joy olishi kerak.

Talaffuzda biroz oʻzgarishga uchragan va talaffuz shakllari lugʻatlarga kiritilgan soʻzlar koʻp. Iymon va imon, toʻyona va toʻyana, berkitmoq va bekitmoq, kabutar va kaptar, moʻylov va moʻylab, qabariq va qavariq, quvalashmoq va quvlashmoq, toʻlgʻizmoq va toʻlgʻazmoq…

Qiziq tomoni, yuqoridagi soʻzlardan toʻyana, berkitmoq, toʻlgʻizmoq va toʻlgʻazmoq hozircha izohli lugʻatlarga kiritilmagan, ammo imlo lugʻatlarida bor. Berkitmoq soʻzining variantlari izohli lugʻatning sharh va misollari ichida uchraydi.

Asqotmoq ham xuddi yuqoridagi soʻzlarga juda oʻxshash. Lekin hozircha faqat asqatmoq shaklini toʻgʻri deb hisoblab turamiz.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube