“Azaldan”: azal nima?

“Azaldan”: azal nima?

Bu soʻz tilimizda tez-tez uchrab turadi, lekin uning asl mazmun-mohiyatiga deyarli eʼtibor bermaymiz. Shuning uchun uni baʼzida xato qoʻllaymiz.

Soʻzning ildizi Islom dini bilan bogʻliq. Azal boshlanishi yoʻqlik boʻlgan, ibtidosi boʻlmagan zamon, hali maxluqot, jumladan, odamzod yaratilmagan paytni anglatadi. Bizning taqdirimiz ana shu azalda bitib qoʻyilgan. Shu sababli taqdiri azal deyiladi. Azalning ziddi abad – oxiri yoʻq zamondir.

Azal soʻzining maʼnosi oʻzbek tilida oʻzgarishlarga uchragan. Masalan, azalgi, azaldan soʻzlari uzoq zamonlardan davom etib kelayotgan, uzoq tarixga ega boʻlgan; qadimgi; eskidan, qadim zamonlardan beri kabi maʼnolarni anglatadi.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, soʻzga juda olis oʻtmish maʼnosi yuklangan. Yaqin tarixga, yuz-ikki yuz yillarga nisbatan bu soʻzni qoʻllamagan maʼqul.

 

📌 Demak,

 

Men bu asarni koʻpdan beri qidirib yurardim. ✅

Men bu asarni azaldan qidirib yurardim. ❌

 

Xalqimiz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini eʼzozlaydi (yoki eʼzozlab keladi). ✅

Xalqimiz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini azaldan eʼzozlaydi. ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube