Baliqdan balchiqqa, balchiqdan Balxashga
Etimologiya juda qiziqarli soha. Soʻzlarning boshidan kechirganlari, sarguzashtlari haqidagi fan deyish mumkin. Biror soʻzning tarixini oʻrganib, qiziq hikoya oʻqiganday boʻlasiz. Bal oʻzakli soʻzlar ham ana shundaylar sirasiga kiradi.
Shavkat Rahmatullayev qalamiga mansub “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati” kitobida aytilishicha, bal qadimgi turkiy tilda namlik, suv maʼnosini anglatgan. Baliq soʻzi bal soʻziga –ы (qisqa i) qoʻshimchasini qoʻshib feʼl yasash, soʻng unga –q qoʻshimchasini qoʻshish orqali hosil qilingan va suvda yashaydigan jonivor maʼnosini anglatgan.
Baliq soʻzi turli fonetik oʻzgarishlarga uchrab, bir qancha slavyan va bolqon tillariga oʻtgan. Jumladan, bolgar, serb, rumin, rus, ukrain kabi tillarda baliq va uning turi maʼnosini beradi. Volga va Don daryolari havzalarida Baliqli nomli bir nechta daryo va irmoqlar bor.
Balchiq soʻzi ham xuddi shu oʻzakdan. “Tuproqning suyuq loy holati” maʼnosini ifodalovchi bu ot bal soʻziga kuchaytirish maʼnosini ifodalovchi –chы va –q qoʻshimchalarini qoʻshish orqali yasalgan.
Eski Moskvada Balchuk nomli tuman bor ekan. Balki, bu hudud bir paytlar doim loy-balchiq boʻlib yotgandir. Olimlar bu toponim etimologiyasini turkiy balchiq soʻzi bilan bogʻlashadi.
Balxash – Qozogʻistondagi koʻl nomi. Balxash soʻzining ildizi ham bal oʻzagiga boradi. Mashhur tilshunos Maks Fasmerga koʻra bu koʻlning nomi yoʻsin bilan qoplangan botqoq joy, botqoqdagi yoʻsin, balchiq, loy maʼnolarini beradi. Yoʻsin bu – zax yerlarda, hatto tosh va daraxtlar ustida ham paydo boʻlib qoladigan, yuzani qoplab oladigan mayda yashil oʻsimlik.
Qardosh turkiy tillarda bal oʻzakli boshqa soʻzlar ham bor.
Qadimiy turkiy tilda shahar, kent maʼnosidagi baliq soʻzi keng qoʻllangan. Lekin u shakldosh, xolos, aslida umuman boshqa soʻz. Xonbaliq, Boʻrbaliq, Beshbaliq kabi toponimlarda aynan ana shu baliq ishlatilgan.
Orif Tolib