Avtobiografiya va memuar: farqi nimada?
Bu ikki soʻz koʻpincha sinonim sifatida qoʻllanadi. Har ikkisi ham hujjatli asar, muallifning hayoti haqida birinchi shaxs tilidan hikoya qiladi. Biroq farqlari ham bor.
Memuar – muallif maʼlum davrdagi voqealar haqida hikoya qiladigan, hayoti davomida yuz bergan maʼlum mavzuga oid voqealar ketmaketligi haqida fikr yuritadigan hujatli qissa. Bunday qissada muallif kechinma va hissiyotlarini eslaydi, fikrlarini tuygʻu bilan yetkazishga harakat qiladi. Memuar muallifning esdaliklari, shaxsiy hayoti haqidagi esselar toʻplamidir.
Avtobiografiya esa kishining butun hayoti yoki hayotining katta bir davri haqida hikoya qiladigan faktik yoki tarixiy asardir. Bir soʻz bilan aytganda, muallifning qissa koʻrinishidagi tarjimayi holidir. U koʻpincha muallif hayotining boshidan to asar yozilayotgan paytgacha boʻlgan davrini qamrab oladi, xronologik tartibda boʻladi.
Bunday asarlarga odatda maʼlum bir natijaga erishgan, shuhrat qozongan kishilar qoʻl uradi. Aslida avtobiografiyani har kim yozishi mumkin. Avtobiografiyaga xos yana bir jihat – ular aksariyat holatlarda muallif hayotining soʻngida qogʻozga tushiriladi.