Bagʻdodmi yoki Bogʻdod?
Bu toponimni yozishda koʻp xato qilinadi. Xoʻsh, aslida qanday yozgan toʻgʻri?
Iroq poytaxti Bagʻdod nomi uzoq tarixga ega. Bu nom miloddan oldingi IX asrlarga oid ossuriy mixxatlarida uchraydi. Bagʻdod shahri oʻrnida qadimdan odamlar yashab kelgan.
Bagʻdod toponimining kelib chiqishi haqida har xil qarashlar bor. Vikipediyaga koʻra, u oʻrta fors tilidagi bogʻ va dod soʻzlaridan olingan boʻlib, Xudo bergan, Xudoning inyomi maʼnosini anglatadi. Qadimgi fors tilida bogʻ soʻzi Xudoni anglatgan. Bu soʻz slavyanchada bog, hindchada bhag koʻrinishiga ega boʻlgan.
Bogʻ soʻzi qatnashgan boshqa tonimlar ham bor. Afgʻonistondagi Bogʻlon va Bagram, Erondagi Bogʻshan, Gruziyadagi Bagdati shaharlari nomida katta ehtimol bilan ana shu bogʻ soʻzi qatnashgan.
Boshqa bir kamroq tarqalgan variant ham bor: bogʻ – bogʻ, dod – berilgan. Yaʼni sovgʻa qilingan, inyom etilgan bogʻ maʼnosida.
Hozirgi Bagʻdod shahriga VIII asrda abbosiy xalifa Abu Jaʼfar Mansur asos solgan. U shaharni Madinatus Salom – tinchlik shahri deb ataydi. Biroq oddiy odamlar shaharni shu joylarning eski nomi bilan atashda davom etadi. XI asrga kelib Bagʻdod shaharning asosiy nomiga aylanadi.
Shahar nomi fors tilidan arab tiliga oʻtgan va tovush oʻzgarishlariga uchragan. Oʻzbek tiliga arabchadan kirgan.
Fargʻona viloyatidagi tumanlardan birining markazi ham Bagʻdod deb ataladi. Bagʻdod shaharchasi 1894–1962-yillarda Serovo deb nomlangan. Mahalliy xalq, asosan yoshi kattalar orasida shaharchani baʼzan shunday atash hozir ham uchrab turadi.
Milliy ensiklopediyada ham, ensiklopedik lugʻatda ham Iroq poytaxti va Fargʻonadagi tuman nomi Bagʻdod shaklida berilgan.
📌 Demak:
Bagʻdod shahri, Bagʻdod shaharchasi, Bagʻdod tumani ✅
Bogʻdod shahri, Bogʻdod shaharchasi, Bogʻdod tumani ❌
Orif Tolib