Mixxat nima?
Bu soʻz mix va xat soʻzlari qoʻshilishidan hosil boʻlgan. Qadimgi Old Osiyoda qoʻllangan, mix yoki ponachalarga oʻxshash belgi-harflari loy taxtachalarga oʻyib yozilgan ideografik yozuv turini bildiradi.
Milliy ensiklopediyaga koʻra, bu yozuvni miloddan oldingi 3-mingyillik boshlarida shumerlar yaratgan. Bunda ayrim buyumlar va umumiy tushunchalarning nomi rasmlar bilan ifodalangan. Masalan, oyoq tasviri yurish, turish, olib ketish maʼnolarini
anglatgan. Bunday belgilar miqdori 1000 tagacha yetgan. Shumer mixxati dastlab yuqoridan pastga, keyinchalik gorizontal holda – chapdan oʻngga qarab yozilgan.
Vaqtlar oʻtishi bilan yozuv takomillashgan, belgilari kamaygan va boshqa xalqlar orasida ham yoyilgan.
Mixxatda yozilgan juda koʻp bitiklar oʻrganilgan, mazmuni bugungi tilga oʻgirilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.