Taktika

Taktika

Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi deb atalgan viloyatida daraxt kesish boʻyicha navbatdagi jahon chempionati oʻtkazildi. Finalga kanadalik va norvegiyalik kesuvchi chiqdi.

Ularning har biriga alohida oʻrmon maydoni ajratildi. Ertalab sakkizdan kechki soat toʻrtgacha kim koʻp daraxt kessa, oʻsha gʻolib boʻlishi belgilandi. Sakkizda hushtak chalindi va ikkovlon shaxt bilan ishga kirishdi. Ular bir daraxtni yiqitib, ikkinchisiga yugurar, daraxtlar adadini iloji boricha koʻpaytirishga urinardi. Bir payt kanadalik kesuvchi sherigi tomon tinchib qolganini payqadi, bu qulay imkoniyatdan foydalanib qolish uchun yanada gʻayratga mindi.

Soat toʻqqiz boʻlganda norvegiyalik yana ishga tushdi. Raqiblar oldingiday tinimsiz daraxt kesar, gursillab yiqilgan ogʻochlarning ovozi ketma-ket eshitilib turardi. Soat oʻnta kam oʻnda norvegiyalik yana ishini toʻxtatdi. Kanadalik esa raqibining sustkashligidan bu safar ham foydalanib qolish uchun ishlashda davom etdi.

Roppa-rosa oʻnda norvegiyalik qayta ish boshladi. Oʻnta kam oʻn birgacha toʻxtov nimaligini bilmadi. Kanadalikning yuragi borgan sari hapriqib ketar, yaqinlashib kelayotgan gʻalaba quvonchi butun vujudini qamrab olgandi. Bellashuv kun boʻyi shu tartibda davom etdi. Norvegiyalik har soatda oʻn daqiqa toʻxtar, kanadalik esa ishlardi.

Nihoyat musobaqa tugaganini bildiruvchi hushtak chalindi. Kanadalik kesuvchi gʻolib boʻlganiga yuz foiz ishonar, oʻzida yoʻq shod edi. Biroq hisob-kitoblar uning yutqazganini koʻrsatdi. Natijadan hayratga tushgan kanadalik:

– Qanaqa qilib bunday boʻldi? – dedi norvegiyalikka. – Axir har soatda oʻn minutga ishni toʻxtatding. Eshitib-bilib turdim. Mendan koʻproq daraxt kesishga qanday ulgurding? Tasavvurga sigʻmaydi, boʻlishi mumkin emas!

– Aslida hammasi juda oddiy, – dedi norvegiyalik. – Toʻgʻri, men har soatda oʻn daqiqa hordiq chiqardim. Sen daraxt kesish bilan band boʻlgan mana shu oʻn daqiqada men har safar boltamni oʻtkirlab oldim.

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

“Yosh kuch” jurnalining 2017-yil 5-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.