Ayb kimda?
Bir kishi xotini oldingiday yaxshi eshitmayotganini payqab qoldi. Bundan tashvishga tushdi, balki qulogʻiga maxsus eshitish uskunasi taqishi kerakdir deb ham oʻyladi. Shunday mulohazalar bilan doʻxtir huzuriga yoʻl oldi. Har holda mutaxassis bilan maslahatlashgan yaxshi-da.
Uning arzini tinglagan shifokor bir sinov usulini oʻrgatdi:
– Xotiningizdan qirq qadam narida turasiz, odatdagi suhbat tovushida gapirib koʻrasiz. Agar eshitmasa, masofani oʻttiz qadamga qisqartirasiz. Yana boʻlmasa, yigirma qadam. Xullas, sizni eshitguncha yaqin boraverasiz.
U bu tajribani oʻsha kun oqshomdayoq qoʻllashga kirishdi. Xotini oshxonada kuymalanib yurganini koʻrgach, qirq odim nariga bordi-da:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz? – dedi.
Javob yoʻq. Odam masofani oʻttiz qadamga qisqartirib, savolini qaytardi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Yana javob yoʻq. Endi yigirma metr masofada turib soʻradi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Nahotki! Yana javob boʻlmadi-ku!
Er oshxona eshigi yaqiniga keldi-da, soʻrovini tagʻin takrorladi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Tavba-tavba! “Nima balo, ayolimning qulogʻi tom bitganmi?!” deb oʻyladi u. Bu safar xotiniga judayam yaqin keldi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Va nihoyat shu gal ayoli javob berdi:
– Dadajonisi, beshinchi MARTA qaytaryapman: osh damlayapman, osh.
Biz koʻpincha muammoni qarshimizdagi kishilardan axtaramiz. Balki ayb oʻzimizdadir. Buni esa xayolimizga ham keltirmaymiz. Oqil odamning eng ustun jihatlaridan biri boshqalarning emas, oʻzining nuqsonlarini oʻylashi va ularni toʻgʻrilashidir.
Orif Tolib
“Hidoyat” jurnalining 2015-yil 1-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.