Ritm nima?

Ritm nima?

Ritm soʻzi muayyan izchillik, ketma-ketlik asosida takrorlanib, almashinib kelishni anglatadi. Masalan, uydagi derazalarni xayolga keltiring. Deraza, devor, deraza, eshik, devor, deraza shaklida almashib keladi. Bitta uyga ikkita deraza oʻrnatilishi mumkin, lekin bitta uyga kirgani bir joyga ikkita eshik qoʻyilmaydi. Ana shu mantiqli, izchil tartib ritmdir.

Sheʼriyatda ham ritm bor va bu sheʼrning muhim xususiyatlaridan biridir. Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov va Mashhura Sheraliyeva ‎muallifligidagi “Adabiyotshunoslik lugʻati”da adabiy asardagi ritmga shunday tushuntirish berilgan:

“Badiiy nutqning nasriy va sheʼriy shakllari ritm jihatidan farqlanadi.

Nasriy nutq ritmi umuman inson nutqining ritmikligidan kelib chiqadi, undagi oʻzgarishu tovlanishlar esa matnning konkret boʻlagidagi tasvir predmetining mazmun-mohiyati, unga muallif munosabati bilan bogʻliq holda yuzaga keladi.

Nasrdagidan farqli oʻlaroq, sheʼriy nutq ritmi maxsus hosil qilingan, muayyan oʻlchov asosida tartibga solingan. Sheʼriy ritmning oʻlchov birliklari oʻzaro qism-butun aloqasidagi nutqiy boʻlaklar (boʻgʻin, turoq, misra, band) boʻlib, ular ritmik boʻlaklar yoki ritmik birliklar deb yuritiladi…

Misra yakunida keluvchi qofiyalar ritmik jihatdan misrani taʼkidlab koʻrsatishga, sheʼrning ohangdorligi, musiqiyligi, taʼsirdorligini oshirishga xizmat qiladi. Sheʼrni oʻqish davomida qofiya misraning tugaganidan darak beradi, pauza bajarayotgan ajratish funksiyasini taʼkidlaydi. Shunga oʻxshash, qofiyalanish tartibi bandning shakllanib boʻlgani, tugaganini taʼkidlaydi. Masalan, toʻrt misrali a-b-a-b tarzida qofiyalangan sheʼr oʻqilayotgan boʻlsa, oʻquvchi keyingi bandlarda ham shu xil tartibni kutadi, tartib nihoyalanganida banddagi tugallanganlikni his qiladi…

Xullas, ritm sheʼriy nutqning emotsionalligi, musiqiyligining asosi, poydevoridir”.

Demak, ritm sheʼrdagi toʻxtam, boʻgʻin va turoqlarning izchilligidir. Bu izchilik va bir xil tartibga misra va bandlarda ham rioya qilish kerak. Ritmning buzilishi ohangning buzilishiga olib keladi. Ohangi buzilgan sheʼr xususiyatini, taʼsir kuchini yoʻqotadi. Masalan:

 

Derazamning oldida bir tup

Oʻrik oppoq boʻlib gulladi…

 

Shu parchadagi boʻlib soʻzini olib tashlab, oʻqib koʻraylik:

 

Derazamning oldida bir tup

Oʻrik oppoq gulladi…

 

Musiqiylik yoʻqoldi, shundaymi? Chunki birinchi misradagi turoq tartibi (4+5) ikkinchi misrada buzildi (4+3).

Toʻgʻri, baʼzida istisno holatlar ham boʻlib turadi. Deylik, baytning toʻrtinchi misrasidagi boʻgʻinlar soni butun sheʼr davomida farqlanishi mumkin. Lekin shoir bunda turoqning oʻzgarishi sheʼrning ohangdorligiga taʼsir qilmasligiga erishishi kerak. Bu katta mahorat va tajriba talab qiladi.

Bir-ikkita istisno holatni hisobga olmaganda, tajribali shoirlar ham ritm talablariga boʻysunadi.

Tartibi buzilgan sheʼr – kuchi kamaygan, ohanrabosi yoʻqolgan sheʼrdir.

Bir tomondan, sheʼr degani oʻzi – tartibsizlik. Sheʼrda oddiy nutqdagi soʻz tartibi koʻpincha buziladi. Masalan:

 

Novdalarni bezab gʻunchalar,

Tongda aytdi hayot otini.

 

misrasini oddiy ogʻzaki nutq shakliga oʻgirsak, “Gʻunchalar tongda novdalarni bezab, hayot otini aytdi” degan jumla hosil boʻladi. Taʼsiri, jozibasi yoʻqoldi, shundaymi?

Sheʼr talab qiladigan tartibsizlikning ham oʻz tartibi bor. Shunchaki soʻz oʻrnini almashtirib qoʻyish bilan sheʼr hosil boʻlmaydi. Tartibdagi sheʼrni sheʼr qiluvchi uygʻunlik, izchillik ritmdir.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.